Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama bo‘layotgan yangilik – aholi uchun elektr energiyasi tariflarini hisoblashda o‘suvchan koeffitsiyentlarning qo‘llanishi masalasida Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev bir qator tushuntirishlar berdi.

U aksariyat aholi uchun gaz va elektr narxlari oshirilmagani, yangi tarifikatsiyaga o‘tishda turli aholi qatlamlarining to‘lov qobiliyati inobatga olinishi hamda isrof qilmaganlarga gaz va elektr energiyasini arzon narxda sotish davom etishini ta’kidladi.

Foto: “Daryo”/Madina Nurman

 

“Avvalo, shuni aytish kerakki, ayrimlar ushbu o‘zgarishlarni bilib-bilmay noto‘g‘ri talqin qilmoqda”, — deya matbuot kotibi ushbu tushunmovchiliklarni sanab o‘tdi:

1. Elektr energiyasi narxlari oshmoqda – xato fikr.
Elektr narxlari o‘zgarmadi – 1 kVt/soat uchun 295 so‘mdan qoldi. Faqat haddan tashqari ko‘p elektr yoquvchilar isteʼmolga qarab ikki, uch yoki to‘rt baravar to‘lov qiladi. Buni farqlab olishimiz kerak, albatta.

2. “Ijtimoiy norma”dan ortiq ishlatganlar ko‘proq to‘laydi – xato fikr.
Bu yerda “ijtimoiy norma” haqida gap ketayotgani yo‘q, balki haddan tashqari ko‘p elektr isteʼmol qiluvchilarni tejamkorlikka undash asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Koeffitsiyentlar haqida Energetika vazirligi Telegram kanalida batafsil tushuntirish berdi. Ko‘rib turganimizdek, o‘suvchi koeffitsiyentlar oyiga 1000 kVt/soat va undan ortiq elektr isteʼmol qiluvchi aholi vakillariga nisbatan qo‘llanadi. Bir so‘z bilan aytganda, bu yerda “Haddan ortiq ishlatsang – ko‘proq to‘laysan” tamoyili ishlaydi.


3. Bu hammaga taʼsir qilishi mumkin – xato fikr.
Hozir mamlakatimiz aholisi bo‘yicha hisoblaganda elektr energiyasi isteʼmolchilari (abonentlar) soni 7 mln 589 mingni tashkil qiladi. Yangi mexanizm ulardan qanchasiga taʼsir qiladi, deb o‘ylaysiz? Bu quyidagi diagrammada ko‘rsatilgan:


Maʼlumotlarga qaraganda, 7 mln 589 mingta abonentdan:
7 mln 442 mingtasi (98 foiz) oyiga 1 000 kVt/soatgacha;
136 mingtasi (1,8 foiz) oyiga 1 001–5 000 kVt/soat oralig‘ida;
6 mingtasi (0,1 foiz) oyiga 5 001–10 000 kVt/soat oralig‘ida;
4 mingtasi (0,1 foiz) oyiga 10 001 kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlatadi.

Bundan ma’lum bo‘ladiki, o‘suvchi koeffitsiyentlar isteʼmolchilarning aksariyat qismi – 98 foiziga mutlaqo taʼsir qilmaydi.

Nima o‘zgaradi?

Ushbu hujjat bilan elektr energiyasi isteʼmolining ijtimoiy meʼyorlari tizimi joriy etilmoqda. Xususan, elektr energiyasi isteʼmoli 1000 kVt/soatgacha bo‘lganda (bir oyga bitta abonent uchun) to‘lov eski subsidiyalangan narxda – 1 kVt/soat uchun 295 so‘mdan amalga oshiriladi. Yaʼni o‘rnatilgan meʼyor doirasida elektr ishlatuvchilar uchun narx oshirilmaydi.
Agar oylik isteʼmol:

1000 kVt/soatdan ortiq bo‘lsa – 2 baravar
5000 kVt/soatdan ortiq bo‘lsa – 3 baravar
10000 kVt/soatdan ortiq bo‘lsa – 4 baravar pul to‘lanadi.

Bu aholiga nima beradi?

1. Ijtimoiy adolat taʼminlanadi.

Hozirgi kunda elektrni kam ishlatuvchilar bilan uni haddan tashqari ko‘p ishlatuvchilar energiya resurslarini bir xil narxda sotib oladi. Misol uchun, oyiga 200-300 kVt/soat isteʼmol qiluvchi xonadon ham, oyiga 1000–2000 kVt/soat isteʼmol qiluvchi xonadon ham elektrga 295 so‘mdan to‘laydi.

Ammo energiya ishlab chiqarish va uni tannarxidan bir necha baravar arzon tarifda aholiga yetkazish uchun uning har bir kVt/soat uchun davlat budjetidan – soliq to‘lovchilar  pulidan milliardlab mablag‘ sarflanmoqda. So‘nggi marta ochiqlangan maʼlumotlarga ko‘ra, bu 970 so‘m (tannarx) – 295 so‘m (sotilayotgan narx) = 675 so‘m atrofida.

“Endi qarang, masalan, siz bir oyda 200 kVt/soat, men esa 1000 kVt/soat elektr yoqamiz. Oddiy arifmetik hisob shundayki, siz 200 x 675 = 135 ming so‘mlik, men esa 1000 x 685 = 675 ming so‘mlik subsidiyadan foydalanyapmiz.

Ko‘rinib turibdiki, bu yerda adolat mezoni buzilgan. Yaʼni, bunda ikkinchi xonadonning energiya isteʼmoli katta va o‘z-o‘zidan u davlatdan ko‘p subsidiya (yordam) olyapti”, — deb tushuntirdi energetika vaziri matbuot kotibi.

2. Bozor qonunlari aholini tejamkorlikka undaydi.

Yangi mexanizm bir necha baravar pul to‘lashni boshlagan har qanday shaxsni elektr energiyasini tejashga, ortiqcha isteʼmolni kamaytirishga majbur qiladi. Biz “Elektrni tejaylik!” deb har kuni targ‘ibot ishlarini olib borishimiz, roliklar tarqatishimiz mumkin. Ammo 10 ming kVt/soat elektr yoqayotgan odam bu ishini davom ettiraveradi. Yangi tizimda bir marta to‘lagandan keyin u yaxshilab o‘ylab ko‘rishi, shubhasiz. Tejamkorlikka motivatsiya beruvchi omillar ichida bozorga yetadigani yo‘q, deya ta’kidlangan tushuntirish bayonotida.

3. Tejamkorlik natijasida isteʼmolning kamayishi tizimga bo‘lgan yuklamani kamaytiradi.

Tejamkorlik ommaviy tus olib, aholi o‘rtasida “energetik menejment” ko‘nikmalari shakllanar ekan, butun respublika miqyosida milliardlab kVt/soat ortiqcha elektr isteʼmoli yo‘q bo‘ladi. Bu esa hozirgi kunda eng jiddiy muammolardan biri bo‘lgan energetika infratuzilmasiga (kabellar, transformatorlar) tushayotgan haddan ziyod yuklamaning pasayishiga olib keladi.

“Ko‘rinib turibdiki, aksariyat aholi uchun narx oshishi deyarli sezilmaydi. Faqat elektrni haddan tashqari ko‘p sarflovchilar uchungina o‘suvchan koeffitsiyent qo‘llanadi. Albatta, elektr energiyasi va gaz narxlarini shakllantirish mexanizmlarini liberallashtirish vaqti allaqachon yetib kelgan. Buni hozirgi energetika va gaz taʼminoti tizimidagi holat, uyimiz, mahallamizdagi ahvol yaqqol ko‘rsatib turibdi. Boshqa yo‘limiz yo‘q”, — deyilgan bayonotda.

Qayd etilishicha, yangi tizim asta-sekin energiya resurslari isteʼmolini individual monitoring qilish ko‘nikmasi shakllanishiga, bu esa sarf-xarajatlarni maqsadli yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »