Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Daryo muxbiri AQSHda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari yuzasidan siyosatshunoslik fanlari doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayev bilan suhbatlashdi

Shu yil noyabr oyida AQSHda navbatdagi prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda saylovoldi jarayonlari tobora avj olib boryapti. Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, asosiy nomzodlar amaldagi prezident Jo Bayden va sobiq prezident Donald Tramp bo‘ladi. Nomzodlarning imkoniyatlarini qanday baholagan bo‘lardingiz?

Sayfiddin Jo‘rayev: 
— Odatda, amaldagi rahbar ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ladi. Baydenning resurslari ko‘proq, islohotlarini odamlar ko‘rgan, ko‘ryapti ham. Lekin bu 15-yanvargacha bo‘lgan holat edi, hozir esa real holat o‘zgaryapti. Tramp praymerizdan o‘tdi va o‘tishi bilan reytingi ko‘tarilib ketdi. AQSHda nomzodlarning ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi farq bamisoli ob-havo maʼlumoti singari har kuni o‘lchab boriladi, ayni kunda 5-6 foizlik farq bilan Tramp oldinga o‘tdi. Bayden jamoasi haqida gapirgan, u mamlakatga migrantlarning kelishiga qarshi emas, shunga imkon beradigan qarorlar qabul qilingan, shartlar yaratilgan. Respublikachilar, yaʼni Tramp tarafdorlari esa bunga qarshi. Migrantlar AQSHga asosan Texas orqali o‘tib keladi, garchi keyin ular mamlakat bo‘ylab tarqalib ketsa-da, birlamchi konsentratsiya sababli Texasda vaziyat keskinroq bo‘ladi. Tramp migrantlar masalasida Baydendan ko‘ra boshqacharoq munosabatda, uning pozitsiyasi aholining maʼlum qatlamlariga maʼqul... Hozir dunyoni tuzilishi o‘zgaryapti. Eski kuch markazi bo‘lgan Amerika boshchiligidagi tizimga “zil ketdi”. Bu borada ham ikkala nomzodning yondashuvi farq qiladi. Jo Bayden: “Biz oldingi ustunlik va rahbarlikni saqlab qolamiz, ittifoqchilarimizni qo‘llaymiz, qarshilarni esa qattiq jazolaymiz”,— degan fikrda bo‘lsa, Tramp: “Amerika faqat amerikaliklar uchun, biz olamshumul muammolar ustida bosh qotirishimiz shart emas, biz o‘z muammolarimizni hal qilishimiz lozim. Butun dunyoda Amerika siyosatini yuritamiz, deb o‘ta og‘ir moliyaviy, iqtisodiy muammolarni yelkamizga ortib olishimiz kerakmas”, — degan fikrda.

Donald Tramp 2017—2021-yillarda AQSHni boshqardi va kutilmaganda ikkinchi saylovlarni boy berib qo‘ydi. Nega kutilmaganda deyapman, chunki undan oldingi uchta prezident – Obama, Klinton va kichik Jorj Bush ketma-ket ikkita saylovlarda g‘alaba qozongan edi. Binobarin, Tramp o‘sha paytda mag‘lubiyatiga sabab bo‘lgan pozitsiyalarini o‘zgartirdimi, u qanday yangi g‘oyalar bilan maydonga chiqyapti?

Sayfiddin Jo‘rayev: 
— Aslida, Tramp yutqizmagan edi, u saylovchilarning ko‘proq ovozini olgan bo‘lsa-da, AQSH saylov qonunchiligidagi o‘ziga xosliklar sababli Bayden g‘olib deb topilgan edi. Umuman, Amerika siyosiy tizimi islohotlarga muhtoj bo‘lib boryapti. Trampning mag‘lubiyatiga asosiy sabablardan yana biri – o‘sha paytda mamlakatdagi ichki ziddiyatlar. Tramp – tadbirkor, ishbilarmon odam, u qanday qilib prezident bo‘lib qoldi? Bu fakt ham tizimning islohotlarga, yangiliklarga muhtojligini ko‘rsatib turibdi. Biroq o‘sha mag‘lubiyatdan so‘ng, oradan o‘tgan 4 yil davomida Tramp o‘zining asosiy siyosiy qarashlarini o‘zgartirmadi.

— O‘quvchilarimizni qiziqtiradigan masalalardan biri – AQSH prezidentligiga nomzodlar Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga nisbatan qanday munosabatda? Yaʼni, saylovlarning natijasi bizga qanday taʼsir ko‘rsatishi mumkin?

Sayfiddin Jo‘rayev: 
— Aytish lozimki, ikkala tomonda ham O‘zbekistonga nisbatan ijobiy yondashuv mavjud. Donald Tramp saylansa ham aloqalarimiz rivojlanishda davom etadi, deyish mumkin. Chunki O‘zbekiston prezidenti ilk saylangan vaqtida Tramp bilan uchrashib, samarali muzokaralar o‘tkazgan edi. O‘shanda strategik ahamiyatga ega hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olingan. Bayden saylangandan keyin ham bu siyosat o‘zgarmadi, hamkorlik davom etyapti, ustiga-ustak, Bayden davrida S5+1 formatida Markaziy Osiyo yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Yaʼni AQSH Markaziy Osiyoni yaxlit hudud sifatida qabul qilmoqda va yangilanayotgan dunyoda aloqalarning yangi mexanizmi kashf etildi. Tramp paytida boshlangan aloqalar Bayden davrida takomillashdi. Biroq, shuni ham unutmaslik kerakki, Markaziy Osiyoda hamkorlik uchun o‘ziga xos raqobat mavjud. Xitoy ham, Rossiya ham faollashgan bu hududda, shuningdek, Pokiston, Turkiya kabi mamlakatlar aloqalarni kengaytirib bormoqda. Demak, AQSHda ham Markaziy Osiyo bilan ishlashda yangi qarashlar yuzaga kelishi tabiiy.

—AQSH tashqi siyosatida Isroil-Falastin hamda Rossiya-Ukraina mojarolari mavzusiga to‘xtalsak. Bayden masalasida tushunarli, agar u g‘olib bo‘lsa, bu nuqtalarda AQSH siyosati hozirgidek davom etadi, deb taxmin qilish mumkin. Biroq, Tramp g‘alaba qozonsa-chi, urush o‘choqlaridagi vaziyat o‘zgaradimi?

Sayfiddin Jo‘rayev:

— Trampning “Ukrainadagi mojaroni bir kunda hal qilaman” degan gapi bor, bu rasmiy aytilyapti, dasturga ham kiritilgan. U ilgaridan shunday keskin qarashlarga ega, yaʼni AQSH manfaatiga mos kelmaydigan har qanday masalani zudlik bilan qatʼi ravishda hal etish lozim. Shu jihatdan qaraganda, Tramp saylansa, u o‘z siyosatini o‘tkazadi. Albatta, mintaqada siyosiy, iqtisodiy ishtirokini saqlab qoldi, biroq muhimi, mojaroni to‘xtatamiz deyapti. Chunki AQSH Ukrainaga yordam bermasa, uning qarshilik ko‘rsatish qobiliyati barham topishi mumkin. Mana shunday vaziyatda kutilmaganda Yaqin Sharqda mojaro boshlanib qoldi. Endi Isroilga ham yordam berish kerak. Chunki AQSHning hozirgi hukumati reputatsiyasini saqlab qolish uchun bu juda qo‘l keladi. Ayni vaqtda ikkala nomzod ham ushbu mojarolarga tashqi siyosatdagi asosiy nuqtalar deb qaramoqda. Negaki, AQSH ilgaridan ham Yaqin Sharqda o‘z mavqeyiga ega bo‘lgan, hozir ham ega, demak, urushning qanday tugashi ular uchun muhim ahamiyatga ega. Bilasizmi, ko‘plab arab mamlakatlari Baydenning Isroil-Falastin masalasidagi AQSH strategiyasiga qo‘shilmadi. To‘g‘ri, ayb HAMASdadir, lekin bu darajada qatag‘on bo‘lmasligi kerak edi. Blinken hozir ham Yaqin Sharqda, u arab mamlakatlari bilan kelishuvga erishishga harakat qilyapti. Negaki, arablar HAMASni qoralasa-da, lekin BMTning qarorlari asosida Falastin davlati yaratilishi kerak degan shartni qo‘yishmoqda.

— Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Turkiyadagi prezidentlik saylovlari arafasida siz bilan suhbatlashgan edik. O‘shanda kimga ovoz bergan bo‘lardingiz deb so‘raganimda “Erdo‘g‘onga” deb javob bergan edingiz. Yana shu savolni bermoqchiman – agar imkoniyatingiz bo‘lganda, kimga ovoz berardingiz – Baydengami yo Trampgami?

Sayfiddin Jo‘rayev: 

— Ovoz berish, albatta, amerikalik saylovchilarning huquqi, lekin biz uchun Jo Bayden ham, Donald Tramp ham qulay nomzod hisoblanadi. Negaki, ikkisida ham O‘zbekistonga nisbatan qandaydir salbiy qarashlar yo‘q, aksincha, hamkorlik qilish istagi bor. Bu ularning saylovoldi dasturlarida ham aks etgan, yaʼni Osiyo mamlakatlari, xususan Markaziy Osiyo bilan birgalikda ishlashga xohish bor. Bilasiz, AQSH qudratli davlat, taʼsir doirasi kuchli, shuning uchun biz u bilan investitsiya, savdo-sotiq, texnologiyalar va boshqa sohalarda hamkorlik qilish orqali o‘z manfaatlarimizni ro‘yobga chiqaramiz.

Suhbatning to‘liq shaklini “Daryo”ning YouTube’dagi kanalidan ko‘rishingiz mumkin.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »