Qashqadaryoda tadbirkor va viloyat innovatsion rivojlanish boshqarmasi mutaxassislari hamkorligida Nishon tumanida chigirtkadan parhezbop un tayyorlash loyihasi ishlab chiqildi, deb xabar beradi “Xalq so‘zi online”.
“Chigirtkani dalalardan yig‘ib olish uchun aholi vakillari jalb qilinadi. Maxsus to‘r qoplarda hasharotlarni yig‘ib topshirgani uchun ularga tegishli miqdorda haq to‘lanadi. Buyam aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Chigirtka uni ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish maqsadida chigirtkalar chatishtiriladi va qayta ishlash uchun maxsus yetishtiriladi”, — deydi Qashqadaryo viloyati innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Mavlonov.
Ta’kidlanishicha, mazkur loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 1,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Ma’lumot uchun, Qashqadaryo viloyatida chigirtkani bartaraf etish yo‘lida har yili 130 ming gektar maydonga kimyoviy ishlov beriladi va sarf-xarajatlar uchun 10 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanadi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida O‘zbekistonda Singapur kompaniyasi iste’mol qilsa bo‘ladigan chigirtkalarni ko‘paytirayotgani haqida xabar berilgandi. Ushbu chigirtkalarni yeyish haqidagi savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati javob bergandi: “Boqilayotganidan xabarimiz yo‘q, lekin chigirtka halol. Hattoki uning o‘ligi ham baliq kabi halol ekanligi hadisda ta’kidlangan. Ko‘ngli ko‘targan bemalol yeyishi mumkin”.
Izoh (0)