Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Energetika vazirligi Toshkent havosining ifloslanishiga mazut sababchi emasligini aytib, bayonot bilan chiqdi

Foto: Ekologiya vazirligi

2-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining “Toshkent issiqlik elektr stansiyasida mazutdan foydalanilayotgani aniqlandi” sarlavhali maqolasi eʼlon qilingan. Maqolada “Tekshiruv davomida korxonada (Toshkent IES nazarda tutilmoqda) gaz asosiy yoqilg‘i hisoblangani, shuningdek, qo‘shimcha yoqilg‘i sifatda mazutdan foydalanilayotgani aniqlandi. Shu sababli Toshkent shahri havosini tutun qoplagan”, deya alohida taʼkidlangan va shu bilan Toshkent shahrining havosi yomonlashib, PM.2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdorining keskin oshib ketishi aynan mazkur korxonada mazut yoqilishi tufayli ro‘y bergandek taassurot uyg‘otilgan.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati hamda poytaxt hududida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga qarashli 11 ta issiqlik elektr stansiyasi va issiqlik markazlari mavjud bo‘lib, shundan 6 tasida (Toshkent viloyatida joylashgan Toshkent IES, Toshkent shahrida joylashgan 3–5, 9–10 issiqlik markazlari) chindan ham kunning tig‘iz vaqtlarida, tabiiy gaz taʼminotida bosim pasaygan paytda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr hamda issiqlik energiyasi bilan barqaror taʼminlash maqsadida zaxira yoqilg‘isi sifatida mazutdan foydalaniladi.

Mazut yoqilg‘isining ishlatilishi jarayoni esa qonunchilikda belgilangan tarzda barcha masʼul idoralar, xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan ham kelishilgan tartibda yo‘lga qo‘yilgan. Stansiyada mazut yoqilishi natijasida atmosferaga zararli moddalarning chiqishini kamaytirish maqsadida belgilangan texnik parametrlarga mos keluvchi filtrlar o‘rnatilgan. Kelgusida barcha issiqlik elektr stansiyalariga yoqilg‘idan chiqayotgan zararli moddalarni 95 foizgacha kamaytirib beradigan qo‘shimcha filtrlarni o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlangan meʼyoriy hujjatda stansiyada mazut yoqilishi texnologiyasi hamda undan chiqadigan zararli moddalar hisob-kitoblari keltirilgan. Ushbu hujjat talablariga ko‘ra, korxonada havoga tashlanayotgan moddalar belgilangan meʼyor talablaridan hech qachon oshmagan.

Xususan, “Toshkent issiqlik elektr stansiyasida mazutdan foydalanilayotgani aniqlandi” sarlavhali maqola eʼlon qilingan 2-fevral kuni yuqoridagi korxonalarda zaxira yoqilg‘isining maksimal sarfi sutkasiga 5 ming 17 tonnani tashkil etgan bo‘lib, o‘sha kuni atmosfera havosidagi PM.2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 35,1mkg/m3 ni tashkil qilgan. Bu esa JSST tavsiyalaridan 7 barobar yuqori edi.

Keltirilishicha, bugun soat 16:00 ga qadar yuqorida qayd etilgan korxonalar tomonidan 600 tonna mazut yoqilgan. Ammo shunga qaramay, bugun soat 14:10 holatiga ko‘ra, poytaxt havosidagi PM.2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 162 mkg/m3 ni tashkil etgan. Bu “o‘ta zararli” hisoblanadi va JSST tavsiyalaridan 32,4 marta ko‘proq.

Ushbu miqdor Toshkent jahondagi havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatida 3-o‘ringa chiqishini taʼminlab berdi. 

“Bu esa poytaxt havosining ifloslanishida mazutning zarracha ham hissasi yo‘qligini, issiqlik elektr stansiyalarida ushbu yoqilg‘i Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan kelishilgan meʼyoriy talablar asosida yoqilayotganini yana bir karra isbotlaydi.

Atrof-muhitni asrash masalasi esa barchamizning, jumladan, Energetika vazirligi tizim tashkilotlari, issiqlik elektr stansiyalari oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi. Bu borada so‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan eʼtirozlar hamda tashvishlar bizni ham o‘z ishimizga yanada masʼuliyat bilan munosabatda bo‘lishga daʼvat qiladi. Shuning uchun birgina Toshkent IESda havoga tashlanayotgan moddalar zararini kamaytirish, ekologik muvozanatni saqlash maqsadida 2023-yil davomida 10 mingdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekildi. Va bu kabi ishlar bugun barcha yoqilg‘i-energetika korxonalari tomonidan izchil olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »