6-iyun kuni O‘zbekiston prezidentining Italiyaga rasmiy tashrifi arafasida Rim shahrida qo‘shma biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, ikki davlatning yetakchi ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Mazkur biznes-forum yakunlari, unda erishilgan kelishuvlar yuzasidan Italiya hamda O‘zbekiston tadbirkorlari o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Jumladan, “IRGE” kompaniyasi asoschisi Franchesko Korotella O‘zbekiston bilan 2 yildan buyon hamkorlikda ishlayotganini aytdi.

“O‘zbek mahsulotlaridan ko‘nglimiz to‘q, sifati yuqori. Hozirda biz hamkorlikda Italiya uchun katta hajmdagi mahsulotni ishlab chiqarish niyatidamiz. Bu ikki tomon uchun ham juda manfaatli bo‘ladi.
O‘zbekistonni tanlaganimizga sabab – paxta juda sifatli. Standartlarga javob beradigan mahsulot yaratish uchun ayni muddao. Bugungi kelishuvlardan maqsadimiz – yangi loyihalar orqali ko‘rsatkichlarimizni yanada yaxshilash”, — deydi tadbirkor.
“BMB” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov biznes-forum doirasida umumiy qiymati 295 million yevroga ega loyihalar bo‘yicha shartnomalar imzolaganini ta’kidladi.

“Shundan bittasi 200 million dollar maishiy chiqindilarni qayta ishlash va undan energiya olish masalasi bo‘yicha bo‘lsa, ikkinchisi – Jizzax viloyati Baxmal tumaniga 40 million dollarlik investisiya kiritilmoqda. Biz buni yanada kengaytirmoqchimiz. 2026-yilgacha mamlkatamizda Za’faron plantasiyalarini 2 ming gektarga yetkazish va investisiya qiymatini 80 million dollardan oshirishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, 2023-yil uchun 15 million yevro qiymatga ega 2 tonna za’faronni Italiyaga eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzoladik”, — deydi tadbirkor.
Italiya savdo agentligi direktori Martino Kastellani ikki tomonni o‘zaro bog‘layotgan ushbu diplomatik, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikdan juda mamnunligini aytdi.

“Bugungi rasmiy uchrashuvdan so‘ng bir qancha kelishuv va hujjatlar imzoladik. Bu asosan ta’lim va tijorat bilan bog‘liq, shu bilan birga, texnologiyaga oid bitim ham tuzdik va Toshkentda ilg‘or-texnologik markazi ochishni rejamizga kiritdik. Bu esa, o‘z navbatida, Italiya hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun qo‘yilgan qadamlardan biri hisoblanadi. Tovar ayirboshlashdagi ko‘rsatkich 2016-yilda 176 million yevroni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirga kelib 420 million yevroga yetdi. Umid qilamizki, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yanada kengayadi”, — deydi u.
Izoh (0)