Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Markaziy Osiyo jahon siyosati va iqtisodiyoti uchun katta strategik ahamiyatga ega. Biroq mintaqa barqarorligi va rivojlanishiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan qator jiddiy tahdidlarga ham duch kelinmoqda. Ushbu maqolada Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun asosiy tahdidlarni ko‘rib chiqib, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ekspertlarining joriy vaziyat va ushbu muammolarni hal qilish yo‘llari haqidagi qarashlarini tahlil qilamiz.

Qozog‘iston

Taisiya Marmontova, qozog‘istonlik siyosatshunos

Markaziy Osiyo dunyoning asosiy mintaqalaridan deyarli farq qilmaydi. Shu sababdan klassik va yangi tahdidlar bizga ham talluqli. Klassik tahdidlarga harbiy xavfsizlik kiradi. Ammo, umuman olganda, muayyan bir harbiy mojaro tahdidi yo‘q. Terrorizm, ekstremizm, narkotrafik bilan bog‘liq tahdidlar ham mavjud, ammo ular huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati doirasida, qolaversa, xalqaro tashkilotlar, masalan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti faoliyat doirasida muvaffaqiyatli hal qilinmoqda.

Yangi xavfsizlik tahdidlariga kelsak, bu yerda vaziyat ancha murakkab. Biz uchun ekologik tahdidlar jiddiy, ya’ni ichimlik suvining yetishmasligi. Markaziy Osiyo ichimlik suvi tanqisligini boshdan kechirib kelgan va bundan keyin ham duch keladigan sakkizta mintaqadan biridir. Bu Osiyo taraqqiyot bankining prognozi. Ichimlik suvi zahiramizning asosiy qismi stressda. Shunga ko‘ra, biz bu borada ishlashimiz kerak.

Yana bir muhim jihat — oziq-ovqat xavfsizligi masalasi. Bizda bevosita ocharchilik tahdidi bo‘lmasa-da, ekologik buzilish va iqtisodiy xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar bor – oziq-ovqat sifati va o‘zimizda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning yetarli bo‘lishi. Biz importga ancha qarammiz. Aytish joizki, bu yerda Markaziy Osiyo mamlakatlarida vaziyat bir-biridan farq qiladi. Umuman olganda, ocharchilik tahdidi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu masala Tojikiston va Qirg‘izistonga ta’sir qilishi mumkin. Chunki bu ushbu respublikalardagi qashshoqlikning yuqori darajasi bilan bog‘liq. O‘zbekiston va Qozog‘istondagi ahvol yaxshi.

XXI asr tahdidlari qarshisida mintaqa qanday qilib o‘zini himoya qila oladi?

100 foiz hech qanday. Ammo, umuman olganda, xavflarni kamaytirish, tashqi va ichki bosimga qarshi turishning eng yaxshi quroli bu hamkorlik, axborot va o‘zaro ta’sir, deb aytishimiz mumkin.

Ya’ni, shunga ko‘ra, bu xalqaro tuzilmalarda faol ish olib borish, diplomatiyani rivojlantirish va katta muammolarni birgalikda hal qilish imkonini beradigan hamkorlik vositalari va yo‘llarini topishdir. Chunki tavakkal qilib yolg‘iz kurashish juda qiyin.

Yirik davlatlar bosimini chetlab o‘tish imkonsiz. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rta kuch deb ataladi, shuning uchun Rossiya, Xitoy, AQSH va Yevropa Ittifoqi kabi super o‘yinchilarning bosimiga bevosita qarshilik ko‘rsatish befoyda. Chunki ular quvvat parametrlari, iqtisodiy kuchi bo‘yicha bizdan o‘zib ketmoqda. Ammo hozir Qozog‘iston ko‘p vektorli tashqi siyosat yo‘lida, bu tahdidlarga berilmaslik, shantajdan qochish va o‘z manfaatlarini himoya qilishni o‘z ichiga oladi. Ya’ni, teng masofa saqlash, manyovr, moslashuvchan muzokara strategiyalaridan foydalanish va birinchi navbatda, o‘zaro ta’sir o‘tkazish.

Qirg‘iziston

Grigoriy Mixaylov

“Logistan” Telegram kanali bosh muharriri, Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert

Markaziy Osiyoga tahdidlar ro‘yxati ancha uzun. Biz tabiiy ofatlar va iqlimiy hodisalar bilan bog‘liq tahdidlarni alohida ko‘rsatishimiz mumkin: sel, cho‘llanish va boshqalar.

Shuningdek, inson faoliyati bilan bog‘liq tahdidlarni, masalan, strategik muhim infratuzilma obyektlarining yuqori darajada eskirishini ta’kidlash kerak. Buni hozir Qirg‘izistonda kuzatish mumkin, Qozog‘istonda energetika bilan bog‘liq muammolar mavjud.

Shuningdek, mintaqa davlatlari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlar bilan bog‘liq tahdidlarga ham eʼtibor qaratish lozim. Bu, masalan, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hal etilmagan chegara muammosi.

Bundan tashqari, aholi soni o‘sishini ko‘rsatish mumkin. Shu bilan birga, yer, suv va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yetarli emas.

Shuningdek, ekstremistik kayfiyatning kuchayishi, qurolli to‘qnashuvlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan siyosiy inqirozlar ehtimoli bor — ro‘yxat juda uzun.

Mintaqaning o‘ziga qanday yordam ko‘rsatish masalasiga kelsak, bu yerda 20 yil oldin amalga oshirilishi kerak bo‘lgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar mavjud — energiya yoki suv tanqisligi muammosini oldini olishdan tortib, allaqachon yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun katta miqdordagi mablag‘, kuch va resurslarni sarflashgacha.

Mintaqa uchun eng dolzarb muammolarni hal qilish uchun o‘nlab milliard dollar sarmoya, muhim siyosiy iroda va davlatlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish zarur. Bundan tashqari, unchalik ommalashmagan choralar ham mavjud bo‘lib, aholining bir qismi ularga qarshi. Bu ancha murakkab masala.

Ko‘p sonli muammolarni keltirib chiqaradigan va murakkab yechimga ega bo‘lgan mavzuga misol qilib Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi hal etilmagan chegara muammosini keltirish mumkin.

Buni murosa yo‘li bilan hal qilishga bo‘lgan har qanday urinish muqarrar ravishda siyosiy vaziyatning keskinlashishiga va ma’lum bir davlat hokimiyatining obro‘siga putur yetkazadi. Bu masalaning hal etilmagani chegarada qurolli to‘qnashuvlar xavfini keskin oshiradi.

Jumagulov Baktibek,

Yevrosiyo strategik tadqiqotlar markazi direktori, siyosatshunos

Ichki omillar xavfsizlikka asosiy tahdiddir, muhim savol: ular qayerdan kelib chiqadi? Odatda ular bir emas, bir nechta omillar bilan bog‘liq. Hokimiyat uchun tartibsiz kurash, jamiyatdagi siyosiy tafovutlar, ekstremistik diniy kuchlarning tajovuzkorligi, mintaqaviy nizolar, etnik qarama-qarshiliklar va hokazolar — bularning barchasi sabab bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, tahdidlar orasida tashqi tahdidlarni ajratib ko‘rsatish kerak: xalqaro terrorizm, radikal mafkura, tabiiy resurslar va hudud uchun harbiy qarama-qarshilik.

Ichki muammolar eng katta xavf tug‘dirar ekan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni saqlashning asosiy yo‘li ularni bartaraf etish bo‘lishi kerak. Hatto tashqi xavf-xatarlarga qarshi to‘siq ham birinchi navbatda mamlakatlar ichida qurilishi kerak. Darhaqiqat, Markaziy Osiyo davlatlari buni tobora anglab yetmoqda, islohotlar ham shunga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Iqtisodiyotni rivojlantirish, qashshoqlikka barham berish, korrupsiyaga qarshi kurashish, ijtimoiy adolat, aholi turmush darajasini oshirish hamda milliy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash islohotlarning asosiy elementlari bo‘lishi kerak. Albatta, bu uzoq va og‘riqli jarayon bo‘lib, muvaffaqiyatga bir kunda erishib bo‘lmaydi.

Yevrosiyoda barqarorlik va xavfsizlikni saqlashning asosiy mexanizmlaridan biri Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) hisoblanadi. Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘z faoliyati davomida jahon miqyosida muhim siyosiy salmoq va nufuz orttirdi. 2021-yilda AQSHning Afg‘onistonni tark etishi va bu davlatda yangi siyosiy rahbariyat hokimiyatga kelishi munosabati bilan voqealar rivojining o‘ta pessimistik ssenariylari paydo bo‘lmoqda.

Terrorizm, narkotik moddalar kontrabandasi, noqonuniy migratsiya va gumanitar falokat ko‘rinishidagi mintaqaviy tahdidlarning kuchayishi ehtimoli yuqori. Shanxay hamkorlik tashkiloti Yevrosiyo xavfsizlik arxitekturasining muhim elementi bo‘lib, bu tahdidlarga qarshi turish uchun yaxshi salohiyatga ega.

Tashkilotning 2021-yil sentyabrda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan yubiley sammitida umumiy pozitsiya ishlab chiqildi. SHHTga aʼzo barcha davlatlar afg‘on muammosini siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal etish tarafdori bo‘lib, inklyuziv hukumat tuzish zarurligini taʼkidladi. Eron to‘laqonli ishtirokchi sifatida mintaqaviy muammolarni hal qilishda tashkilot uchun qo‘shimcha ustunlikka aylandi. Afg‘oniston rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi Eron omili Afg‘onistonning yangi hokimiyatlari bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishning asosiy omillaridan biriga aylanishi mumkin.

Shunday qilib, SHHT xavfsizlik sohasida muhim integratsiya salohiyatiga ega, tashkilot Afg‘oniston muammosida o‘zining ijobiy rolini o‘ynashi kerak.

Zamonaviy sharoitda Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash nihoyatda zarur. Shunday qilib, mintaqadagi barcha davlatlar uchun eng dolzarb masala ichki siyosiy barqarorlik va xavfsizlikdir.

Giyohvand moddalar savdosi va Afg‘onistondan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan tahdidlar Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun dolzarbdir.

Dunyo manzarasining o‘zgarishi, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat, Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar va tashqi o‘yinchilarning kuchayishi sharoitida Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bo‘yicha ortib borayotgan xavf-xatarlarga duch kelmoqda. Bu vazifalar joriy yilda ham dolzarbdir.

Faqat qo‘shma mudofaa tadbirlari, mashg‘ulotlar, shuningdek, KXSHT kabi tashkilotlar doirasidagi harakatlar Markaziy Osiyo davlatlarini turli tahdidlardan himoya qila oladi.

Bu turli platformalar — KXSHT, SHHT, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va boshqa bir qator platformalar doirasida integratsiya va ko‘p tomonlama hamkorlikni taqozo etadi.

                                                                                                        Azamat Xaydaraliyev

Surayyo Majidova
Muxbir:

Surayyo Majidova

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »