Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda kamida 65 nafar bolaning o‘limiga sababchi deb qaralayotgan “Dok-1 Maks” siropi bilan bog‘liq mashmashalardan avval bemor bolalarda buyrak yetishmovchiligi kuzatilgan. Mas’ullar bu haqda o‘sha vaqtda sog‘liqni saqlash vaziri sifatida ishlab kelgan Behzod Musayevga ma’lumot tayyorlagan va olib borgan. Biroq, ma’lumotlar vazirgacha yetib bormagan.

“Dok-1 Maks” sudining 2023-yil 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida sirop bilan bog‘liq voqealar yuz bergan paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibidagi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan Sevara Ubaydullayeva so‘roq qilindi. 

Sevara Ubaydullayeva.
Foto: “Daryo”
Behzod Anvarovichga 2022-yilning 22-noyabr kuni o‘tkazilgan seminar rasmlarini Telegram’dan yuborganman va “Biz OPN — buyrak yetishmovchiligi bo‘yicha seminarlar o‘tkazyapmiz. Hammani o‘qitib, erta aniqlab, to‘g‘ri yo‘naltirishni o‘rgatyapmiz”, dedim. “Ma’qul dedilar”, deydi prokurorning sobiq vazir vaziyatdan qachon xabar topgani haqidagi savoliga javob bergan guvoh.

Guvohga ko‘ra, sobiq vazirning tibbiyot sohasi vakili emasligi uning ma’lumotlarga unchalik e’tibor bermasligiga olib kelgan.

Ular (sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev nazarda tutilmoqda — tahririyat izohi) tibbiyot sohasidan sal yiroqroq bo‘lgani uchun OPNga unchalik e’tibor qilmadilar. Shundan so‘ng 15—16-dekabr kunlari menga chiqib, “Sening xabaring bormi, menga hozir shunaqa deyishyapti. Bu og‘ir kasal ekan”, dedi. Men “Bu kasallikni bemorlarda buyrak yetishmovchiligi paydo bo‘layotgan paytda sizga xabar qilgandim, bu narsaning ustida ishlayotgandik. Bolalarni saqlab qolishga harakat qilayotgandik” dedim, — deydi guvoh vazirga bu haqda avvalroq xabar berganini aytar ekan.

Guvoh Sevara Ubaydullayeva bemor bolalarda buyrak yetishmovchiligi bilan bog‘liq holatlar haqida ma’lumotlarni to‘plagach, ularni vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonovaga berganini, to‘g‘ridan to‘g‘ri vazirga ma’lumot olib kirish vakolatiga ega bo‘lmaganini aytdi. 

To‘g‘risini aytish kerak, men o‘sha paytda yangi ishga kelganim bois to‘g‘ridan to‘g‘ri Bositxonovaga bo‘ysunardim va vazirga ortiqcha kirolmasdim. Faqat bir-bir Telegram orqali ma’lumotlarni kiritish imkoniga ega edim. Barcha ma’lumotlarni Bositxonovaga yetkazardim. Ular o‘zim yetkazaman, sening kirishingga hojat yo‘q degandi, — deydi guvoh.

Sevara Ubaydullayevaning sudda ko‘rsatma berishicha, sobiq vazir “Dok-1 Maks” voqealari yuzasidan TVda chiqish qilib, xalqqa murojaat qilib bo‘lgach, unga qo‘ng‘iroq qilib “Nega bo‘layotgan voqealar haqida menga vaqtliroq kirib aytmading, tushuntirmading”, deya dakki bergan. 

Men hamma ma’lumotni Bositxonovaga kiritgandim. Ular subordinatsiya bo‘yicha ma’lumotlarni o‘zlari kiritishlari kerak edi. O‘zim taqdim qilaman, sening kirishingga hojat yo‘q deb aytgan, deb aytdim, — deydi guvoh.
Elmira Bositxonova.
Foto: “Daryo”

Guvohning qo‘shimcha qilishicha, u Elmira Bositxonovaga vazirdan dakki eshitganini aytgach, vazir o‘rinbosari “To‘g‘ri, siz harakat qildingiz, men sal e’tiborsizlik qildim”, degan. Sudda ushbu holatga javob qaytargan vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova guvohning bu gapini inkor qildi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »