O‘zbekistondagi ZTY Car Energy MCHJ tomonidan Xitoydan import qilinayotgan elektromobillarning eng arzon narxi 9 ming dollardan sotilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda jamiyat rahbari Shahboz Xudoyberdiyev Toshkent shahrida o‘tkazilgan elektromobillarni zaryadlash shoxobchasi ochilishida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Shahboz Xudoyberdiyevning aytishicha, iyun oyida ZTY Car Energy’ning ilk elektromobillar avtosaloni ishga tushiriladi.
“Biz respublikada birinchi bo‘lib elektromobillar uchun to‘liq texnik xizmat ko‘rsata oladigan avtosalon ochmoqdamiz. Bizda sotiladigan avtomobillar taksi yo‘nalishidan tortib premium klassgacha bo‘lgan modellarni qamrab oladi. Avtomobillarning eng arzon narxi 9 ming dollardan boshlanib, talab va mashina modeliga qarab o‘sib boradi. Dastlabki avtosalon Toshkent shahrida ochiladi. Keyin barcha viloyatlarda shunday avtosalonlar ochishni rejalashtirganmiz. Mijozlar bizning avtosalondan elektromobil xarid qilsa, ularga texnik xizmat ko‘rsatish 1 yil davomida bepul amalga oshiriladi. Agar mashina yo‘lda yoki ko‘chada buzilib qolsa, joyiga borib texnik xizmat ko‘rsatiladi. Shuningdek, bizdan avtomobil sotib olganlar zaryadlash stansiyalarimizdan 3 oy tekinga foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Elektromobillarning barcha modellari to‘liq olib kelingandan so‘ng, ularni sotish jarayoni boshlanadi. Mijozlar shartnoma tuzib, 30 daqiqa ichida avtomobilini olib ketishi mumkin bo‘ladi. Avtomobillarimizni kredit va lizinga ham sotish yo‘lga qo‘yiladi. Bugungi kunda avtosalonni qurish ishlari yakunlanmoqda. Loyihamiz doirasida elektromobilga texnik xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi va tizim haftada 7 kun, sutkada 24 soat ishlaydi”, — dedi korxona rahbari.
Ma’lum qilinishicha, hozirda ZTY Car Energy tomonidan O‘zbekiston bo‘ylab elektromobillarni quvvatlash shoxobchalari barpo etilmoqda.
“Biz elektromobillarni quvvatlash shoxobchamizni birinchisini ishga tushirdik. U Toshkent shahrida joylashgan. Ayni paytda bunday shoxobchalarni respublika bo‘ylab ishga tushirish harakatidamiz. Rejamizga ko‘ra, bunday shoxobchalar O‘zbekiston bo‘ylab 250 ta ochiladi. Quvvatlash uskunalari 60 kilovatt bo‘lib, 250-300 kilometr masofa bosadigan mashinalarni 30-40 daqiqada to‘liq quvvatlaydi”, — dedi Shahboz Xudoyberdiyev.
Qayd etilishicha, Xitoyning ZTY Group elektromobillar ishlab chiqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish sohasida ilg‘or kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya ZTY Car Energy’ga elektromobillar yetkazib beradi, texnik xizmat ko‘rsatishda mutaxassislarni jalb qilgan holda ko‘mak beradi.
Avvalroq O‘zbekistonda 2021-yilda elektromobillar importi qariyb olti barobarga oshgani va bunday turdagi avtomobillar uchun alohida davlat raqami berish boshlangani xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda elektromobillar avtotransport yig‘imidan ozod etilgan.
Izoh (0)