Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-fevraldan qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash va qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etiladi.

Reyting doirasida tadbirkorlar quyidagi toifalarga ajratiladi:

  • “AAA”, “AA” va “A” toifalar — yuqori barqarorlik reytingi;
  • “VVV”, “VV” va “V” toifalar — o‘rta barqarorlik reytingi;
  • “SSS”, “SS” va “S” toifalar — qoniqarli barqarorlik reytingi;
  • “D” toifa — quyi barqarorlik reytingi.

Reyting Soliq qo‘mitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida idoralararo axborot almashinuvi vositasida avtomatik tarzda (onlayn) shakllantiriladi va Savdo-sanoat palatasi saytida e’lon qilib boriladi.

Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar har yili 20-avgust — Tadbirkorlar kuni arafasida taqdirlash uchun davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga tavsiya etiladi.

“Endi ushbu reyting orqali tadbirkorlar o‘rtasida qonunlarga itoat qilish, intizomli va harakatchan bo‘lishni rag‘batlantirish zarur. Buni joriy qilish va samaradorligini ta’minlashda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat kengashining o‘rni katta bo‘lishi kerak”, — degan edi Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishganda.

Reyting joriy qilinishi tadbirkorlar faoliyati uchun o‘ziga xos rag‘bat bo‘ladi. Buning ahamiyati haqida davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida aytilgan edi. Shundan so‘ng mazkur reytingning mezonlari va tartib-tamoyillari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar faoliyat davri, rentabellik darajasi, to‘lov intizomi, aholi bandligidagi o‘rni va ish haqi kabi 23 ta mezon asosida 4 ta toifaga ajratiladi. Bu soliq, adliya va sud organlari ma’lumotlari asosida shakllanadi. Har bir tadbirkor o‘z o‘rni va bahosini real vaqtda bilib borishi mumkin bo‘ladi.

Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun barcha soliq tekshiruvlari bekor bo‘ladi, qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bir kunda va boshqa soliq turlari bo‘yicha ortiqcha to‘lov uch kunda qaytarib beriladi. Tovarlarni import qilishda va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini bojxona va soliq organlarida o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi. Auksionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini bo‘lib to‘lash muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi. Bunda kamida 15 foiz miqdorida dastlabki to‘lovni biryo‘la amalga oshirganda, qolgan summaga yillik foizlar hisoblanmaydi.

Tadbirkorlar faoliyatiga soliqchilar emas, elektron tizim baho beradi. Kelgusida subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar reytingdan kelib chiqib beriladi. Ko‘rsatkichi past bo‘lganlar intizomli tadbirkorlar safiga kirish va ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lish uchun harakat qiladi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »