Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Dok-1 Maks” ishini ko‘rib chiqayotgan sudning 2023-yil 15-noyabr kuni davom etgan navbatdagi majlisida siropdan zaharlanib, vafot etgan 3,5 yoshli Malikaning onasi so‘z olib, bolasining vafoti judayam ayanchli bo‘lganini aytdi. Bu haqda sudda qatnashgan “Daryo” jurnalisti xabar berdi. 

Jabrlanuvchining yodga olishicha, u “Dok-1 Maks” siropidan dastlab, 2022-yilning bahor oyida o‘g‘li shamollab qolgan paytda birinchi marotaba foydalangan. 

“Dok-1 Maks” siropidan doimiy foydalanib kelganim sabab 2022-yilning kuzida shamollab qolgan qizimga ham ichirdim. Dastlab farzandim yaxshi edi. 4—5-sentyabr kunlari farzandim qayt qila boshlagach, uni Karmana tumanidagi tuman tibbiyot birlashmasiga olib borganimizda oshqozoniga infeksiya tushgan deb, oshqozonini yuvishdi. Va uyga qaytarib yuborishdi. Qizim uyda yana qayt qilib, holsizlanib qoldi — ko‘p uxlardi. Shundan so‘ng tez yordam mashinasida Karmana tumanidagi bolalar shifoxonasining shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib bordik. U yerda bolamni jonlantirish bo‘limiga yotqizishdi. Qizim siymay qo‘ydi, buyraklari ishlamay qoldi. Shifokorlar bolamga nima berganimni so‘radi. Bolangiz zaharlangan dedi. Buning sababini bilolmay sarson edik, — deydi 3,5 yoshida vafot etgan Malika Qudratovaning onasi. 
Foto: “Daryo”

Jabrlanuvning ma’lumot berishicha, qizining buyragi ishlamay, siydik chiqmay qolgach, shifokorlar bemor bolaga dializ quyish kerakligini aytgan. Biroq Navoiy viloyatida dializ apparati yo‘qligini aytib, ularga Samarqand yoki Buxoro viloyatiga borishni maslahat bergan. 

“Dializ bizda yo‘q, Samarqand va Buxoroda bor. Sharoitingiz ko‘tarsa, olib boring” deyishdi. 8-oktyabr kuni bolamni Samarqandga olib bordik. U yerda dializ kateterini topolmadik. Bir kundan keyin topib, dializ uladik. Ammo bolamning ahvoli yana og‘irlashaverdi. Behisob qonlar quyildi, dorilar oldi. 15 kilo chiqadigan qizim o‘n besh kunda shishib, 50 kilolik qizga aylandi. Hatto og‘zidan yiring kela boshladi, — deydi marhuma qizning onasi. 

Jabrlanuvchining bildirishicha, qizi Samarqandda shunday og‘ir ahvolda yotganida uyda bo‘lgan 1,5 yoshli o‘g‘li ham “Dok-1 Maks” siropidan ikki marotaba ichgani uchun uning ham ahvoli og‘irlashgan. 

O‘g‘limga ham dializ ulash kerak deyishdi. O‘g‘lim 1,5 yoshli bola bo‘lgani uchun kichkina kateter kerak bo‘ldi. Kateterni Toshkentdan topib, olib keldik. Xayriyatki, o‘sha kundan boshlab o‘g‘lim o‘zi siya boshladi. Qizim Malika esa 15-oktyabr kuni kechasi judayam ayanchli, azobli holatda jon berdi. “Onajon meni bu yerdan olib keting”, deb yig‘lardi. Qo‘llari qontalash bo‘lgan bolam shu shifoxonadan chiqib ketsam yaxshi bo‘laman degan o‘y-xayolda bo‘lgan-da. Farzandim o‘z qo‘limda jon berdi. Men o‘sha tushkunlikdan hamon chiqolmayapman, — deydi onaizor.

Jabrlanuvchining qo‘shimcha qilishicha, qizi vafot etgach, shifoxonada qolgan o‘g‘lining yonida qolishi kerakligi sabab qizini so‘nggi manzilga ham kuzatolmagan. 

Qizimning ta’ziyasida ham qatnasholmadim. Uning chekkan azobi ko‘z olimdan ketmaydi. O‘g‘limdan peshob ajralgach, hech bo‘lmasa o‘g‘lim tirik qolsin deb, shifoxonada uning sog‘lig‘i uchun kurashdik. Ammo shifokorlar har narsaga tayyor turing deyishgandi. Allohga shukrki, oktyabr oyining oxirida o‘g‘limning ahvoli yaxshilandi. Uyda davolanish jarayonlarini davom ettirdik. Olti oydan so‘ng o‘g‘limning ahvoli yaxshi bo‘ldi. Lekin qizimning chekkan azobi ko‘z oldimda hali ham. Hurmatli sudya, jamiyatda inson qadri yuksak bo‘lsa, aybdorlarga oliy jazo bering, — dedi jabrlanuvchi ona.

Marhuma Malika Qudratovaning onasi o‘g‘li ayni kunda uning ko‘magiga muhtoj bo‘lgani sabab ishdan bo‘shaganini, turmush o‘rtog‘i esa bolalarini davolatishi ortidan katta qarzga botganini aytib, sudlanuvchilardan 1 milliard so‘m miqdorida kompensatsiya talab qildi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »