Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda 65 nafar bola o‘limiga sababchi deya qaralayotgan “Dok-1 Maks” siropi bo‘yicha 2023-yilning 11-avgust kuni boshlangan sud 2023-yilning 6-oktyabr kuni 21 nafar sudlanuvchining tergovini tamomladi. Bu haqda sudda qatnashgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Foto: “Daryo”

O‘zbekistonliklar 2023-yilning 10-avgustiga qadar Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi sabab mamlakatda 21, nari borsa 22 nafar bolaning o‘limi yuz bergani haqidagi ma’lumotga ega edi. O‘sha kunga qadar vafot etgan bolalar soniga aniqlik kiritilmagandi. Oliy sud matbuot xizmati 2023-yilning 10-avgust kuni “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan ma’lumotlarni ochiqlab, bu dori 65 nafar bolaning o‘limiga sababchi bo‘lganini bildirdi. Va mazkur ish 2023-yilning 11-avgustidan boshlab Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqilishini qo‘shimcha qildi. 

Foto: “Daryo”

“Dok-1 Maks” ishida jami 21 nafar sudlanuvchi mavjud bo‘lib, dastlab ularning 7 nafariga, 2023-yilning 22-sentyabridan boshlab yana bir nafar, jami 8 nafar sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 184, 28,186-3, 186-3, 25,205, 205, 207, 28,209, 209, 210, 211, 212, 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanmoqda. 

Foto: “Daryo”

Sud va OAV vakillari bilan bog‘liq jarayon 

Foto: “Daryo”

Oliy sud “Dok-1 Maks” ishi bilan bog‘liq jarayon ochiq sud majlisi tartibida ko‘rib chiqilishini e’lon qilgach, barcha OAV vakillarida sud jarayonini jamoatchilikka ko‘rsatib borish ishtiyoqi tug‘ilgandi. Dastlabki sud majlislarida ayblanuvchilarning advokatlari “Kun.uz” va “Qalampir.uz” nashrini aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilmaslikda ayblagan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay “Gazeta.uz” nashrini jonli efir tashkil qilib, sud jarayonidagi voqealar to‘g‘ridan to‘g‘ri jamoatchilik e’tiboriga havola qilinayotganidan shikoyat qildi. Keyinchalik boshqa advokatlar “Daryo” internet nashrini ham suddagi sirlarni jamoatchilikka oshkor qilib qo‘yishda ayblab, sud jarayonlarini yoritishga to‘siq qo‘yilishini iltimos qilgandi. Shuncha to‘siqlar va e’tirozlarga qaramay, sud hay’ati jarayonlar ochiq va shaffof tarzda jamoatchilikka yetkazilishini ta’minlash maqsadida OAV vakillari faoliyatiga to‘siq qo‘yuvchi iltimosnomalarni asosan rad etdi. Kamchiliklar bo‘yicha esa jurnalistlarga ogohlantirishlar berib, sud jarayonini yoritishda ehtiyotkor bo‘lishni, oldindan xulosa qilib qo‘ymaslikni so‘radi. 

Foto: “Daryo”

21 nafar ayblanuvchining aksariyati aybini tan olmadi

Foto: “Daryo”

“Dok-1 Maks” sudining dastlabki majlislaridanoq sudlanuvchilarning aksariyati o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib chiqdi. Eng birinchi so‘roq qilingan hindistonlik sudlanuvchi Quramax Medical MCHJ direktori S.R.P. suddagi chiqishida aybiga qisman iqrorligini aytib, O‘zbekistonga yana bir inspeksion tekshiruvdan o‘tmagan dorini 33 ming dollar pora berish evaziga kiritishga uringanini tan olgandi. Garchi keyinchalik u bu gapini rad etgan bo‘lsa-da, bu pulning oldi-berdisida asosiy ishtirokchi bo‘lgan sudlanuvchi J.E. 33 ming dollar voqeasi bo‘lganini tasdiqlagandi.

Foto: “Daryo”

Mazkur jinoyat ishida asosiy figurantlardan biri sifatida ko‘rilgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari S.K. ham aksariyat hamkasblari singari unga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi. Shuningdek, “Dok-1 Maks” siropi dastlab 14 nafar bola o‘limiga sababchi bo‘lgani oydinlashgach, siropdan sichqonlarga ham berilgani va dorining zaharlilik darajasi shu yo‘sinda tekshirilganini ochiqladi.

Foto: “Daryo”

Odatdagi tekshiruvlar orqali “Dok-1 Maks”dagi zaharli moddani aniqlab bo‘lmasligi ko‘p marotaba takrorlandi

Foto: “Daryo”

Navbatdagi sudlarning birida advokatlardan biri Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari S.K.ga savol bilan yuzlanib, “Dok-1 Maks” siropi qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazilib, laborotoriya tekshiruvlaridan o‘tganida, undagi zaharli moddani aniqlash imkoni bormidi, deya savol berdi. Sobiq mansabdor esa bu savolga “Yo‘q, baribir shu natija chiqar edi”, deya javob qaytarib, zaharli modda aniqlanmasdan qolishi mumkinligini tan oldi. Va “Laboratoriya sinovi tasdiqlangan normativ hujjatlar asosida o‘tkazilishini inobatga olib aytsak, baribir o‘sha natija o‘sha natija bo‘lardi”, — dedi.

Sobiq mansabdorning bu iqrorini ko‘plab sudlanuvchilar tasdiqlab, O‘zbekistonda o‘rnatilgan odatiy dori tekshiruvlar davomida nafaqat “Dok-1 Maks”, boshqa dorilar tarkibidagi zaharli moddalarni ham aniqlash imkoni yo‘qligini bildirdi. Bu zaharli moddani bilish uchun qo‘shimcha tekshiruv talab qilinishini aytdi. 

Foto: “Daryo”

Tergov organi ruhiy bosim qilgani, qamatib yuborish bilan tahdid qilgani aytildi

O‘tgan ikki oy davomida sudlanuvchilarning aksariyati tergov organiga bergan ko‘rsatmalarini rad etdi va tan olmasligini ma’lum qildi. Sabab sifatida tergovchi tomonidan unga ruhiy bosim bo‘lganini, qamatib yuborish bilan qo‘rqitilganini aytdi. Dastlab so‘roq qilingan M.N. ismli ayol suddagi tergovda dastlabki tergovdagi ko‘rsatuvlariga to‘g‘ri kelmaydigan o‘sha ko‘rsatuvlarini rad etuvchi ma’lumotlarni aytayotganini tergovda unga ruhiy bosim bo‘lgani bilan izohladi.

Foto: “Daryo”

“Bunaqa tergovda birinchi marta ishtirok etishim, qiynoq bo‘lib qiynoqmas, do‘q urishlar bo‘ldi”, dedi. Sudya esa “Sizni haqorat qilishdimi? Aniqroq ayting”, dedi. Bunga javob bergan sudlanuvchi “Ayol kishi uchun baqir-chaqirlar ham ruhiy bosim”, — deydi. 

Tergov organi tomonidan bosimlar bo‘lganini yana ikki nafar sudlanuvchi tilga oldi va dastlabki tergovda aytgan aksariyat ma’lumotlaridan tonishini qo‘shimcha qildi. Sudlanuvchilardan biri hatto oldindan yozib berilgan ko‘rsatmaga qo‘l qo‘ymasa, qamatib yuborish bilan tahdid qilinganini tilga oldi. Sud barcha sudlanuvchilarga agar tergov organi sizga bosim qilgan deb hisoblasangiz, buni tekshirtiramiz, deya bot-bot takrorladi.

Foto: “Daryo”

Sudda samarqandlik shifokorlarni chaqirish so‘raldi

Sud majlisida so‘roq qilingan “Dori vositalari tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKning sobiq mas’uli S.S. suddagi chiqishida samarqandlik shifokorlarni, mas’ullarni sudga chaqirishni so‘radi. U sirop haqida 2022-yilning 15-dekabr kuni Samarqand viloyatdagi Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ma’muriyati tomonidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yuborilganini, xatda “Dok-1 Maks” siropidan zaharlanganlar va vafot etganlar bilan bog‘liq holat shifoxona rahbariyati va shifokorlariga ikki oy ilgari ma’lum bo‘lganini eslatib, “Ular nega ikki oy davomida bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligiga xabar berishmagan? Xabar berishgan bo‘lsa, nega vazirlik bu haqda 2022-yilning oktyabr oyida mas’ul tashkilotlarga xabar bermadi? Murojaat bilan chiqmadi? Shu kabi savollarga javob topish uchun sudga Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullarini ham chaqirtirishni so‘rayman”, — dedi.

Foto: “Daryo”

Mazkur iltimosnomaga javob qaytargan raislik etuvchi sudya Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanganini ma’lum qildi.

“Daryo” “Dok-1 Maks” sudi bilan bog‘liq eng qiziq xabarlarni jamoatchilikka xabar berishda davom etadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »