Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida odat tusiga kirib borayotgan navbatdagi hukumat soati bo‘lib o‘tdi. Bu gal xalq vakillari savollariga O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev javob berdi. Mavzu — mamlakatda suv resurslaridan samarali foydalanish borasidagi sa’y-harakatlar natijadorligi. Deputatlar va hukumat a’zosi o‘rtasidagi ushbu bahs-munozaralar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. 

“Daryo” internet nashri muxbiri milliy parlament quyi palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyevga savollar bilan murojaat qildi. 

Odiljon Tojiyev
Foto: “Daryo”

—  Odiljon aka, aytingchi, hukumat soatida vazirdan siz kutgan javoblar yangradimi?

— Hayot manbai sanalmish suvning kun sayin kamayib borayotgani jahon hamjamiyatini chuqur tashvishga solyapti. O‘zbekistonda ham bu masalaga g‘oyat jiddiy qaralyapti, sir emas. Ayniqsa, ichimlik suvi taqchilligi og‘ir oqibatlarga olib kelishi haqida mutaxassislar bejiz bong urishmayapti. 

Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish borasidagi sa’y-harakatlarni, chinakamiga keng ko‘lamli ishlarni batafsil gapirib berdilar, ko‘p jihatlarga aniqlik kiritdilar. Deputat va fuqaro sifatida meni o‘ylantirib kelayotgan masalalarga u kishining gaplarida o‘zimga javoblar topdim. 

Ha, hukumat tomonidan bu yo‘nalishda hazilakam hajm va miqyosda ishlar olib borilmayapti. Misli ko‘rilmagan mablag‘lar evaziga suvni tejovchi eng so‘nggi texnologiyalarni olib kelish va o‘rnatish, suv resurslarini boshqarishda zamonaviy usullarni qo‘llash katta natijalarni bermoqda.

Shu bilan birga, tadbirdan keyin ba’zi narsalar haqida yana fikr yuritib qoldim. Qilgan xulosam shuki, davlatimiz qanchalik harakat qilmasin, ulkan mablag‘lar sarflab suv tejovchi texnologiyalarning eng zamonaviylarini o‘rnatmasin, uylarimiz, mahallalarimiz, ishxonalarimizda suvga munosabatimiz o‘zgarmas ekan, ushbu beqiyos ne’matni asrab-avaylamas ekanmiz, uzoqqa borolmaymiz.

Kundalik maishiy hayotimizda suvga bamaylixotir munosabatda bo‘lish, nazarimda, hozirgi va kelajak avlodlarga xiyonat qilish bilan barobar. Ming afsus, fuqarolar va mas’ullar tomonidan suvdan foydalanish bo‘yicha qonun-qoidalarni mensimaslik, bilib turib amal qilmaslik holatlari tez-tez kuzatilyapti. Toza ichimlik suvini tartibsiz va me’yoridan ortiqcha sarflash (masalan, hovliga va ko‘chaga sepish), ichimlik suvi tarmoqlariga noqonuniy ulanish, undan tomorqa yerlarni sug‘orish, maishiy xizmat sohasida (avtomobillar yuvish shoxobchalari, umumiy ovqatlanish joylari, dam olish maskanlari va h.k.) foydalanish holatlari hali ham uchrab turibdi. 

Qanchalik achinarli bo‘lmasin, bunday vaziyat hayotimiz voqeligiga aylanib ulgurdi. 

—  Albatta, jamiyatimizda bu kabi razillik oddiy holga aylanib borayotgandek go‘yo. Xo‘sh, sizningcha, nima qilsak, vaziyat o‘zgarishi mumkin? Yo umidimizni uzsak bo‘ladimi? 

— Bilasizmi, men bu borada optimistman. Meni o‘ylantirgan jihati — to‘ylarni dabdabasiz o‘tkazaylik, degan besamar targ‘ibot esimga tushib ketdi. Xuddi shu yo‘sinda, aytaylik, jazirama yozda hovlimizni salqinlatish uchun suv sepish, avtomashina va gilamlarimizni ichimlik suviga yuvishimiz milliy mentalitetimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurganmikan, degan savolni o‘zimga berdim.

To‘ylardagi isrofgarchilikka barham berolmaganimizning sababi — odamlarning o‘z puli evaziga orzu-havas yo‘lida qiladigan xarajatlarni, qanchalik bema’ni bo‘lmasin, cheklashga hech kimning haqqi yo‘q. Lekin, menimcha, milliy va umumbashar boyligimiz, Yer yuzida hayotning asosi bo‘lmish suvni isrof qilganlik uchun jazolash orqali o‘zimizni tarbiyalasak, ham qarz, ham farz.

Shunday xulosaga keldimki, suvga non kabi muqaddas ne’matga bo‘lgan munosabatni shakllantirish unchalik ham murakkab bo‘lmaydi. Hamma ham ichimlik suvidan “pulini to‘lab qo‘y” qoidasiga rioya qilgan holda foydalanmayotganining bot-bot guvohi bo‘lamiz. “Avtomoyka”lar faoliyati taftish qilinganda, misol uchun, tartib-qoidalarda ko‘rsatilgani kabi ishlatilgan suvni filtrlab qayta ishlatish o‘rniga toza ichimlik suvidan noqonuniy ulanib foydalanish holatlari odat tusiga kirgan. Tomorqalarni sug‘orish ham ko‘pincha toza ichimlik suvi manbalari hisobiga, pulini to‘lamay, yashirin ulanish orqali amalga oshiriladi. Bunday vaziyatlarda, qat’iy fikrimcha, fuqarolar, yuridik shaxslar qattiq jazolanishi kerak, jazo esa muqarrar bo‘lishi lozim. 

— Odiljon aka, qonunchilikda bu kabi huquqbuzarliklarga jazo choralari belgilanganmi?

— Ha, albatta. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning qator moddalarida suv iste’moli va suvdan foydalanish tartibi buzilgan hollarda jazo choralari nazarda tutilgan.

Taqozo qilsa, jazo choralarini kuchaytirish ham mumkindir. Faqat qonunbuzarlar o‘z vaqtida aniqlanib, javobgarlikka tortilishida hech kimda hech qanday shubha bo‘lmasligi kerak. U “moyka”ga tegma, falonchiga qarashli, bunisiga ham yaqinlasha ko‘rma, u fistonchiga tegishli, degan ko‘rsatmalar bo‘lar ekan, ezgu maqsadlarga erisholmaymiz.

— Toza ichimlik suvini, oqava suvlarini maqsadsiz, noqonuniy ishlatganlik uchun sanksiyalar ko‘zda tutilgan ekan. Suvning pulini o‘z vaqtida to‘lab, uni isrof qilayotganlarga nisbatan nima qilsa bo‘ladi? Ularni jazolay olmaymiz-ku?!

— “Pulini to‘lab qo‘yganman”, qabilidagi munosabat va maishiy maqsadlarda ichimlik suvini isrof qilish holatlariga ham barham bersa bo‘ladi. Yechim sifatida elektr energiyasidan foydalanish uchun qo‘llanadigan tabaqalashtirilgan tariflar sxemasini joriy qilish mumkin. Ichimlik suvi belgilangan ijtimoiy ehtiyojlardan ko‘p ishlatilganda jismoniy va yuridik shaxslarga bir necha barobar qimmatga tushishi darkor. O‘shandagina, nazarimda, suvni o‘ylab ishlatishni boshlaymiz. 

Yoshligimda eshitgan voqea hech esimdan chiqmaydi. Yevropalik bir odam Toshkentdagi mehmonxonalarning birida krandan tomchilab turgan suvni ko‘rib, mehmonxona ma’muriyatini kranni tuzatishga chaqiradi. Bunday undashlari natija bermagan xorijiy turist muammoni bartaraf etmagan mehmonxona ustidan prokuraturaga shikoyat yozib ketgan ekan.

Bu — suv resurslari eng mo‘l-ko‘l bo‘lgan mintaqa vakilining suvga bo‘lgan munosabati! Puli to‘langan xona(!) hammomida tomchilayotgan suv uni dahshatga solgan. Biz ham, mahalla va qishloqlarimizda ventilsiz kranlardan sharillab oqayotgan suvni ko‘rganda undan ham qattiqroq dahshatga tushishimiz kerak aslida.

Nonni qanday qadrlaymiz?! Muqaddaslik bo‘yicha undan kam bo‘lmagan suvni ham shunday qadrlasak, menimcha, el-u yurtimiz, bugungi va kelajak avlodlarimiz oldidagi burchimizni ado etgan bo‘lamiz, jonajon diyorimizga yog‘diriladigan barakani ko‘paytirgan bo‘lamiz. 

Suvga munosabatimizni o‘zgartirish har bir fuqaroning hissasi muhim bo‘lgan chinakam umummilliy harakatga aylanishi tarafdoriman.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »