Suvaysh kanalida sayozlikka “o‘tirib qolgan” Ever Given konteyner tashuvchi kemasi atrofidagi suv tubini qazish ishlari boshlandi, deb yozadi “RBK” Suvaysh kanali boshqarmasi xabariga tayanib.
Suv tubini chuqurlashtirish ishlari maxsus kemalar yordamida konteyner tashuvchi kemaning har tomoni bo‘ylab olib borilmoqda. Shuningdek, ekskavatorlardan ham foydalanilmoqda, ular kemaning old qismidagi qumni olib tashlamoqda, ulkan shatakchi kemalar esa uni kanalning chuqurroq qismiga tortib borishga urinmoqda.
Gollandiyaning SMIT kompaniyasi mutaxassislari voqea joyiga yetib keldi va misrlik mutaxassislar bilan kemani chiqarib olish yo‘llarini muhokama qildi, ular texnik masalalar bo‘yicha maslahat berishi kutilmoqda.
23-mart kuni Suvaysh kanaliga tiqilib qolgan kema ushbu kanal orqali harakatni butunlay to‘xtatib qo‘ydi. Dastlab kemalar qatnaydigan yo‘lni ochishga ikki-uch kun ketishi taxmin qilingan edi. Ammo mutaxassislari ayni paytda Ever Given’ni sayozlikdan chiqarib olishga urinayotgan Boskalis kompaniyasi rahbari Piter Berdovski aytishicha, bunga haftalab vaqt ketishi mumkin. “Ehtimol, kemadan konteynerlarni, yoqilg‘i va suvni olish, shatakchilardan foydalanish va qumni yuvib yuborish kabi bir necha xil usullarni birgalikda qo‘llashga to‘g‘ri kelar”, — degan u.
Ayni paytda Suvaysh kanalida kemalar harakati to‘xtab qolgani tufayli, yirik tirbandlik yuzaga keldi. Norvegiya kema egalari uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Suvaysh kanali hududida jami 150 ta kemaning harakati to‘silib qolgan.
Ushbu kanalga dunyo yuklarining qariyb 12 foizi to‘g‘ri keladi, u O‘rta Yer dengizini Qizil dengiz bilan bog‘laydi hamda Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi eng qisqa dengiz qatnovini ta’minlaydi.
Ayni paytda Suvaysh kanalining to‘silib qolishi oqibatidagi talafot kuniga 9,5 milliard dollarga tushmoqda: ekspertlar ogohlantirishicha, kanalga tiqilib qolgan yuk kemasi kuniga 9,5 milliard dollarlik yuklar, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari va neft yetkazib berilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Bloomberg agentligi xabariga ko‘ra esa, kanaldagi tirbandlikda qolib ketgan yuklar, shu jumladan, neft, narxi allaqachon 10 milliard dollarga yetgan. Shuningdek, 12 metrli konteynerni Xitoydan Yevropaga yetkazib berish qiymati 8 ming dollargacha o‘sgan, bu 2020-yilning shu davriga nisbatan qariyb to‘rt marta qimmat demakdir.
Eslatib o‘tamiz, kema halokati orqali kanal bo‘ylab harakatlanish to‘sib qo‘yilgandan so‘ng, neft narxi keskin ko‘tarilgan edi.
https://twitter.com/BloombergAsia/status/1374926758550642689
https://twitter.com/nowthisnews/status/1374924751332851713
https://twitter.com/NHKWORLD_News/status/1375045623334965248
https://twitter.com/AlArabiya_Eng/status/1375035761637142529
Izoh (0)