Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Qatar dunyodagi uchinchi yirik tabiiy gaz zaxiralariga ega va yalpi ichki mahsuloti aholi jon boshiga (104 ming dollar) eng yuqori davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat aholisi 2,7 million kishi, yalpi ichki mahsuloti esa yiliga 274 milliard dollarni tashkil etadi. So‘ngi yillarda O‘zbekistonning mazkur mamlakat bilan munosabatlari sezilarli rivojlanib bormoqda va yangi bosqichga chiqmoqda deyish mumkin.

Foto: O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati

Qatar va O‘zbekiston munosabatlari

Qatar O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 30-dekabrda tan olgan bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonnoma 1997-yil 27-noyabr kuni Turkiyada imzolangan.

Birinchi prezident Islom Karimovning 2010-yil 23-24-noyabr kunlari Qatarga amalga oshirgan rasmiy tashrifi mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishi uchun poydevor bo‘lgandi. Bugungi kunda ushbu hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanib, yangi bosqichga ko‘tarildi.

Xususan, O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan beri birinchi marta Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi Toshkentga yuborildi. 2023-yil 12-aprel kuni Qatarning O‘zbekistondagi elchisi Hasan Hamza Hoshim ishonch yorliqlarini topshirdi.

Foto: O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati

2023-yil 7-mayda esa ushbu mamlakatning Toshkentdagi elchixonasi ochildi. Shu paytga qadar, O‘zbekiston Qatar bilan aloqalarini Moskvadagi ushbu davlatning elchixonasi orqali yuritib kelgandi. Endilikda esa o‘zaro munosabatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshadigan bo‘ldi. Qatarning O‘zbekistonda elchixona ochib, elchi yuborishining ijobiy hodisa ekani ko‘plab siyosatshunoslar tomonidan ham eʼtirof etildi.

2019-yil 15-iyun kuni Dushanbeda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning V sammiti, 2022-yil 5-fevral kuni Pekin shahrida qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi hamda 2022-yil 13-oktyabrda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning VI sammiti doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar amiri shayx Tamim ibn Hamad al Soniy o‘rtasida samimiy muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

Foto: O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati

2023-yil 5-6-iyun kunlari Qatar amiri O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. Shavkat Mirziyoyev va Tamim ibn Hamad al Soniy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar tarixiy ahamiyat kasb etib, ikki tomonlama munosabatlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Samarqandda o‘tkazilgan sammitda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida 15 ta hujjat qabul qilindi. Shuningdek, energetika, neft-kimyo, kimyo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va turizm yo‘nalishlarida sanoat kooperatsiyalarini o‘rnatish va boshqa muhim sohalarda amaliy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan umumiy qiymati 10 milliard bo‘lgan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.

Foto: O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati

Shundan keyin ikki davlat rahbarlari 2023-yilning 19-iyul kuni Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi” davlat rahbarlarining birinchi sammitida hamda 20-avgust kuni Budapesht shahrida o‘tkazilgan yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatiga tashriflari chog‘ida uchrashib, muloqotlar o‘tkazdi.

Shuningdek, o‘tgan 7 yil davomida ikki davlat hukumatlarining vakillari, xususan, tashqi ishlar vazirlarining ko‘plab uchrashuvlari tashkil etildi. O‘zaro muloqotlarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

2023-yil 18-iyul kuni O‘zbekistonning Qatar davlatidagi elchixonasini taʼsis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Hozirda O‘zbekistonning ushbu davlatdagi vakolatxonasini ochishning tashkiliy ishlarini amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruh Doha shahriga yuborilgan.

Foto: O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati

Iqtisodiy hamkorlik

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar jadallashib bormoqda. Jumladan, 2022-yil o‘zaro savdo hajmi 4,8 million dollarni tashkil etdi. 2023-yil yanvar-avgust oylaridagi o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 4,5 million dollarga teng bo‘ldi.

2018-yilning 16-18-iyulida Qatar Tashqi ishlar vazirligi Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik departamenti boshlig‘i Xolid Ibrohim al-Hamar boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasida muzokaralar o‘tkazildi.

2021-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan tender natijalariga binoan, Qatarning Nebras Power kompaniyasi Fransiyaning EDF va Yaponiyaning Sojitz Corporation shirkatlari bilan birgalikda tuzilgan konsorsium tarkibida Sirdaryoda issiqlik elektrostansiyasini qurish loyihasida ishtirok etmoqda. Loyihaga asosan quvvati 1600 MVt bo‘lgan mazkur elektrostansiyaga 1,2 milliard dollar investitsiya kiritilishi va 2024-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

2022-yil 24-26-mart kunlari bo‘lib o‘tgan “Toshkent xalqaro investitsiya forumi” doirasida Nebras Power va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida bitim imzolandi.

2021-yilning 6-8-aprel kunlari Qatar fuqarolik aviatsiyasi va Qatar Airways kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiyaning Toshkentga tashrifi davomida ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi Havo qatnovi to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyorlash hamda Doha—Toshkent—Doha yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

2023-yil 8-9-may kunlari investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi delegatsiyani Dohaga tashrifi amalga oshirildi. Tashrif doirasida Qatarning qator vazirlik va yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi delegatsiyasining 2017-yilning 17-18-oktyabrida Dohaga tashrifi doirasida Qatar Futbol uyushmasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

2018-yilning 6-10-sentyabr kunlari Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan Maqom sanʼati xalqaro forumida Qatarning Al-Arabia gazetasi muxbiri Ismoil Tallaiy ishtirok etdi.

Qatarning Al-Jazeera media korporatsiyasi bilan muntazam hamkorlik qilib kelinmoqda. Xususan, Al-Jazeera telekompaniyasi vakillari 2019-yilning 21-23-fevral kunlari Buxoroda bo‘lib o‘tgan ziyorat turizmi Birinchi xalqaro forumida ishtirok etdi. Tashrif yakuni bo‘yicha 2019-yilning aprel oyida Al-Jazeera telekanalida O‘zbekistonning turistik salohiyati, madaniy, ilmiy va maʼnaviy merosiga bag‘ishlangan bir qator maxsus ko‘rsatuvlar namoyish etildi.

Koronavirus pandemiyasi davrida Qatarning “Josim va Hamad ibn Josim xayriya jamg‘armasi” tomonidan “Mehr-shafqat va salomatlik” fondiga 200 ming dollar, “Qatar xayriya jamg‘armasi” respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qoraqalpog‘iston bo‘limiga 200 ming dollar miqdorida beg‘araz moliyaviy yordam ajratdi.

2020-yilning 5-dekabrida Qatar Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Josim Roshid al-Buaynayn boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 2021-yilning 25-may kuni O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi va Qatarning KATARA madaniyat jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan.

2022-yilning 24-sentyabr—5-oktyabr kunlari Doha shahrida O‘zbekiston madaniyat kunlari doirasida O‘zbekiston davlat simfonik orkestrining konserti, “Hunarmand” uyushmasi vakillarining mahsulotlari ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston xalqaro Islom sivilizatsiyasi markazi va Qatar milliy kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Qatarga tashrif

Foto: O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati

Bugun, 1-oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Qatarga davlat tashrifi bilan jo‘nab ketdi. Mazkur tashrif joriy yil yakuniga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan muhim tadbirlardan biri hisoblanadi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari ushbu mamlakatda 1—2-oktyabr kunlari bo‘ladi. Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi hamda “Expo Doha—2023” — “Yashil sahro, yanada yaxshi atrof-muhit” xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etish ko‘zda tutilgan.

Bo‘lajak muzokaralarda yetakchilar O‘zbekiston—Qatar hamkorligining holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadi.

Davlat tashrifi yakunida turli sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »