Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

7-oktyabr kuni ertalab HAMAS kuchlari Isroilga hujum boshladi. HAMAS a’zolarining aytishicha, “Al-Aqsa to‘foni” operatsiyasi davomida Isroil shaharlariga besh mingta raketa uchirilgan, bir necha o‘nlab qurolli kuchlar Isroilning G‘azo sektori bilan chegaradosh aholi punktlariga kirib borgan. Isroil rasmiylari mamlakatga ikki mingdan ortiq raketa kelib tushganini aytmoqda.

G‘azo sektoridan Isroilga uchayotgan raketalar
Foto: AFP

Falastin rahbari Mahmud Abbos Falastin xalqi “Isroil hujumlaridan o‘zini himoya qilish” huquqiga ega ekanini ta’kidladi.

Falastin maʼmuriyati sog‘liqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha, G‘azo sektoriga qilingan hujumlarda kamida 198 kishi halok bo‘lgan, 1 610 dan ortiq kishi jarohatlangan. Vazirlik avvalroq G‘azo sektori shimolidagi kasalxonaga zarba berilganini ma’lum qilgandi.

Isroilning javob zarbasi oqibatlari
Foto: Reuters

Isroil rasmiylarining soat 17:00 dagi ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS hujumida kamida 100 nafar isroillik halok bo‘lgan, kamida 908 kishi jarohatlangan. Qurbonlar orasida kamida bir tibbiyot xodimi bor. Rasmiylar qurbonlar soni ortishini aytdi.

Hujumda halok bo‘lgan isroilliklar
Foto: AP Photo

HAMAS kuchlari 50 ga yaqin isroillik askar asirga olganini ma’lum qildi. Garovga olinganlar G‘azo sektoriga yetkazilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda qurollangan odamlar tinch aholini, jumladan ayollar va keksalarni, shuningdek shikastlangan tank ekipajini majburan olib ketayotgani aks etgan videolar paydo bo‘ldi (ularning haqiqiyligi tasdiqlanmagan).

Shuningdek, HAMAS G‘azo sektori mudofaasiga masʼul bo‘lgan isroillik general-mayor Nimrod Aloniyni garovga olgani ma’lum qilindi. HAMAS a’zolarining aytishicha, garovga olinganlar orasida Isroil armiyasi zobitlari ham bor. Al-Arabiya telekanali xabar berishicha, Isroil va Falastin fraksiyalari vakillari garovga olinganlarning taqdiri bo‘yicha muzokaralarni boshlagan. Isroil armiyasi HAMAS bir necha tinch aholi va harbiy xizmatchilarni garovga olganini tasdiqladi. HAMAS operatsiyasiga qo‘shilgan Falastin Islomiy Jihod tashkiloti garovga olinganlar “Isroil qamoqlaridagi barcha mahbuslarimiz ozod qilinmaguncha ushlab turiladi” deb bayonot berdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat urush holatida ekanini aytdi. Isroil prezidenti Isxak Gersog HAMAS hujumi ortida Eron rasmiylari turganini da’vo qildi. Isroil harbiy-havo kuchlari qiruvchilari G‘azo sektorida HAMAS’ning 21 ta nishoniga: 17 ta harbiy obyekt va to‘rtta qo‘mondonlik markaziga zarba berdi.

Isroilning janubi qismi politsiya tomonidan o‘rab olingan, 20 dan ortiq aholi punktlarida maxsus kuchlar harakatlanmoqda. G‘azo yaqinidagi Nirim shahrida HAMAS’ning to‘qqiz a’zosi o‘ldirilgani aytilmoqda. Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilingani va huquq-tartibot kuchlari uchun ko‘ngillilarni jalb qilish boshlanganini ma’lum qildi. Isroilning sobiq bosh vaziri Naftali Bennet ko‘ngillilar safiga qo‘shildi. 8-oktyabr kuni mamlakatda maktab va bog‘chalar yopiladi. Yevropaning yirik aviakompaniyalari Isroilga parvozlarni bekor qildi yoki qisqartirdi.

HAMAS’ni kimlar qo‘llab-quvvatladi, kimlar qoraladi?

“Tolibon” HAMAS’ning Isroildagi operatsiyalarini qo‘llab-quvvatladi.

“Agar Isroilga qo‘shni musulmon davlatlar bizga u yerdan o‘tish huquqini bersa, biz Quddusni fath qilamiz”, — degan “Tolibon” rasmiysi.

Livan va Ummonda HAMAS’ni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Saudiya Arabistoni keskinlashuv va tinchlik muzokaralarini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Isroilga qarshi bo‘lgan Livanning “Hizbulloh” guruhi G‘azodagi vaziyatni kuzatayotganini va “Falastin qarshilik harakati rahbariyati” bilan aloqada ekanligini ma’lum qildi. Rossiya mojaro tomonlarini bosiqlikka chaqirdi. Eron HAMAS jangarilarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Ayni paytda dunyoning ko‘plab davlatlari, xususan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Niderlandiya va Ukraina HAMAS’ning Isroilga hujumini qoralamoqda. Ushbu harakatlarni Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ham qoralagan. Misr va Turkiya mojaro tomonlarini bosiqlikka chaqirdi. AQSHning Isroildagi elchixonasi vaziyatni “yaqindan kuzatayotganini” aytdi. Pentagon Isroilni o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar bilan ta’minlashini e’lon qildi. 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »