Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

19-dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi aʼzolari O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan, qator davlatlar hammuallifligida “Markaziy Osiyo ekologik muammolar qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini konsensus asosida maʼqulladi.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi sayti

Hujjat iqlim o‘zgarishi bugungi kunning eng murakkab muammolaridan biri ekani va barcha mamlakatlarning barqaror rivojlanishi uchun jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirayotganini tasdiqlaydi.

Mintaqaviy hamkorlik

Rezolyutsiyada Markaziy Osiyo, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik muammolarni hal etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish va iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini ko‘rish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhimligi alohida qayd etilgan.

Rezolyutsiya mualliflari avval Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari barqaror rivojlanishga ko‘maklashishga qaratilgan “Markaziy Osiyo uchun yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturini qabul qilganini eslatgan.

Markaziy Osiyoda cho‘llanish, qurg‘oqchilik va qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurashda yangi va innovatsion texnologiyalar va ilg‘or tajribalarning muhim o‘rni ham alohida ta’kidlangan.

Tog‘ ekotizimlari va muzliklarni muhofaza qilish

Rezolyutsiyada Markaziy Osiyo va butun dunyo mamlakatlari, shuningdek, barcha manfaatdor tomonlar tog‘ ekotizimlarini himoya qilish va muzliklarni saqlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqiradi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sentyabr oyida BMTda so‘zlagan nutqida so‘nggi o‘ttiz yilda mintaqada havo harorati bir yarim darajaga ko‘tarilganini taʼkidlagandi.

“Bu o‘rtacha global isishdan ikki baravar yuqori”, — dedi davlat rahbari. “Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yo‘qotildi”.

O‘zbekiston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, agar bu tendensiya davom etsa, yaqin yigirma yilda mintaqadagi ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryoning oqimi 15 foizga kamayishi mumkin.

“Aholining jon boshiga suv bilan ta’minlanishi 25 foizga, ekinlar hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda”, — deya prezident o‘shanda xalqaro hamjamiyatni chora ko‘rishga chaqirgan.

Hujjatda, shuningdek, barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindilarni qayta ishlash, energiya samaradorligini oshirish, barqaror turizmni rivojlantirish, “aqlli shaharlar” va barqaror transportni rivojlantirishga ko‘maklashish uchun Markaziy Osiyo davlatlarining ilmiy-texnik salohiyatini mustahkamlash taklif qilingan.

Xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlovi

O‘zbekiston uchun iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energiya ulushini keskin oshirish strategik vazifa bo‘lib qolmoqda.

Rezolyutsiya loyihasiga BMTga a’zo 35 davlat tomonidan dunyoning barcha mintaqalaridan hammualliflik qilingan. Ular orasida Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Vengriya, Venesuela, Xitoy, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Germaniya, Shveysariya, Malayziya, Nikaragua, Singapur, Turkiya, Paragvay va boshqalar bor.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »