Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Joriy yilning 27-noyabr kuni Sirdayo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumani hududida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan qurilayotgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi ishga tushdi. Qiymati 1,1 milliard dollar bo‘lgan va quvvati 1,5 gigavattli ushbu stansiya 3 million xonadonni va yuzlab sanoat korxonalarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini kafolatli taʼminlaydi.

Energetika vazirligi bosh mutaxassisi Saidatham Anvarov “Daryo.uz” jurnalisti bilan bo‘lgan suhbatda, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida yangi ishga tushirilgan issiqlik elektr stansiyasining boshqa stansiyalardan afzal jihatlarini gapirib berdi.

“Ushbu stansiyani qurish jarayoni 2020-yilda boshlangan edi. Loyiha Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi tomonidan 1,1 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritishi orqali 34 oyda qurib, ishga tushirildi. 2020-yilda yuz bergan pandemiya, dunyoda yuz bergan geosiyosiy vaziyat va logistik muammolarga qarmay ushbu loyiha muddatidan avval foydalanishga topshirildi.

2022-yilda davlat xususiy sherikchiligi asosida 6 ta elektr stansiya ishga tushirilgan bo‘lsa, ularning jami quvvati 1374 MVt tashkil qilgan. Sirdaryoda qurilgan issiqlik elektr stansiyasining quvvati esa 1500 MVtga teng bo‘lib, bu stansiya O‘zbekistondagi birinchi zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi hisoblanadi. Ushbu stansiyada Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasining eng zamonaviy, foydali ish koeffitsiyenti 60 foizdan yuqori bo‘lgan gaz turbinalari o‘rnatilgan. Hozir bizdagi eski issiqlik elektr stansiyalaridagi gaz turbinalarining foydali ish koeffitsiyenti 30-50 foiz. Yangi stansiya eski issiqlik elektr stansiyalariga qaraganda 1,5–2 baravar kam yoqilg‘i sarflaydi. Yaʼni yoqilg‘ini kam sarflab, ko‘proq elektr energiya ishlab chiqaradi. Ushbu elektr stansiya orqali biz yiliga 1 milliard kub metr tabiiy gazni tejaymiz. Tejalgan gazni esa qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida yoki 450 mingdan ortiq isteʼmolchiga yetkazib berishimiz mumkin bo‘ladi.

Hozir stansiyaning birinchi 500 MVt turbinalari ishga tushirildi. Joriy yilning dekabr oyida esa yana bitta gaz turbinasi ishga tushirilib, stansiyaning umumiy quvvati 1000 MVtga yetkaziladi. 2024-yilning birinchi choragida stansiya to‘liq ishga tushirilib, uning quvvati 1 500 MVtga chiqariladi. Stansiya to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 12 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu hajmdagi elektr energiya yurtimizdagi 3 milliondan ziyod xonadonning bir yillik yoki barcha aholi isteʼmolchilarining qariyb 8 oylik isteʼmolini qoplash imkonini beradi”, – deya taʼkidladi Saidatham Anvarov.

ACWA Power kompaniyasi tomonidan Sirdaryo viloyatida qurilgan issiqlik elektr stansiyasi

Energetika vazirligi bosh mutaxassisining qo‘shimcha qilishicha, 2023-yilda O‘zbekistonning bir qator hududlarida xorij kompaniyalari ishtirokida 3 ta yangi issiqlik elektr stansiyasining qurilish jarayonlariga start berilgan.

“2022-yilda davlat xususiy sherikchilik asosida 6 ta elektr stansiya ishga tushirilgan bo‘lsa, bu yil esa Sirdaryodagi issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. Xuddi shu Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida Fransiya, Germaniya, Qatar va Yaponiyaning bir qator kompaniyalari tomonidan quvvati 1574 MVtga teng bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda. Ushbu stansiyaning qurilish jarayoni joriy yilda boshlangan va 2026-yilda foydalanishga topshirish reja qilingan.

Bundan tashqari, 2023-yilda Surxondaryo viloyatining Angor tumanida quvvati 1560 MVtga teng bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini qurish ishlarini boshlash reja qilingan. Shuningdek, 2023-yilning avgust oyida Jizzax viloyatida quvvati 550 MVtga teng bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini qurish jarayonlari boshlandi. Bu stansiya 27 oy ichida, 2025-yilga qadar ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan”, – deya taʼkidladi vazirlik mutaxassisi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »