Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toshkent sammitida nutq so‘zlab, tashkilotning kelajakdagi ustuvor soha va tarmoqlarini belgilab beruvchi hujjatning asosiy yo‘nalishlarini sanab o‘tdi.

Foto:  “Daryo” / Madina Nurman

O‘zaro savdoni rag‘batlantirish

O‘tgan yili mamlakatlar o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etdi. Bu tashkilotga a’zo davlatlar umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizini tashkil qiladi. 

“Afsuski, imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. To‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon ko‘plab cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda.

Bu holatlarni ochiq tan olishimiz va ularni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun vaziyatga yangicha qarash bilan yondashish kerak. Shu munosabat bilan ekspertlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishga chaqiraman”, — dedi prezident.

Davlat rahbarining qayd etishicha, ushbu hujjatda tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu chora-tadbirlar orqali 2035-yilga borib o‘zaro savdo hajmlarini kamida ikki barobar ko‘paytirish mumkin.

Foto:  “Daryo” / Madina Nurman

O‘zaro transport-kommunikatsiya bog‘liqligini kuchaytirish

Prezident a’zo davlatlarning aksariyati dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emasligini qayd etdi.

“Osiyo-Tinch okeani, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalarining yirik bozorlari bilan bog‘laydigan va bizning hududlarimiz orqali o‘tadigan transkontinental transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanishimiz zarur.

Kelgusida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va Transafg‘on multimodal yo‘llarining ishga tushirilishi barcha a’zo davlatlar manfaatlariga mos keladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarti Toshkentda 2-noyabrda bo‘lib o‘tgan transport vazirlarining yig‘ilishida “O‘zbekiston—Turkmaniston—Eron—Turkiya” transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatga boshqa a’zolarni ham qo‘shilishga, o‘zaro tarif va yig‘imlarni maqbullashtirishga chaqirdi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkentda IHTning Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish tashabbusini bildirdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sanoat kooperatsiyasi hamda ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, industrial xablarni shakllantirish

Prezident o‘zaro investisiyalar oqimini ko‘paytirish, ularni himoya qilish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar dasturi ishlab chiqib, tashkilot kotibiyatiga taqdim etilganini ma’lum qildi. Mazkur hujjatda kimyo, energetika, geologiya, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmasevtika va qurilish sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsad qilib qo‘yilgan.

“Bu ezgu yo‘lda tashkilotning Savdo va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish tarafdorimiz”, — dedi prezident.

Shuningdek, tashkilot doirasida hududlararo sanoat ko‘rgazmasini tashkil etish va uning dastlabki tadbirini 2024-yilda O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.

Foto:  “Daryo” / Madina Nurman
Foto:  “Daryo” / Madina Nurman
Foto:  “Daryo” / Madina Nurman

Energetika xavfsizligini kafolatli ta’minlash

Shavkat Mirziyoyev milliy energetika strategiyalarini uyg‘unlashtirish, mintaqalararo energiya resurslarini uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika texnologiyalarini keng joriy etishning ahamiyati oshayotganini aytdi. Hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish va ishlarni tizimli asosda olib borish uchun tashkilot doirasida alohida Energetika vazirlari kengashini ta’sis etishni taklif etdi.

Iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha aloqalarni jadallashtirish

Prezident hozirgi vaqtda davlatlar bu o‘tkir muammolarning og‘ir oqibatlariga duch kelayotganini,  muzliklarning erishi, suv resurslari taqchilligi, cho‘llanish, chang bo‘ronlari, tuproq yemirilishi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi kabi jarayonlar qattiq xavotir uyg‘otayotganini qayd etdi.

“Tuzilmamiz doirasida Ekologiya masalalari bo‘yicha yuqori darajali platforma yaratish bo‘yicha g‘oyamizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur izhor etaman. Uning birinchi anjumanini 2024-yili Samarqand iqlim forumi doirasida tashkil etishga tayyormiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, kelgusi haftada O‘zbekistonda BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishini ko‘rib chiqish bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishida tashkilotga a’zo davlat vakillarini faol ishtirok etishga chorladi. Hozirda jiddiy muammoga aylanib borayotgan qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurashish maqsadida Samarqand deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Turizm sohasida hamkorlikni kuchaytirish

Prezident transchegaraviy yo‘nalishlar tobora ommalashayotganini hisobga olib, qo‘shma turistik marshrutlarni joriy etish hamda “Ipak yo‘li” sayyohlik brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini ko‘paytirishni taklif etdi. Tashkilot kotibiyati huzurida a’zo mamlakatlarning turizm ma’muriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat alohida Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasini tashkil etishni taklif qildi. Prezident uning ilk uchrashuvini 2024-yilda tashkilotning turizm poytaxti deb e’lon qilingan Shahrisabzda o‘tkazishga tayyorligini aytdi.

Foto:  “Daryo” / Madina Nurman

Madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish orqali do‘st xalqlarni yanada yaqinlashtirish

“Har yili mamlakatlarimizda navbat bilan Madaniyat, san’at va kino haftaliklarini o‘tkazib borish, yoshlarning ijodiy festivallari va innovasion hamkorlik platformasini yo‘lga qo‘yish, fundamental ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish aloqalarimiz rivojiga kuchli turtki bag‘ishlaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘z nuqti yakunida ushbu tarixiy sammit va uning natijalari tashkilotni samarali va ta’sirchan tuzilmaga aylantirishga, ko‘pqirrali sheriklikni yangi marralarga olib chiqishiga ishonishini alohida ta’kidladi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »