26-may kuni poytaxtning Bektemir tumanida RWS Optimum sanoat klasteri negizida Zeppelin konserni bilan qo‘shma korxona ochildi. Yangi zavod Caterpillar qurilish va tog‘-kon texnikasini yirik uzelli yig‘ish, sotish va texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlash uchun mo‘ljallangan.
Ochilish marosimida AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum so‘zga chiqib, Caterpillar o‘z sanoatida jahon yetakchilaridan biri bo‘lib, mahsulotlarining izchil yuqori sifati va ishonchliligini kafolatlashini ta’kidladi. Shu bilan birga, ishlab chiqarishning ochilishi brend va o‘zbekistonlik hamkorlar o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning yangi bosqichidir.
Darhaqiqat, kompaniya respublikada ko‘p vaqtdan buyon mavjud bo‘lib, dilerlik tarmog‘i orqali xaridorlarga asbob-uskunalar yetkazib bermoqda, biroq qo‘shma korxona tashkil etilishi endilikda ham davlat sektoriga, ham tadbirkorlik subyektlariga ichki bozorda Caterpillar texnikasini xarid qilish imkonini beradi.
“Aynan so‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti ochiqligining o‘sishi va investitsiya muhitining yaxshilangani Amerika texnologiyalari va muhandislik tajribasini sanoatning turli tarmoqlariga joriy etishga xizmat qilmoqda. Bu esa O‘zbekistonga yildan yilga o‘z maqsadlariga erishish imkonini bermoqda”, – deya ta’kidladi Deniel Rozenblyum.
Texnologik jihatni eslatib o‘tish alohida e’tiborga loyiqdir, chunki xorijiy investitsiyalar oqimi va ish o‘rinlarini yaratish bilan bir qatorda Caterpillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ishlab chiqarilayotgan texnikalarni mahalliylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli va chuqur dasturni nazarda tutadi. Shu bois Zeppelin konserni boshqaruvi raisi Frank Yanas o‘z nutqida bu jihatga batafsil to‘xtalib o‘tdi:
“Toshkentda yangi ishlab chiqarish maydonchasi ochilishi bilan SAT texnikasini mahalliylashtirish boshlanadi. Mashinalarni import qilishdan tashqari, mahalliy butlovchi qismlarni qo‘shib yig‘amiz. Bu mahalliy aholi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratibgina qolmay, nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun raqobatbardosh texnikani yaratadi”.
Yangi zavod ishini ekskavatorlar va frontal yuklagichlarni yig‘ishdan boshlash rejalashtirilgan bo‘lib, rivojlanishning keyingi bosqichlaridayoq tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Shunga muvofiq, tarqatish va xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini keng ko‘lamli kengaytirish rejalashtirilgan: xizmat ko‘rsatish markazlari soni hozirgi 5 tadan 12 taga ko‘paytirilib, respublikaning barcha yirik hududlarini qamrab oladi.
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)