Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Bugun, 5-dekabr kuni Toshkent shahrida “Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning o‘rni” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Turkiy davlatlar geografiya kengashi hamkorligida tashkil etildi. Anjumanda Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Foto: “Daryo”

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayevning aytishicha, hozirda turkiy xalqlarning birlashuvi dolzarb ahamiyatga ega.

Sherzodxon Qudratxo‘jayev
Foto: “Daryo”

Bilga Xoqonning so‘zlari biz uchun juda muhim: Ey, turkiy elim, o‘zligingga qayt. O‘zingni angla, yanada yuksalgaysan. Ushbu daʼvatli so‘zlar zamirida ancha maʼno bor. Chunki turkiylar o‘zligini anglashi, tarixini bilishi – katta muvaffaqiyatlarning boshlanishi bo‘la oladi. Bugun dunyoning turklari birlashyapti.

Bizda Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy davrlaridan keyin Buyuk ipak yo‘li yo‘q bo‘lib, suv yo‘llariga aylandi. O‘rtada temuriylar davlatining parchalanishi, ahillikning yo‘qolishi bizni ojiz qildi. Qaysidir maʼnoda, biz 300-400 yil davomida “uyqu”ga ketdik, “uxladik”. Bizda taraqqiyot, texnologiyalar bo‘lmadi va bu juda katta fitnalarga olib keldi. Buni usmonlilar va boburiylar imperiyalarining parchalanishida ko‘rishimiz mumkin.

XIX–XX asrlar ham juda og‘ir kechdi. Jadidlar kirib keldi. Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat va boshqa jadid bobolarimiz bizni uyg‘otishni boshladi. Lekin afsuski, bolsheviklar hukumati, undan oldin Chor Rossiyasining bu yerga kelib parchalashi, sotsializm qurish g‘oyalariga xalqlarimiz aldandi.

1991-yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishgani juda quvonchli bo‘ldi. Keyin turkiy davlatlar kengashi, so‘ngra tashkilot tuzildi. Lekin afsus, boshida biz turkiylar bir-birimizdan hayiqdik, bir-birimizdan cho‘chidik. Panturkizm degan gaplar aytildi. Panturkizmdan o‘zimiz – turkiylar qo‘rqdik. Lekin bu iborani boshqalar o‘ylab topgandi va u biz uchun atayin qilingandi”, — dedi jurnalist.

Foto: “Daryo”

Tadbir haqida gapirarkan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Feruza Jumaniyozova unda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishini aytdi.

“Anjuman doirasida turkiy birlik, turk dunyosining qadim o‘tmishi, Turkiston davlatchiligi, turkiylar madaniyati va sanʼati, Turkiston xalqlarining fanga, islom dini rivojiga qo‘shgan hissasi mavzularidagi maʼruzalar tinglanadi. Bugungi kunda turkiy dunyo shiddat bilan integratsiya jarayoniga qadam qo‘ymoqda. Aytish kerakki, turkiy davlatlarning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hamkorligini ularning o‘tmishdagi birligini anglashsiz tasavvur qila olmaymiz”, — dedi olima.

Feruza Jumaniyozovaning qo‘shimcha qilishicha, Turkiy davlatlar tashkiloti nisbatan yosh bo‘lgani uchun baʼzi sohalarda oqsamoqda.

Feruza Jumaniyozova
Foto: “Daryo”

“Iqtisodiy, yo‘l-transport va yana boshqa sohalardagi birlashuvlarni tez amalga oshirishimiz kerak. Hozirda turkiy davlatlar taʼlim sohasida ham birlashishi zarur. Masalan, Yevropada Erasmus taʼlim dasturi bor. Shuni ekvivalenti bizda yo‘q. Yana aytish mumkinki, turkiy davlatlar tarixini yoki boshqa yo‘nalishlarini o‘rganishga yo‘naltirilgan yirik loyihalar ham mavjud emas. Shularni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilot ham yo‘q. Mana shu jihatlarga eʼtibor berishimiz kerak. Turkiy davlatlar olimlari o‘rtasidagi qo‘shma loyihalarsiz maqsadlarimizga erishishimiz qiyin”, — dedi turkolog.

Foto: “Daryo”

Xalqaro anjumanning ikkinchi kuni (6-dekabr) ham ishtirokchilar tomonidan qator maʼruzalar tinglanadi. Turkiylar tarixiga doir mavzular o‘zaro muhokama qilinadi. Anjumanning amaliy natijasi sifatida maʼruzachi olimlar va ishtirokchilarning ilmiy maqolalari alohida to‘plam shaklida nashr etiladi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »