Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Samarqand shahrida 1-oktyabr kuni boshlangan Markaziy Osiyo ekofaollari ishtirokidagi ekologik forum yakunlandi. Yopilish marosimi Samarqand sayyohlik markazidagi Samarkand Regency mehmonxonasida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroatxon Mirziyoyeva hamda Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etdi.

Yopilish marosimida so‘zga chiqqan Ziroatxon Mirziyoyeva barcha ishtirokchilarga rahmat aytib, mintaqadagi ekologik vaziyatga barcha masʼul ekanini taʼkidladi.

Marosimda asosiy urg‘u kutilganidek ekologiya mavzusiga qaratildi. Badiiy qismda Orol fojiasi haqida mulohazaga undovchi ajoyib sahna ko‘rinishiga uyg‘unlashgan videorolik eʼlon qilindi. Sahna ko‘rinishi boshida suvga to‘lgan dengiz tasvirlari, oxirida esa dengizning qaqragan sahroga aylangani ko‘rsatildi. Sahna ko‘rinishini nutqiy nuqsoni bo‘lgan yosh yigit-qizlar maromiga yetkazib ijro etishdi. Tomoshabinlar esa ularni maxsus jestlar bilan qo‘llab-quvvatlashdi.

Jurnalist, ekofaol Nikita Makarenko va Jenisbek Piyazov ishtirokidagi navbatdagi chiqish ham Orol mavzusiga bag‘ishlandi. Klipda Orol to‘ldi va qo‘shiqdan so‘ng yosh qizaloq Orol fojiasi haqida so‘zlagan taʼsirli monologida dengiz to‘lgani ijodkorlarning orzusi ekani aytildi. “Orol to‘ladimi? Buni sayyoramiz biladi”, deb tugatildi monolog.

Keyinchalik O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston yoshlari o‘z mamlakatlarida iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash doirasida nima ishlar qilinayotganini taqdimot qilib berishdi. Ayniqsa o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik yoshlarning chiqishlari mehmonlarda yaxshi taassurot qoldirdi.

Barcha davlat vakillari chiqishidan avvao Kamoliddin O‘rinboyev dirijerligidagi orkest o‘sha millatning mashhur musiqalarini chalib turishdi. Ekranda esa davlat bayrog‘i va o‘sha mamlakatning mashhur ekomanzillari ko‘rsatib turildi. Shuningdek, mintaqa davlatlari milliy qo‘shiqlari jonli ijroda kuylab turildi. Masalan, O‘zbekiston ekofaollari taqdimotga chiqishidan avval orkestr o‘ziga xos terma musiqa chalishdi.

Ekoforum yopilish marosimida uch kun davomida guruhlarga bo‘linib, mintaqa eko hayotini yaxshilash bo‘yicha o‘z g‘oyalarini muhokama qilgan ishtirokchilar oxirgi kunda martabali mehmonlar, YUNISEF rahbariyati vakillari, ekoekspertlar qarshisida saralab olingan yakuniy takliflarini bildirishdi.

Ishtirokchilar uch kunlik muhokamalardan keyin quyidagi takliflarni ilgari surishdi:

  • Davlatlar ekoloyihalarni moliyalashtiruvchi font tashkil qilishi kerak;
  • Markaziy Osiyodagi biznes ekologik talablarga muvofiq ishlashi shart;
  • Mintaqa yoshlari ekologiya bo‘yicha qonunchilik ishlab chiqishda va mavjud qonunlarga tuzatish kiritishda qatnashishi kerak. Ularning ovozlari inobatga olinishi, ekologiya vazirliklari qoshida yoshlar qo‘mitasi tashkil qilinishi, ekoqonunlar yoshlar ishtirokisiz chiqarilmasligi lozim;
  • Yoshlarga ekologiya mavzusida fikr almashish uchun platforma kerak;
  • Yoshlarning volontyor ekani o‘qishga kirayotganda inobatga olinishi kerak;
  • Bolalar bog‘chalarida yashil burchaklar tashkil etib, bolalar ekoxabardorligini oshirish uchun bu mavzudagi multfilmlarni ko‘paytirish;

Yuqori saviyada tashkil etilgan yopilish marosimining badiiy qismi afsonaviy amerikalik sanʼatkor Maykl Jeksonning Earth Song (Sayyora nolasi) qo‘shig‘i bilan yakunlandi.

Ziroat Mirziyoyeva haqida

O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Mahmudovna 1964-yil 4-dekabrda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1986-yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini (hozirda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti) muhandis-iqtisodchi ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan.

2020-yildan buyon O‘zbekistonda ochiq va inklyuziv muhitni yaratish orqali aholining yordamga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish, sog‘liqni saqlash va taʼlimni rivojlantirish masalalari bo‘yicha qator xayriya loyihalarini amalga oshirayotgan “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisidir.

Fond faoliyatining ustuvor yo‘nalishi atrof-muhitni muhofaza qilishdan iborat. Ko‘kalamzorlashtirish, havo sifati monitoringini avtomatlashtirish, tabiiyresurslardan oqilona foydalanish, yoshlar orasida ekologik taʼlimni rivojlantirish, olis hududlarda toza ichimlik suvi bilan taʼminlash kabi masalalar bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ziroat Mirziyoyeva ijtimoiy va ekologik sohalardagi dolzarb masalalarga ko‘proq eʼtibor qaratish maqsadida ham milliy, ham xalqaro darajada qator tadbirlarni o‘tkazmoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »