Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda 65 nafar bolaning o‘limiga sababchi deya qaralayotgan “Dok-1 Maks” siropini ishlab chiqaruvchilarning mamlakatdagi vakili — Quramax Medical MCHJ vakillari ishlab chiqaruvchining dorixonalarda qolayotgan boshqa dorilari sotilishiga ruxsat so‘ramoqda. Bu haqda “Dok-1 Maks” sudining 6-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida hindistonlik sudlanuvchining advokati Davron Ahmadov xabar berdi. 

Foto: “Daryo”

Advokatning ma’lumot berishicha, MCHJ vakillari, xususan Davron Ahmadovning o‘zi ham advokat sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligiga rasmiy xat bilan murojaat qilib, ishlab chiqaruvchining “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilaridan boshqa dorilarining sotilishiga ruxsat so‘ragan. 

Biz advokatlik so‘rovi bilan vazirlikka murojaat qilib, ishlab chiqaruvchining 10 milliard so‘mlik soliq qarzdorligi borligini, ayni paytda MCHJ ishlamayotganini, faoliyati to‘xtatilganini, ammo qarzdorliklari yuzaga kelganini aytib, ishlab chiqaruvchining dorixonalarda qolayotgan boshqa dorilari sotilishiga ruxsat so‘rayapmiz. Vazirlik Quramax Medical MCHJning guvohnomasi yo‘q degan javobni bermoqda. Shu masalaga e’tibor qaratib, yordam berilishini so‘raymiz, — dedi advokat.

Davron Ahmadovning “Daryo” jurnalistiga qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistondagi dorixonalarda ishlab chiqaruvchilarning 50 turdan ortiq, qiymati 28 milliard so‘mlik dorilari bor va ularning sifatsizligini, sog‘liq uchun zararli ekanini tasdiqlovchi faktlar yo‘q. 

Bu holat sudda ham ko‘rib chiqildi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi MCHJning barcha dorilari sifatsiz, sog‘liq uchun zararli, ularni yo‘q qilish kerak degan da’vo bilan sudga murojaat qilgandi. Dastlabki instansiya ushbu talabni qondirib, hindistonlik ishlab chiqaruvchilarning nafaqat “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilarini, balki barcha dorilarini yo‘q qilish haqida qaror chiqardi. Biz bunga e’tiroz bildirib, appelyatsiya tartibida shikoyat qildik.
Appelyatsiya instansiyasi ham birinchi instansiya qarorini ma’qulladi. Shundan so‘ng, kassatsiya tartibida shikoyat qilib, yana huquqimizni himoya qildik. Va sudda mas’ullarning faqatgina “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilarining iste’mol uchun yaroqsizligini tasdiqlovchi hujjatlari borligini, boshqa dorilarning sifatsizligini, iste’mol uchun yaroqsizligini isbotlovchi hujjatlar yo‘qligini bildirdik. Sud buni inobatga olib, ishlab chiqaruvchilarning boshqa dorilari sotilishiga ruxsat berdi. Ammo vazirlik Quramax Medical MCHJning guvohnomasi yo‘q deb, O‘zbekistondagi mavjud dorixonalarda qolayotgan 50 turdan ortiq, qiymati 28 milliard so‘m bo‘lgan dorilar sotilishiga ruxsat bermayapti, — deydi Davron Ahmadov.

Advokatning qo‘shimcha qilishicha, uning advokatlik so‘rovlariga vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova rad javobini bermoqda. 

Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi va uning O‘zbekistondagi rasmiy vakili Quramax Medical MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi 2022-yilning 30-dekabrdan boshlab vaqtincha to‘xtatilgandi. 

“Dok-1 Maks” dori vositasining savdosi esa 2022-yilning 22-dekabridan vaqtincha to‘xtatilgandi. Hamda Quramax Medical MCHJga realizatsiya qilingan dorixonalardagi qoldiq dori vositalarini qaytarib olish va dorixonalarga mazkur dori vositasini yetkazib beruvchi distribyutorga zudlik bilan qaytarish choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berilgandi. Ushbu dori vositalari respublikadagi barcha dorixonalardan tezkorlik bilan yig‘ib olingani xabar berilgandi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »