Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Xonanda Ziyodaning “Tor ko‘cha” klipi orqali tomoshabinlar e’tiboriga tushgan Zarina Yo‘ldoshevaning aktrisalikka qadam qo‘yishiga O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning “Men seni sevaman” qo‘shig‘iga ishlangan klip sabab bo‘lgan. Aynan shu klipdan so‘ng Zarinaga rejissorlar tomonidan ko‘plab loyihalardan takliflar tusha boshladi. Keyinroq yosh aktrisa Ulug‘bek Rahmatullayevning “Bilmadi” klipida ham suratga tushdi. Ayni paytda Zarina bosh rolni ijro etayotgan “O‘jar homilador” seriali “Milliy” telekanalida efirga uzatilmoqda.

Jurnalist Nargiza Murodova Zarina Yo‘ldosheva bilan intervyu tashkillashtirdi. Intervyu davomida aktrisa ota-onasidan erta ayrilgani, mehribonlik uyida ulg‘aygani, san’atga qanday qadam qo‘ygani va kelajakdagi rejalari haqida so‘zlab berdi.

 

Foto: Instagram / @zarina_yuldashova

Foto: Instagram / @zarina_yuldashova

“Ota-onamdan erta ayrilganman”

Ota-onam bolaligimda vafot etishgan. Dadamni eslolmayman, onam esa 12 yoshimda kasallik sabab vafot etdi. Buvim keksayib qolgani va moddiy jihatdan qiyinchiliklarga duch kelgani uchun men, singlim va ukamni bolalar uyiga topshirishga majbur bo‘lgan. To‘rt yil davomida mehribonlik uyida tarbiyalandim. Darsdan keyin raqs to‘garagiga qatnashardim. Shunda raqs murabbiyim “Sen Xoreografiya oliy maktabida o‘qishing kerak, qobiliyating bor”, dedi. Maktabni tamomlaganimdan keyin qo‘limdan ushlab, Toshkentdagi Xoreografiya oliy maktabiga olib kelib, o‘qishga joylashtirishgan. Klassik raqs harakatlaridan bexabar bo‘lganim uchun ko‘p qiynalganman, dugonalarim tomonidan kamsitilgan paytlarim ham bo‘lgan. Toshkentga kelib yashashim oson kechmadi. Moddiy qiyinchiliklar sabab to‘ylarga chiqib pul ishlashga ham majbur bo‘lganman. Ammo bu ishimdan buvim qattiq ranjigan. Shu bois qayta to‘ylarga chiqmaganman.

Foto: Instagram / @zarina_yuldashova

Foto: Instagram / @zarina_yuldashova

“Yulduz Usmonova sabab aktrisalikka qadam qo‘ydim”

2017-yili ansamblimiz bilan Yulduz Usmonovaning “Ey aziz inson” konsert dasturida ishtirok etganmiz. Yulduz opa sozandalar bilan mashq qilayotganida bir chetda maroq bilan qo‘shiqqa raqs tushganman. Shunda Yulduz opa yonlariga chaqirib, shu qo‘shiqqa yakka raqs tushsin, degan.

Bir necha oydan so‘ng, yarim kechasi Yulduz Usmonovaning ma’muri qo‘ng‘iroq qilib, qaysidir aktrisa klip ‘syomka’siga kelolmagani va o‘rniga men suratga tushishimni aytdi. Rosti, bu taklifga ko‘nishim oson bo‘lmadi. Suratga olish ishlari bor-yo‘g‘i 30-40 daqiqa davom etdi. ‘Syomka’dan so‘ng klipdagi epizodim uchun 50 AQSh dollari berishdi. Bu 17 yoshimgacha topgan eng ko‘p pulim edi. Mana shu voqeadan so‘ng kliplardan taklif tushsa, rad etmaydigan bo‘ldim.

“O‘zimni bechora ko‘rsatib, atrofdagilarning rahmini keltirgim kelmaydi”

Men o‘zimni bechora ko‘rsatib, odamlardan nimadir tilab yashashni istamayman. Hatto san’atga kirganimdan keyin ham ancha muddat atrofdagilarga shaxsiy hayotim haqida aytmaganman. Mehribonlik uyi rahbarini “Odamiylik mulki” ko‘rsatuviga taklif etishganida, menga qo‘ng‘iroq qilib: “Sen ham borib intervyu ber”, dedi. Rosti, shu darajaga yetishimga hissa qo‘shgan insonga rad javobini berolmadim. Ko‘rsatuv efirga ketgach, atrofimdagi insonlar shaxsiy hayotimdan xabar topishdi.

Foto: Instagram / @zarina_yuldashova

Foto: Instagram / @zarina_yuldashova

“Kimgadir pul berib, rol ijro etmayapman”

Shu kungacha hech bir rejissorga rol so‘rab murojaat qilmaganman. Taklif etishsa, imkon darajasida ijro etaman. Ammo o‘zimni qobiliyatli aktrisa deb bilmayman. Yoshi katta aktrisalar bilmaganlarimni o‘rgatishadi, institutda o‘qishimni tavsiya qilishadi. Ba’zi yosh aktrisalar esa ortimdan negativ gaplar tarqatib, g‘ashimni keltirishadi. “O‘zini bechora ko‘rsatib, piar qilyapti yoki pul berib rollar ijro etyapti”, degan gaplar ham qulog‘imga chalindi. Menimcha, hech bir inson ota-onasi vafot etganligi haqida gapirib obro‘ olishni istamaydi. Men san’atga pul berish emas, pul ishlash uchun qadam qo‘yganimni ham ko‘pchilik bilishadi.

Foto: Instagram / @zarina_yuldashova

Foto: Instagram / @zarina_yuldashova

“Singlim va ukamni oyoqqa qo‘ymagunimcha shaxsiy hayotim haqida o‘ylay olmayman”

Yashirmayman, ota-onamning uyi bo‘lmagan. Uka bilan singlim mehribonlik uyidan kelgach, o‘z uyida yashashini istayman. Shu bois institutda o‘qishni istamadim. Tezroq pul topib, ularga sharoit yaratib berishim kerak. O‘tgan yili muddatli to‘lov evaziga ikki xonali uy oldim. Uni ta’mirlatib, kerakli jihozlar bilan to‘ldirdim. Kelasi yil singlimni turmushga bermoqchimiz, undan keyin ukamning o‘qishiga jiddiy e’tibor beraman. Shu bois hozircha turmushga chiqish niyatim yo‘q.

Foto: Instagram / @zarina_yuldashova

Foto: Instagram / @zarina_yuldashova

“Aktrisalikni davom ettirish niyatim yo‘q”

Kelajagimni san’at sohasida tasavvur etmayman. Aktrisalikni davom ettirish niyatim yo‘q. Farzandlarim menda bo‘lmagan to‘kis-tugal oilada voyaga yetishlarini istayman.

Bundan tashqari, Zarina Yo‘ldosheva intervyu davomida mehribonlik uyidagi hayoti va davlat tomonidan berilgan uyni rad etganligi haqida ham so‘zlab berdi. Videoni to‘liq quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »