Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda eng kamida 65 nafar bolaning o‘limiga sababchi ekani aytilayotgan “Dok-1 Maks” siropi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqayotgan sudning navbatdagi majlisida shu siropdan zaharlanib, vafot etgan 2,5 yoshli qizaloqning onasi ko‘rsatma berdi. Bu haqda sudda qatnashgan “Daryo” muxbiri xabar berdi. 

Sudning bugun, 13-noyabr kuni davom etgan majlisida “Dok-1 Maks” siropidan zaharlanib, 2023-yilning 19-yanvar kuni vafot etgan Soliha Mahmanazarovaning onasi Madina To‘lboyeva ko‘rsatma berdi. 

Qizim kasalliklarni yengadigan, sog‘lom va ovqatdan bosh tortmaydigan qiz edi. Surunkali kasalligi yo‘q edi. Noyabr oyida (2022-yilning noyabr oyi nazarda tutilmoqda. Tahririyat izohi) gripp bo‘lgani uchun bir hafta bog‘chadan olib qolib, tuzatdim va bog‘chaga chiqarib yubordim. Bog‘chada yana yo‘tal yuqtirgach, antibiotik oldirmay, siropdan tuzatay deb, dorixonadan “Linkas” so‘radim. Aptekada “Linkas” yo‘qligi uchun dorixona sotuvchisi uning o‘rniga “Dok-1 Maks”ni tavsiya qildi. Aptekachi tanish bo‘lgani uchun uning maslahatiga quloq soldim. Va o‘zim ham ichsam bo‘ladimi yo‘talimga, deb so‘radim. Bo‘ladi, dedi. Uyga qaytgach, o‘zim ham bir qopqoq ichdim. Kichik qizimga belgilangan dozada bera boshladim. Katta qizim ham doriga qiziqa boshlagach, unga ham yalatganman. Dori kichik qizimga yaxshi ta’sir qilib, qizimning issig‘i tushib, o‘ynay boshladi, — deydi marhum Solihaning onasi Madina To‘lboyeva.
Madina To‘lboyeva.
Foto: “Daryo”

Jabrlanuvchi onaning aytishicha, u marhum qiziga sirop yaxshi ta’sir qilayotgani uchun turmush o‘rtog‘idan yana shu siropdan olib kelishni so‘ragan. 

Siropning bir flakonini ichib tugatdik. Shundan so‘ng, xo‘jayinimga dadasi, shu yaxshi dori ekan, Tamara opadan, aptekachi edi, so‘rang va shu doridan olib keling, dedim. Yangi olib kelingan flakondan bir mahal qizimga bergach, Telegram’dagi kursdoshlar guruhida shu dorini bermanglar, degan xabar keldi. Men shu dori rasmini olib, men bolalarimga berayotgandim, dedim. Shundan so‘ng qizimni ko‘tarib, poliklinikaga bordim va shu dorini ko‘rsatib, shu doridan ichirganman, dedim. Doktor tanish edi, vahima qilma, bolalarda gripp shunaqa o‘tyapti, antibiotik olsang, tuzalib qolasan, dedi. “Seftraksion”dan ikki kun olgach, bolam holsizlanib qoldi. Shundan so‘ng yana poliklinikaga bordim. Foydasi bo‘lmayapti, dedim. Unda osma ukol olasan, deyishdi. Osma ukol oldirmayman, deganimdan so‘ng, tuman shifoxonasiga olib bor, deyishdi. Tuman shifoxonasida yana osma ukol yozishdi. Birinchi osma ukoldan so‘ng, ikkinchisi ketmay qoldi. Bolamning oyoqlari shishib chiqdi. Siyishdan ham to‘xtagan edi, — deydi jabrlanuvchi.

Madina To‘lboyevaning aytishicha, shundan so‘ng u bolasini Qarshi shahridagi xususiy klinikaga olib borgan. Klinika bolaning ahvolidan qo‘rqib, uni qabul qilmasligini, bolalar shifoxonasiga olib borishi kerakligini aytgan. Bolalar shifoxonasidagi shifokor ham ikki qo‘lini ko‘tarib, bu bemorni qabul qilmasligini aytgan. 

Vrach qo‘lini ko‘tarib qabul qilmayman, degach, bolamni ko‘tarib, tez yordamga bordim va shifoxonada bolamga shu dorini (“Dok-1 Maks” siropi nazarda tutilmoqda. Tahririyat izohi) ichirganman yordam beringlar, deb baqirib yig‘ladim. Shundan so‘ng bolamni birdan UZIga olib kirib ketishdi. Bu shifoxonada ham bir doktor davolayman desa, yana biri bizda kattalar uchun dializ bor, kichiklarniki yo‘q, bolani Samarqand yoki Toshkentga olib ketasan, deyishdi. Men doktor qo‘shib berasiz, dedim, — deydi jabrlanuvchi ona.

Onaning qo‘shimcha qilishicha, shifoxona mas’ullari o‘sha kuni bemor bola uchun mashina va shifokor ajratib, pullik xizmat narxini ham kelishgan va ularni Toshkent shahriga olib kelgan. 

Bizni 16-shifoxonaga joylashtirib ketishgach, bolam besh kunda komaga tushdi. Bolam yaxshimi, deb vrachlardan so‘rayman. Ular qizing yaxshi bo‘lsa, reanimatsiyada yotmaydi, deyishadi. Shu-shu qizim 2023-yilning 19-yanvar kuni vafot etdi. Mening nima aybim bor edi, qizimning ham boshqa bolalar kabi o‘ynab-kulib yurishga haqqi bor edi-ku. Antibiotik oldirmay deb, siropga ishongandim. Men qizim qatori go‘rga kirgan onaman, uyimdagi qizim uchun yashab yuribman, — dedi. 

Jabrlanuvchi suddan aybdorlarga og‘ir jazo berilishini so‘radi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »