Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Qatar yashil maydonlari mezbonlik qilayotgan navbatdagi Osiyo Kubogi musobaqasi boshlanganiga ham 5 kun bo‘ldi.

16-yanvar kungi F guruhidagi bahslar bilan 1-tur o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi. Unda Saudiya Arabistoni Ummonni so‘nggi daqiqalarda penaltidan urilgan gol evaziga mag‘lub etgan bo‘lsa, Tailand Qirg‘iziston ustidan ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.

1-tur bahslaridan keyin guruhlar qanday ko‘rinish olgani va qanday natijalar qayd etilgani xususida qisqacha bayon qilamiz.

A guruhi

Musobaqaning ochilish o‘yinida Qatar Livanga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuv mezbonlarning ustunligida o‘tdi. Birinchi bo‘lim so‘nggiga borib, hisob ochildi. Qanotdan ko‘tarib berilgan to‘pni Aliga kelib tushdi va u to‘pni Afifga to‘xtatib berdi, Akrom esa kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi. 

Ikkinchi bo‘limda ham qatarliklar 2 bor darvozani aniq mo‘ljalga oldi. Bu safar 56-daqiqada Almoz Ali o‘z hisobiga gol yozdirgan bo‘lsa, o‘yin so‘nggida Afif dublni rasmiylashtirdi.

Guruhning ikkinchi o‘yinida Xitoy Tojikistonga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvda hisob ochilmadi va jamoalar 1 ochkodan jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

2-turda Qatar Tojikistonga qarshi, Livan esa Xitoyga qarshi bahs olib boradi. Ikkala uchrashuv ham bugun, 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Foto: OFK

B guruhi

O‘zbekiston terma jamoasi o‘rin olgan guruh. Srechko Katanes Suriyaga qarshi bahsda Oston O‘runovdan markaziy hujumchi yasamoqchi bo‘ldi. Biroq, bu o‘ylov kutilgan natijani bermadi. O‘yin nursiz durang bilan yakunlandi. Bu yaxshi bo‘lmasa ham, juda yomon natija ham bo‘lmadi. 

O‘yindan xulosa qilib, Katanes Hindistonga qarshi bahsda tarkibga rang-baranglik kiritishini kutib qolamiz.

Guruhning ikkinchi o‘yinida Avstraliya Hindistonni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdagi gollar Jekson Irvin va Jordan Boslar hisobiga yozildi.

2-tur bahslari 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. Avstraliyaning Suriyaga qarshi o‘yini 16:30 da start olsa, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi uchrashuv 19:30 ga belgilangan.

Foto: OFK

C guruhi

Eron Falastinni yirik, 4:1 hisobida mag‘lub etdi. O‘yindagi dastlabki gol 2-daqiqadayoq urildi. Karim Ansarifard o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi. 12-daqiqada Shoja Halilzoda darvozani ishg‘ol qildi. 38-daqiqada Mehdi Gayedi hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. Birinchi bo‘lim oxirida Tamer Seyam javob golini urishga muvaffaq bo‘ldi. 

Ikkinchi bo‘limda esa eronliklar yana bir bor darvozani aniq mo‘ljalga oldi. Bu safar gol Sardor Azmun hisobiga yozildi. Shu tariqa Eron musobaqani yirik g‘alaba bilan boshladi.

Guruhdagi ikkinchi o‘yinda esa BAA va Gong Kong o‘rtasida kechdi va unda 3:1 hisobida BAA g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi gollarga Sulton Odil, Zayed Sulton, Yahyo Alhassani (BAA) va Chan Siu Kvan (Gong Kong) mualliflik qildi.

2-turda BAA Falastin bilan bahs olib boradi. Eron esa Gong Kongni sinovdan o‘tkazadi. Birinchi o‘yin 18-yanvar kuni 22:30 da start olsa, ikkinchi o‘yin 19-yanvar kuni xuddi shu soatlarga belgilangan.

Foto: OFK

D guruhi

Yaponiya qanaqadir yarim soat ichida barchaning kuchli hayratiga sabab bo‘ldi. 11-daqiqada Minaminoning goli evaziga hisobni ochgan yaponlar Vyetnamdan ketma-ket 2 ta gol o‘tkazib yubordi. 16-daqiqada burchakdan oshirilgan to‘pni Nguyen boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi. 33-daqiqada esa ajoyib hujumni Hai Pham gol bilan yakunladi. 

Shundan so‘ng yaponlar golli vaziyatlarni ketma-ket yarata boshladi va birinchi bo‘lim oxirigacha hisobni tenglashtirish bilan birga, oldinga ham o‘tib oldi. 45-daqiqada Minamino yana bir bor darvozani ishg‘ol qildi. Hakam qo‘shib bergan 4-daqiqada Nakamura Yaponiyaning uchinchi goliga mualliflik qildi. Ikkinchi bo‘limda Ayasi Ueda ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Yakuniy hisob 4:2, yaponlar foydasiga.

Guruhdagi ikkinchi o‘yin Iroq va Indoneziya o‘rtasida kechdi. Ushbu uchrashuvda iroqliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.

2-turda Yaponiya Iroqqa qarshi o‘ynaydi (19-yanvar, 16:30), Indoneziya esa Vyetnam bilan kuch sinashadi (19-yanvar, 19:30).

Foto: OFK

E guruhi

Nafaqat ushbu guruh, balki, turnir favoritlaridan biri bo‘lgan Janubiy Koreya Bahraynga qarshi bahs olib bordi. O‘yindagi dastlabki gol 38-daqiqada Hvan In-Beom tomonidan kiritildi. 51-daqiqada Abdulloh al-Hashash hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. 56 va 68-daqiqada Li Kang In darvozani ishg‘ol qilib, koreyaliklarning ishonchli g‘alabasiga hissa qo‘shdi.

Guruhdagi navbatdagi o‘yin Iordaniya va Malayziya o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Iordaniya 4:0 hisobida raqibini tor-mor etdi.

2-turda guruhdagi ikkala g‘olib jamoalar Janubiy Koreya va Iordaniya bir-biriga to‘qnash keladi. Uchrashuv 20-yanvar kuni 16:30 da start oladi. Bahrayn va Malayziya o‘rtasidagi o‘yin esa o‘sha kuni 19:30 ga belgilangan.

Foto: OFK

F guruhi

Saudiya Arabistoni va Ummon o‘rtasidagi bahs ancha qiziqarli kechdi. Dastlab, 14-daqiqada Saloh al-Yahyoyi penaltidan unumli foydalanib, hisobni ochdi. 78-daqiqaga kelib, saudiyaliklar muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Abdulrahmon G‘arib jarima maydoni ichigacha kirib borib, bir necha himoyachi qurshovida bo‘lsa ham darvozaga zarba yo‘lladi va hisobni tenglashtirdi. 96-daqiqada Saudiya yana bir bol gol urdi. Ali Albulayhi burchakdan oshirilgan to‘pni boshi bilan darvozaga joylashtirdi. Biroq, hakam bu golni o‘yindan tashqari holat deya baholab, hisobga olmadi. Ammo, keyinchalik qaror o‘zgartirilib, o‘yindan tashqari holat bo‘lmagani aniqlandi. Shu tariqa Saudiya Arabistoni irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Ikkinchi o‘yinda Tailand Qirg‘izistonni 2:0 hisobida taslim etdi. Supachai Chaided uchrashuvda dublni rasmiylashtirdi.

2-turda Saudiya Arabistoni Qirg‘iziston bilan (21-yanvar, 22:30), Tailand esa Ummon bilan (21-yanvar, 19:30) bahs olib boradi.

Foto: OFK

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »