Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Daryo”ga kelib tushgan navbatdagi murojaatda Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida yashovchi, hali olti yoshga ham yetmagan Akbarshoh ismli bola qiynoqlar va ruhiy bosim ostida yashayotgani, “dom”dan pastga tashlab yuborish bilan qo‘rqitilgani xabar berildi. Bu haqda jurnalistga gapirib bergan bola va uning otasi Ulug‘bek Azizovga ko‘ra, bolani qiynoqqa solayotgan, unga ruhiy bosim o‘tkazayotgan o‘zining onasi va o‘gay otasi ekan. 

Farzandim Akbarshohning ayni kundagi ahvoli meni tashvishlantirmoqda. Sababi bolam sobiq ayolim va uning ayni kundagi turmush o‘rtog‘i Jasur tomonidan doimiy ravishda kaltaklanayotganligi, ruhiy va jismoniy bosimlar olayotgani ota sifatida meni tashvishlantirmoqda. Shu sabab “Daryo” nashriga murojaat qilishga majbur bo‘ldim, — deydi murojaatchi ota Ulug‘bek Azizov. 
Ulug‘bek Azizov. 
Foto: “Daryo”

Farzandi taqdiridan tashvishlanayotganini aytgan otaning bildirishicha, u bu muammo yuzasidan ko‘plab tashkilotlarga murojaat qilgan, o‘nlab rahbarlar eshigini qoqqan. Biroq, hech qanday natijaga erishmagan. 

Bolaning oyog‘idagi ko‘karishlar.
Foto: Ulug‘bek Azizov
Men farzandim sog‘-salomat ulg‘ayishini, adolat ta’minlanishini xohlayman, xolos. Men rahbarlardan dunyo so‘ramayapman. Yoki biror bir jinoyat sodir etib, uni yopishlarini iltimos qilmayapman. Farzandim ruhiy azob chekib, qiynalayotgani sabab uni himoya qilishga harakat qilayotgan otaman, — deydi u. 
Bola tanasidagi izlar.
Foto: Ulug‘bek Azizov

“Daryo”ga taqdim qilingan videomateriallarda bolaning tanasida qontalashlar borligini, ko‘karishlar yuzaga kelganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, bolaga Ichki ishlar xodimlari ekani aytilgan suhbatdoshlarning savol bergani, Laylo ismli ayolga borishi kerakligini aytgani eshitilgan. Bunga javob bergan bola esa Laylo va Jasur ismli fuqarolar uni urganini aytib, onasiga bormasligini gapirgani eshitilgan. 

Bolaning xarob ahvoli.
Foto: Ulug‘bek Azizov

Akbarshoh o‘g‘lim, sobiq ayolim va uning hozirgi undagi turmush o‘rtog‘i tomonidan doimiy kaltaklanadi. Qiynoqqa solinadi. Har shanba va yakshanba kunlari o‘g‘limni olishga boraman va doim ahvoli xarob ekanini ko‘raman. Bu holatni ko‘rish, o‘g‘limning qalbini his qilish judayam azobli. Lekin qo‘limdan hech narsa kelmaydi. Qonun ustuvorligini ko‘rmayapman. Murojaatlarim asossiz bo‘lib qolayotgandek, — deydi bolaning otasi. 

Foto: Ulug‘bek Azizov

Suhbatdoshga ko‘ra, sobiq ayoli bolasiga ovqat bermay, qorong‘i xonaga qamab qiynaydi, xo‘rlaydi. 

Akbarshoh Qanoatov.
Foto: Ulug‘bek Azizov
Sobiq oilam ko‘p bosim o‘tkazmoqda. Qayerga borsang bor, orqamda mana bu, mana bu insonlar turadi deganining isbotini ko‘ryapman. 102 ga murojaat qilganimda ko‘p narsa sobiq ayolim aytganidek bo‘lganini ko‘rdim. Ko‘p tashkilotlarga bosim bo‘layotganini ko‘ryapman. Men adolat tantana qilishini so‘rayman. Nima uchun farzandim qiynoqlar bilan yashashi kerak? Onasiga borishni xohlamayapti. Muttasil qiynalyapti. Hatto ovqat bermay, qorong‘i xonalarga qamab qiynar, xo‘rlar ekan. Och holatda qiynashar ekan. Jasur urganini onasiga aytsa, yana onasi tomonidan kaltaklanar ekan. Bolam shunchalar ruhiy iztirobda qolganki, kechalari uxlolmay chiqadi. Qiynaladi. “Dada Laylo kelyapti, dada Jasur kelyapti, uradi meni”, deb, cho‘chib uyg‘onadi. Uyga qo‘yilgan kameralarimni kelishmayaptimi deb, monitordan kuzatib turadi. Hadiki bor. Hatto ko‘chaga chiqishga qiynaladi. Xavotiri bor. Qo‘limdan ushlab oladi. “Dada qo‘yib yubormang, meni o‘g‘irlab ketadi”, deydi. Bir bola shunchalik qiynalib yashashi mumkinmi?, — deydi Ulug‘bek Azizov. 
Laylo Jovliyeva.
Foto: “Daryo”

“Daryo” jurnalistining bu haqidagi savollariga javob bergan bolaning onasi — Laylo Jovliyeva farzandiga bu gaplar o‘rgatilganini, ona sifatida bolasiga nisbatan bundayin jirkanch ishlar qilolmasligini aytmoqda. 

Akbarshoh Qanoatov.
Foto: Ulug‘bek Azizov
Ekspertiza xulosalariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, to‘g‘ri, bolamning tanasida qontalashlar aniqlangan. Ammo bu qontalash deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Ko‘rik paytida bolamning ahvoli yaxshi ekanini suratlaridan ko‘rish mumkin. Ekspertiza bolamning tanasidagi qontalashlar kim tomonidan orttirilganiga aniqlik kiritmagan. Onasi, otasi yoki boshqa bir shaxs tomonidan zarar yetkazildi, degan asos yo‘q. Ular tomonidan taqdim qilinayotgan fikrlarga ko‘ra, bolamga doimiy ravishda bosim o‘tkazilgan. Qiynoqqa solingan. Ruhiy bosim bo‘lgan. Ammo bolamning holati ekspertiza qilingan hujjatda buning aksi ko‘rsatilgan, — deydi bolasini kaltaklab, doimiy xo‘rlab kelgani aytilgan ona.
Foto: Laylo Jovliyeva

Laylo Jovliyevaning aytishicha, u farzandining otasi, sobiq turmush o‘rtog‘i unga qo‘yayotgan ayblovlarini asoslash uchun hujjatlar ham tayyorlagan. 

Foto: Laylo Jovliyeva
Bolamning oyoqlarini kir qilib, tirnoqlarini o‘stirib, rasmga olishgan. Holbuki, men farzandimni ikki oydan beri ko‘rmadim. Bolam ularning xonadonida yuribdi. Ular bolani onadan ayirib, Ma’muriy kodeks talablarini ham buzmoqda. O‘zlarining fikrlariga real tus berish uchun bolamni kir ahvolda rasmga ham olishgan. Besh yoshdan oshgan bolamga qizil so‘rg‘ich berib, qo‘liga qizil bo‘yoq surtib, soxta rasmlar qilib, buni onasi qilyapti degan vajlarni aytib kelishmoqda, — deydi bolasini doimiy urushini rad etgan ona. 

Bolasi taqdiridan xavotirga tushayotganini aytgan Ulug‘bek Azizovga ko‘ra, holatga Bolalar ombudsmani ham e’tiborsiz bo‘lmoqda.

Foto: Ulug‘bek Azizov
Bolalar ombudsmaniga advokatim bilan birga hujjatlarni tayyorlab, yuborganmiz. Lekin ancha vaqtgacha o‘rganilmadi. Keyinchalik telefon qilib, voqea tafsilotlarini so‘rashdi. Va bu holatni Ichki ishlarga yuborishlarini aytishdi. Nega ombudsmanning o‘zi o‘rganmaydi, — dedi Ulug‘bek Azizov. 

Ulug‘bek Azizovning advokati O‘tkir Safarovning ma’lumot berishicha, Qarshi shahar Ichki ishlar boshqarmasi psixologi Doston Amirqulov bola onasi bilan yashay olmaydi, degan xulosa bergan. 

O‘tkir Safarov.
Foto: “Daryo”
Ichki ishlar psixologi bola onasi bilan yashamasligi kerak degan yakdil xulosa bergan. Ammo bola huquqlarini himoya qiluvchi sho‘ba bu holatga jim qarab turibdi, — deydi advokat. 

Qarshi shahar IIB inspektor psixologi, leytenant Doston Amirqulov voyaga yetmagan Akbarshoh Qanoatov bilan olib borilgan suhbat davomida bolaning onasi Laylo Jovliyeva farzandiga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazib, shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lib kelganini aniqlagan. 

Qarshi shahar IIB inspektor psixologi xulosasi
Foto: “Daryo”
Akbarshoh Qanoatovga nisbatan kelgusida noxush holatlarning oldini olish, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishidan saqlash, uning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarning oldini olish maqsadida fuqaro Jovliyeva Laylo bilan birga yashashligi bola psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sabab holat yuzasidan qonuniy to‘xtamga kelish kerak, — deyiladi leytenant Amirqulovning Qarshi shahar IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari Farrux Ibragimovga yozgan ma’lumotnomasida. 

Leytenant Doston Amirqulov “Daryo” jurnalisti bilan telefon orqali suhbati davomida uning bu xulosasi mas’ullarga taqdim etilganini, ammo xulosaning keyingi taqdiridan xabardor emasligini ma’lum qildi. Jurnalistning bu xususida intervyu berish taklifiga javoban esa, rahbariyatidan ruxsat olishi kerakligini, so‘ng biror xulosaga kelishini aytdi. Biroq, va’da qilingan paytda uning telefoni o‘chirilgan edi. Inspektor psixologning mazkur xulosasini tan olmasligini aytgan ona — Laylo Jovliyeva bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lganini bildirdi.

Foto: Laylo Jovliyeva
Inspektor psixolog Amirqulov Doston sobiq qaynakam Azizov Oybek bilan 2019—2021-yillar mobaynida Qarshi davlat universiteti qoshidagi akademik litseyda birga ishlab kelgani to‘g‘risidagi ma’lumotnoma mavjud. Shu sabab bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi bor. Xodim bu haqida o‘z vaqtida rahbariyatiga ma’lumot berishi kerak edi, — deydi ona. 

Murojaatchi otaning tushuntirishicha, kaltaklangan farzandi bu haqda otasiga aytsa, o‘ldirish bilan qo‘rqitilgan. 

Bolamni 2023-yilning 25-oktyabr kuni olganimda uning ahvoli juda yomon edi. Yo‘lda qayt qilaman deb to‘xtatdi. Nima bo‘ldi deb so‘raganimda, “aytib bersam meni o‘ldirishadi”, dedi. Qayta-qayta so‘raganimdan keyin “dada o‘ldiraman deb aytgandi, gapirolmayman, meni qiynadi”, deya yig‘ladi. O‘g‘lim mendan qo‘rqma, hammasini ayt dedim. Shunda o‘g‘lim “dada meni qutqaring, bular meni qiynayapti, ovqat bermay qiynayapti”, deb yig‘lay boshladi. Sobiq ayolimga SMS yozib, “Jasur (sobiq ayolining turmush o‘rtog‘i) nega bolamni uradi? Nima haqqi bor”, deb so‘radim. “Tuhmat qilma”, dedi. Shu kuni 102 ga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berdim. O‘sha kuni soat 23:00 atrofida uyimiz darvozasi taqillab, sobiq ayolim va uning turmush o‘rtog‘i uyimga bostirib kirdi. Jasur o‘sha kuni kalit bilanmi biqinimga urdi. Ichki ishlar xodimlari keyin bizni olib ketishdi, — deydi murojaatchi. 

Tahririyatga taqdim qilingan videolardan anglashilishicha, Ichki ishlar xodimlari o‘sha kuni bola bilan suhbat qurgan. Va undan kim bilan ketishini so‘ragan. Bola suhbat davomida onasi Laylo va Jasur ismli fuqarolar urganini, shu sabab ularga bormay, dadasi Ulug‘bek Azizov bilan ketmoqchiligini aytadi. Akbarshoh dadasi bilan ketishini aytgach, Ichki ishlar xodimlari bolani Ulug‘bek Azizovga berib yuborgan. Bolaning onasi Laylo Jovliyeva esa bundan norozi bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr
O‘sha kuni Ichki ishlar xodimlari o‘z vakolatiga kirmaydigan ishni qilib, bolani otasiga berib yubordi. Shu sabab bu holat yuzasidan bir necha bor viloyat prokuraturasiga, shahar prokuraturasi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilganman. Arizalarimiz o‘rganish jarayonida, — deydi Laylo Jovliyeva. 

Kamera qarshisida ota-onasi haqida gapirgan Akbarshoh onasi Laylo Jovliyeva hamda Jasur ismli shaxslar tomonidan kaltaklanganini aytdi. 

Akbarshoh Qanoatov.
Foto: “Daryo”
Buyog‘imga, buyog‘imga, boshimga Laylo urgan. Ahmoqligi uchun. Laylo ahmoq va yomon. Men yomon ish qilmadim. Meni qamoqxonaga qo‘yib qo‘yadi. Qo‘rqaman. Ayam yomon, aya demayman hech qachon, — deydi doimiy ravishda kaltaklanib kelgani aytilgan Akbarshoh. 

Laylo Jovliyeva bunga javoban farzandi u bilan yashayotgan paytda xursand bo‘lganini, buni suratlarga muhrlaganini aytib, fotosuratlar taqdim qildi. Onaning aytishicha, u farzandini yaxshi bog‘chada tarbiyalaydi. 

Foto: Laylo Jovliyevaning shaxsiy arxividan
Bolam bolaligini yashayapti. Lekin ayni kunda farzandim ularning ta’sirida. Ikki oy uch kundan beri bolamni ko‘rganim yo‘q. Bolam menga shunchalik mehribon ediki, mening allamsiz uxlamasdi. Bolamga shunaqa o‘rgatishmoqda, aytmasa qo‘yishmaydi. Bolamga psixologik ta’sir o‘tkazilmoqda. Bolam bilan meni yarim soat ko‘rishtirishsa, undagi mehr ko‘rinadi. Qolaversa, odatda 10 yoshdan boshlab bolaning fikri inobatga olinishi kerak. Bolam men bilan suhbatlashganda ham “aya meni bobom o‘ldiraman dedi, dadam urdi”, deydi. Bu besh yashar bolaning gapi, men buni yaxshi bilaman. Mening tarbiyamdagi bola faqat sevgi bilan katta bo‘ladi. Ularning qo‘lidagi bola esa nafrat bilan katta bo‘lyapti, — deydi farzandining rasmlari va videolarini ko‘rsatgan ona. 

Muntazam kaltaklanganini aytayotgan Akbarshoh Jasur ismli shaxs ham uni urganini, undan qo‘rqishini aytadi. 

Akbarshoh Qanoatov.
Foto: “Daryo”
Jasur pastga tashlab yuboraman, tomdan tashlab yuboraman dedi. Jasur “ujas” kino ko‘radi. Menga ovqat bermaydi. Layloga ovqat beradi. U begona odam, u axmoq. Ko‘proq dadam va momom yaxshi. Dadam bilan yashashni xohlayman, — deydi bola. 

Ulug‘bek Azizov bolasining kaltaklanish holatini o‘rgangan Qarshi shahridagi “Qarliqxona” MFY profilaktika inspektori faoliyatidan norozi bo‘lganini, unga bosim o‘tkazilganini ham aytmoqda. Murojaatchining aytishicha, profilaktika inspektori bolaning kaltaklanishi va sobiq ayoli bilan bo‘lgan holat haqida hech qayerga murojaat qilmasligi kerakligini bildirgan. Har qanday murojaat aylanib, aylanib unga kelishini, uni yopib yuborishini aytgan. 

Murojaatchi otaning qo‘shimcha qilishicha, u viloyat IIB boshlig‘i qabuliga kirishga uringan. Ammo bunga ko‘p to‘sqinliklar bo‘lgach, unga boshqarma axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova yordam bergan. 

Boshqarma boshlig‘i qabuliga kirdim. Boshliqning o‘zi meni kutib oldi. Bor gapni aytib berdim. Xizmat tekshiruvi tayinlanishini so‘radim. Qayta tergov bo‘lishi aytildi. Qo‘limdagi rasmlar va videolar haqiqatdan ham fotoshop emasligini isbotlash uchun sud ekspertizasi tayinlanishi aytildi. Biroq, amalda bu ishlar haligacha qilinmayapti, — deydi murojaatchi. 

Bolalar ombudsmani axborot xizmati mas’uli Rushana Aliakbarovaning voqea bazasidan “Daryo”ga bildirishicha, mas’ullar holatdan xabardor. Ularda bu haqda ma’lumotlar bor. Vaziyat o‘rganilgach, tez orada tahririyatga bu haqda qo‘shimcha ma’lumot beriladi. 

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »