Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Ekologiya vazirligi Toshkent shahri atmosfera havosi ifloslanishi yuzasidan ma’lumot berib, bunga sabab bo‘layotgan asosiy omillarni sanab o‘tdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Vazirlikning bildirishicha, poytaxt havosining ifloslanish darajasi ortib borayotganiga tabiiy va antropogen omillar sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, Toshkentda yashil hudud kamaygan. Xususan, daraxtlar va butalarning kesilishiga eʼlon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan.

Shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida bir necha marotaba qurilish ishlarini amalga oshirmaslik bo‘yicha moratoriy e’lon qilingan bo‘lsa-da, qurilishlar hanuzgacha davom etmoqda.

Аvtotransport vositalari soni ortib bormoqda. Transport vositalarining ekologik darajasi, foydalanilayotgan yoqilg‘i va yo‘l harakatini tashkil etish sifatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Jumladan, Respublika bo‘yicha avtomobillar soni 2021-yilda 3,14 mln donani tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda ularning soni 4,6 mln donaga yetdi. Bugungi kunda Toshkent shahrida bir kunda o‘rtacha 730 mingta avtotransport vositasi harakatlansa, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelmoqda. Xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan A-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda.

Shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, magistrallardagi yuklama darajasi pasaytirilmagan, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish sikli optimallashtirilmagan, yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil etilmagan. Natijada Toshkent shahrida tirbandlik holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Tirbandlikda to‘xtab turgan avtomobil esa harakatlanayotgan avtomobilga nisbatan atmosferaga ko‘proq tashlama chiqaradi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmi ortmoqda. Xususan, 2019-yilda 3,9 million tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu raqam 5,3 mln tonnaga, 2023-yil yakuniga ko‘ra esa 6,7 million tonnaga yetgan. Ko‘mir yoqilg‘isini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar esa atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarining ifloslanishiga olib kelmoqda.

Maʼlumot uchun, 10 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yoqilganida atmosfera havosiga 220 kilo qurum, 360 kilo oltingugurd II oksidi, 64 kilo uglerod oksidi, 16 kilo azot II oksidi va 2 tonna kul chiqindisi ajralib chiqadi.

Kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berish uchun mavjud Issiqlik markazlari tomonidan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazut yoqilg‘isidan foydalanish atmosfera havosining keskin ifloslanishiga hamda aholini eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Maʼlumotlarga ko‘ra, birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazlarining 9 ta qozonxonalarida dekabr oyida 3 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalanilgan.

Toshkent havosi ifloslanishiga shamol yo‘nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiatsiyasi, atmosfera yog‘inlarining miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (vertikal bo‘yicha aralash zarralarning tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiluvchi iliq havo qatlami) va boshqa tabiiy omillar ham sabab bo‘lmoqda.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahri tog‘lar bilan o‘ralgan va chuqurlikda joylashgani sababli shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yo‘l bilan chiqib ketmaydi.

Vazirlik respublika hududida atmosfera havosini muhofaza qilish borasida qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilganini bildirdi. Jumladan, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha 1 va 2-toifali sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi, mavjudlari rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilinadi.

Shuningdek, mazkur hududlarda atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni kuzatish postlari joriy etiladi, atrof-muhit monitoringini amalga oshirish uchun esa avtomatik stansiyalar o‘rnatiladi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »