Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Kuni kecha Toshkent shahrida kuzatilgan 10 ballik tirbandlik holatlari anchagina kamaygan bo‘lsa-da, ushbu masala hali kun tartibidan tushgani yo‘q. Ayniqsa, kunning tig‘iz paytlari shaharning bir qator ko‘chalarida turnaqator tirbandliklar kuzatilib turibdi.
Shu kabi holatlarni ko‘rib Toshkent shahri ham yirik megapolislar singari trafikni boshqarish muammosiga duch kelayotganini anglab yetish mumkin.

To‘g‘ri, hozirgi kunda poytaxtdagi harakat va tirbandliklar Moskva, London, Nyu-York va boshqa katta shaharlardan ancha yaxshiroq bo‘lishi mumkin. Ammo mazkur masalaning yechimiga qaratilgan ishlarga tezkorlik bilan kirishilmasa, Toshkentning aholisi sanab o‘tilgan shaharlardan kam bo‘la turib, tirbandliklar ulardagidan o‘tib ketishi mumkin.

Misol tariqasida, bugungi kunda Toshkent shahrida 5 mln aholi (doimiy yashovchi 3,02 mln, kunlik shaharga kelib-ketuvchi 1,5 mln, vaqtinchalik istiqomat qiluvchi aholi 0,48 mln) bo‘lib, uning soni yiliga o‘rtacha 100 mingtaga, mavjud 760 ming avtotransport vositalari yiliga 76 mingtaga ortib bormoqda.

Aholining kunlik harakatlanishga bo‘lgan ehtiyoji 9 mln ni tashkil etib, shundan 3 mln nafari piyoda harakatlanish, 6 mln nafari esa transportda harakatlanishiga to‘g‘ri keladi.

Transportda harakatlanishning 25 foizi, ya’ni 1,5 millioni avtobus, metro va mikroavtobuslarda, qolgan 4,5 millioni shaharda kun davomida harakatlanadigan bir million (760 mingta doimiy ro‘yxatdagi va 240 mingta kunlik kelib ketuvchi) avtotransportda amalga oshiriladi.

Yuqoridagilar, qolaversa, yo‘l ta’mirlash ishlari hamda transport oqimini samarali boshqarish tizimi yo‘qligi sababli tirbandliklarda harakat tezligi 7 km/soatgacha tushib ketishi, aholining yo‘lga sarflaydigan vaqti bundan 3-4 yil oldingiga nisbatan qariyb ikki barobarga ortgani, oqibatda sekin harakatlanayotgan transportlarning ortiqcha yonilg‘i sarfi va zararli gazlar hajmi, iqtisodiy yo‘qotishlar va mamlakatimiz ekologiyasiga zarar ham ortib bormoqda.

Aholining kunlik harakatlanishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, bunda yo‘lga sarflanadigan vaqt va moddiy resurslar samaradorligini oshirishga sifatli, qulay, xavfsiz va jozibador jamoat transporti tizimini joriy etish orqali erishiladi. Bu jahon tajribasida ham allaqachon o‘z isbotini topgan yechim.

Foto: “Daryo”

Shu nuqtayi nazardan sohaga mas’ul tashkilotlarning tirbandlikning oldini olish masalasiga bo‘lgan e’tibori kuchaytirildi.

Jumladan, mavjud holatda aholining harakat yo‘nalishlari va vaqtlari bo‘yicha samarali tashkil etilgan, gavjum joylargacha “bir qadam” tamoyili asosida joylashtirilgan bekatlar va infratuzulma obyektlari, barqaror tezlikda harakatlanadigan, yo‘nalishlari qulay bog‘langan jamoat transporti tizimini joriy etish chora-tadbirlari uchta asosiy yo‘nalishda olib borilmoqda.

Birinchidan, shahardagi mavjud oqimlarning (transport yuklamasi) yo‘l-ko‘cha tarmog‘i bo‘yicha taqsimlanishini, yangi zichlashtiriladigan hududlardan yo‘l tarmog‘iga tushadagan yuklamani, taklif etiladigan jamoat transporti samaradorligini hamda yo‘l-ko‘cha tarmog‘iga tushadigan yuklamalarning qayta taqsimlanishini oldindan baholash vositasi sifatida Toshkent shahrining transport makromodeli ishlab chiqildi. Xususan, Jahon banki grant mablag‘lari hisobiga jalb qilingan ekspertlar guruhi bilan hamkorlikda ushbu model yanada takomillashtirilmoqda. Bu ishlar noyabr oyida yakunlanadi.

Ikkinchidan, jamoat transporti yangilangan harakat tarkibi (avtobuslar)dan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida avtobuslar yo‘nalish tarmog‘i doimiy ravishda takomillashtirib borilyapti.
Jumladan, umumiy uzunligi 44 km bo‘lgan ko‘cha-yo‘l uchastkalarida alohida avtobuslar yo‘lagi tashkil etilib, hozirda ushbu yo‘laklardan kuniga 16 mingta avtobus qatnaydi va 600 ming yo‘lovchining kunlik umumiy (o‘rtacha 10 minutdan) 100 ming soat vaqti tejalishiga erishildi.

Uchinchidan, umumiy uzunligi 472 km bo‘lgan, transport doimiy harakatlanadigan va asosiy arteriyalar hisoblangan ko‘chalarda jamoat transporti harakat ustuvorligi, bekatlar va piyodalar uchun qulay, xavfsiz infratuzilma, transport oqimining samarali boshqaruvi (aqlli svetoforlar) tizimini o‘z ichiga olgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shular qatorida bugungi holatni yaxshilash, aholining harakatlanishga bo‘lgan ehtiyojini sifatli, qulay va xavfsiz xizmatlar orqali qondirish maqsadida quyidagi ishlarni amalga oshirish zarur:

1. Jamoat transporti samaradorligini oshirish, yo‘lovchilarning harakatlanishga sarflaydigan vaqtini kamaytirish maqsadida, bir transportdan boshqasiga o‘tishga mo‘ljallangan qulay tariflarni keng qo‘llagan holda qisqa masofali avtobus yo‘nalishlarini joriy etish.

2. Tirband ko‘chalarda avtobuslar harakat xavfsizligini ta’minlash, harakatlanishda yo‘qotilayotgan vaqtni kamaytirish maqsadida, prospektlarda faqat to‘g‘ri harakatlanadigan magistral avtobus yo‘nalishlarini joriy qilish.

3. Poytaxtga shahar atrofi hududlaridan kunlik kirib keladigan hamda chiquvchi va magistral yo‘nalishlar kesishgan joylarda piyodalar uchun qulay xavfsiz muhitni (infratuzilmani) yaratish.

4. Koridor tamoyili asosida svetoforlarning muvofiqlashtirilgan boshqaruv tizimini hamda jamoat transporti infratuzilmasini takomillashtirish (usutuvorik, qulaylik va xavfsizlikni ta’minlagan holda). Bunda, 605 ta svetofor obyektlari mavjud umumiy uzunligi 472 km bo‘lgan koridorlarda ancha ishlarni amalga oshirish talab etiladi.

Avvalo, umumiy uzunligi 125 km bo‘lgan, kun davomida asosiy yuklamalar va tirbandliklar kuzatilayotgan ko‘chalardan ishni boshlash kerak.

Ma’lumot uchun: hozirda koridor tamoyili asosida yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha eng dolzarb bo‘lib turgan 125 km yo‘l ko‘cha tarmog‘ining 55 km lik uchastkalari (A.Temur, Shahrisabz, Sh.Rustaveli, Yangi Sergeli, Bobur, Samarqand darvoza, Ko‘kcha darvoza, Beshqayrag‘och va boshqa ko‘chalar) ustida ishlar olib borilmoqda.

5. Aglomeratsiya hududini bog‘laydigan temiryo‘l yo‘lovchi tashish (elektrichka) tizimini takomillashtirish, yangi avtobus yo‘nalishlarini joriy etish hamda qulay transport o‘tish bog‘lamalarini tashkil etish orqali shaharga kiruvchi transport oqimini kamaytirish.

6. Shaharda yuk transporti harakatini cheklash va THAY bo‘ylab aylanma harakatlanishga yo‘naltirish, shahar ichida yuk transporti harakatlanadigan vaqt va yo‘llarini aniq belgilab berish.

7. Avtomobil yo‘lining temiryo‘l bilan kesishmalarida, transport bog‘liqligiga talab yuqori bo‘lgan (belgilangan mezonlar asosida aniqlangan) joylarda hududlarni bog‘lovchi ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlarni qurish.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »