Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Maktablardagi sifatli taʼlim ko‘p jihatdan yaratilayotgan darsliklarga bog‘liq. Yaʼni u taʼlim standartlariga javob berish bilan birgalikda o‘quvchini qiziqtirish va fanga bo‘lgan mehrini uyg‘otishi kerak. Boshlang‘ich sinf darsliklarining tubdan yangilangani nafaqat o‘quvchi va ustozlarni, balki ota-onalarni ham quvontirdi. Ammo ular borasidagi tanqidiy fikrlar ham yo‘q emas. Xo‘sh, 2023/2024-o‘quv yilida taqdim etilgan darsliklar avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi? Bu savolga javob olish maqsadida soha mutaxassislari va ota-onalarning fikrlari bilan o‘rtoqlashdik.

— Bu yil taqdim etilgan boshlang‘ich sinf darsliklari o‘qituvchilar uchun yangilik bo‘ldi. O‘quvchilar kitoblar berilgan kun qanchalik quvonishganini so‘z bilan taʼriflab berib bo‘lmaydi. Haqiqatan ham hozirgi kitoblar avvalgilaridan ancha ustun. Kitobning ko‘rinishi va rang-barang suratlari har bir o‘quvchini o‘ziga qaratoladi. Avvalgi kitoblar ancha qalin va og‘ir edi. Ayni o‘sish davridagi bola uchun bu qator qiyinchiliklarni tug‘dirardi. Yangi darsliklarning choraklarga bo‘lingani o‘quvchini yil davomida ortiqcha yukni ko‘tarib yurishdan xalos qildi, — deydi poytaxtimizdagi 294-maktabning oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Norgul Ikromova.

1—4-sinflar uchun yaratilgan yangi zamonaviy maktab darsliklari 4K modeliga asoslangan innovatsion yondashuvni taqdim etilgan. Ushbu metodologiya bolalarning har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan bo‘lib, quyidagi asosiy kompetensiyalarni o‘z ichiga oladi:
Kollaboratsiya, kommunikatsiya, kreativ fikrlash va kritik fikrlash o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Foto: “Daryo”

— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 726-qaroriga muvofiq taʼlim muassasalarining matbaa mahsulotlari texnik reglament asosida ishlab chiqariladi. Yangi boshlang‘ich sinf darsliklari ana shu texnik reglamentning eng maksimal darajasidan ham yuqori sifatda ishlab chiqarilgan. Bu o‘z navbatida darslikdan uzoq yil foydalanishga sabab bo‘ladi. Ular sifati va chidamlilik darajasi bo‘yicha Yevropa poligrafiyasi standartlariga to‘liq javob beradi. Darslikning vazni, o‘lchami, shriftlari bo‘yicha reglament tasdiqlangan va shu talablardan kelib chiqqan holda ishlab chiqarilgan, — deydi Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Vohid Hamidov.

Yangi darsliklar borasida ota-onalarning fikri qanday? Albatta, fikrlarning rang-barang bo‘lishi tabiiy, ammo Shahnoza Abilova bepul berilayotgan yangi darsliklardan quvonayotganini aytib o‘tdi.

Foto: “Daryo”

— Darsliklar ikki yildan buyon ijara to‘lovisiz berilayotgandan juda quvonyapman. Ilgari xorij tilidagi darsliklar bo‘yicha yetishmovchiliklar bo‘lardi. O‘qituvchilar darslikka qo‘shib, qo‘shimcha adabiyotlar ham sotib olishimizni so‘rashardi. Bu yil bunday muammo umuman bo‘lgani yo‘q. Bundan tashqari, kitoblarning rang-barangligi barcha o‘quvchilar qatori, 3-sinfda o‘qiydigan qizimni ham quvontiryapti. Hatto, 1-sinfda o‘qiyotganida ham har kuni og‘ir kitoblarni ko‘tarib maktabga kelardi. Hozir baʼzan yengil papkasini ko‘rib, “Kam o‘qiysanmi?” deb hayron bo‘laman. Keyin yangi darsliklarning qismlarga bo‘lingani va o‘quvchiga qo‘shimcha yengillik yaratilgani yodimga tushadi, — deydi boshlang‘ich sinf o‘quvchisining onasi Shahnoza Abilova.

Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Vohid Hamidov yangi darsliklarni yaratishda bolalar psixologiyasi ham hisobga olinganini ham taʼkidlab o‘tdi.

Foto: “Daryo”

— Darsliklarni ishlab chiqishda bolalar ruhiy holati ham hisobga olinadi. Ularda ijodkorlar va fikrlash qobiliyatini oshirish uchun rasmlar va illyustratsiyalardan keng foydalanilgan. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bola matnlarga nisbatan, tasvirlar orqali maʼlumotni tezroq qabul qiladi. Shu bois yangi darsliklarni yaratishda matnlar bilan birga, rangtasvirlarga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Yangi darsliklarda oltita grafik qahramonlar bor. Ular dars jarayonida o‘quvchilar bilan g‘oyibona suhbatlashadi, — deydi Vohid Hamidov.

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Norgul Ikromova yangi darsliklar hayotiyligi va jamoa bo‘lib ishlashni oshirishi haqida ham aytib o‘tdi.

Foto: “Daryo”

— Aslida matematikada faqat misol va masalalar emas, balki to‘g‘ri qaror qabul qilish ham muhim ahamiyatga ega. Buning uchun o‘quvchi mantiqiy va tanqidiy fikrlashi kerak. Kitobda shunday o‘yinlar borki, ular o‘quvchini jamoaviy bo‘lib ishlashga o‘rgatadi. Jamoada o‘z fikrini ifodalay olishi esa bolada liderlik qobiliyatini oshiradi. Avvalgi darsliklarda pul bilan bog‘liq mavzular yo‘q edi. 3-sinfning matematika darsligiga esa ana shunday mavzu ham kiritilgan. Undagi masalalar hayotiy misollar bilan berilgani esa o‘quvchini yanada qiziqtiryapti. Ular nafaqat pulning son qiymatiga, balki uni qayerda ishlab chiqarilishi va unda nimalar tasvirlanganiga ham eʼtibor berishadi, — deydi Norgul Ikromova.

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda darsliklar borasidagi tanqidiy postlar ham ko‘zga tashlanyapti. Baʼzi ota-onalar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun tuzilgan matematika darsliklarining o‘ta murakkabligi, undagi masalalar ota-onalar uchun ham qiyinchilik tug‘dirayotgani haqida yozishmoqda. Xo‘sh, bu borada soha mutaxassislarining fikri qanday?

Foto: “Daryo”

— Matematika darsligidagi masalalar tabaqalashtirish ko‘rinishida berilgan, yaʼni ular osonidan bosqichma-bosqich murakkablashib boradi. O‘zim ham ko‘p yillar davomida maktabda dars berganman. Tabiiyki, o‘quvchilarning bilim darajalari turlicha bo‘ladi. Oson ko‘rinishidagi masalalar ko‘p bo‘lgani uchun o‘zlashtirishi yaxshi bo‘lgan iqtidorli o‘quvchilar uchun qo‘shimcha adabiyotlardan foydalanishimizga to‘g‘ri kelardi. Yangi chop etilgan matematika darsligida esa o‘qituvchi o‘quvchisining bilim darajasiga qarab, misollarni taqsimlab berishi mumkin. Har bir o‘quvchi barcha masalalarni yechimini topishi shart emas. Ularni darsdan tashqari, mustaqil bajarsa ham bo‘ladi, — deydi Vohid Hamidov.

Yangi ko‘rinishdagi matematika darsligi o‘qituvchiga qiyinchilik tug‘dirmaydimi? Agar o‘quvchilarga barcha misol va masalalarni yechish majburiy bo‘lmasa, baholash tizimi qanday amalga oshiriladi. Bu savolga Norgul Ikromova quyidagicha javob berdi.

— Kundan kunga iqtidorli o‘quvchilar ko‘payib boryapti. Ilgari darslikdan tashqari, yana boshqa adabiyotlardan foydalanishga majbur bo‘lardik. Iqtidorli o‘quvchi 45 daqiqalik dars davomida o‘n ikkita misol va masalani yecholadi. Chunki unga bittasini tushuntirsangiz, qolganini o‘zi bajarib ketaveradi. Ammo sinfda yaxshi o‘zlashtirolmaydigan o‘quvchilar ham bor. Masalan, sinfda to‘rtta ana shunday o‘quvchi bo‘lsa, unga 6-8 ta misol beraman va javoblariga qarab baholayman, — deydi Norgul Ikromova.

Bloger Isroil Tillaboyev yangi darsliklar borasidagi tushunmovchiliklarni bartaraf etish borasida o‘z mulohazalarini aytib o‘tdi.

Foto: Skrin

— Ota-onalarning darslik kitoblariga beeʼtibor emasligi meni quvontiryapti. Ijtimoiy tarmoqlarda yangi darsliklar borasidagi tanqidiy fikrlarni o‘qidim. Menimcha, muammoni hal etish uchun darslik mualliflari o‘qituvchilar uchun seminarlar o‘tishi kerak. Kitob mualliflari bilan gaplashsangiz, ular o‘z maqsadini tushuntiradi. Ayrim o‘qituvchilar esa dars vaqtida ulgurmayotgani, bolalar o‘zlashtirolmayotgani haqidagi vajlarni keltirib o‘tadi. Demak, mualliflar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi bog‘lovchi zanjir ulanmagan, — deydi bloger Isroil Tillaboyev.

Oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Norgul Ikromova eski darsliklarda nazariy maʼlumotlar ko‘p bo‘lgani va ayrim jihatlari sayoz bo‘lgani haqida aytib o‘tdi.

— Matematika faqatgina misol va masalaga asoslangan fan emas. Unda tanqidiy fikrlab, mulohaza yuritib qaror qilinishi kerak bo‘lgan jihatlar ham bor. Bu borada eski darsliklar sayoz edi. O‘quvchilarimiz ijod yoki Prezident maktablariga tayyorlanayotganda qiynalardi. Ularni imtihonga tayyorlashda qo‘shimcha adabiyotlarni izlashga majbur edik. Yangi darsliklar esa matematikaning barcha ustunliklarini o‘z ichiga olgan. Faqatgina o‘qituvchi o‘z ustida ishlab, uni o‘quvchiga to‘g‘ri tushuntira olishi kerak, — deydi Norgul Ikromova.

Videoni to‘liq holda tomosha qiling:

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »