Yakkabog‘ hokimi avvaliga aytdi, keyin qaytdi: Jabrini tadbirkor tortmoqda
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayev tumanda auksion savdo orqali sotilgan yer noqonuniy sotilganini aytib, o‘z imzosi bilan onlayn sotuvga chiqqan holatni rad etdi. Oqibatda esa uy qurishni niyat qilib, harakat boshlagan tadbirkor ishi to‘xtab qoldi.
Bu haqda “Daryo”ga shikoyat qilgan tadbirkor Sanjar Shonazarovning aytishicha, tumanda faoliyat yurituvchi blogerlarning bu haqdagi chiqishiga javob bergan hokim Lutfiddin Abdullayev Telegram’da ko‘p qavatli uy qurish uchun sotuvga chiqqan yerdan “dom” qurilishiga norozi ekanini, qolaversa, yer sotuvga noqonuniy holatda chiqqani haqida yozgan. Bu esa tadbirkorning ishi to‘xtab qolishiga, tuman prokuraturasining mazkur holat bo‘yicha tergov ishini boshlashiga sabab bo‘lgan.
“2021-yilning 8-noyabr kuni auksion savdo orqali Yakkabog‘ tumanining ‘Ayg‘irko‘l’ mahallasidan ko‘p qavatli uy uchun sotuvga chiqarilgan besh sotix yerni sotib oldik. So‘ngra harakatni boshlab, ko‘p qavatli uy loyihasini tuzdik. Shuningdek, qurilish texnikalarini jalb qilib, ishni boshlash harakatiga tushdik. Shunda tumandagi ayrim blogerlar ‘dom’ uchun sotilgan yer aslida sport maydoni ekani, qolaversa, aholi bu yerda ‘dom’ qurilishiga norozi ekanini yozishdi. Bu haqdagi shov-shuvlarni bostirishga uringan tuman hokimi esa o‘zining imzosi bilan sotuvga chiqqan yer, noqonuniy sotilganini, hududdan ko‘p qavatli uy qurilishiga o‘zi ham norozi ekanini yozdi. Hokimning bir og‘iz gapi bilan qurilish ishlarimiz to‘xtatilib, tuman prokuraturasi surishtiruv jarayonlarini boshlab yubordi. O‘rtada biz tadbirkorlar jabr tortib qolaverdik”, — deydi Sanjar Shonazarov.
Ma’lum qilinishicha, tumanning “Ayg‘irko‘l” mahallasidagi ko‘p qavatli uy uchun sotilgan besh sotix yer maydoni sotilishidan avval yettita tashkilot xulosasi olingan. Tumandagi mas’ul tashkilotlar olti oy davomida o‘rganish olib borgach, “hududda ko‘p qavatli uy qursa bo‘ladi”, degan xulosani berishgan. Biroq tuman hokimining Telegram’da yozgan to‘rt qator gapi shuncha tashkilot mas’ullarining rasmiy xulosasini shubha ostida qoldirib, tuman prokuraturasining ish ochishiga asos bo‘lgan.
“Daryo” so‘roviga javob bergan viloyat prokuraturasi hududda ko‘p qavatli uy uchun sotuvga chiqqan yer mutasaddi idoralarning roziligi va aholi tomonidan ijtimoiy maqsadlarda foydalanib kelinayotganligi inobatga olinmasdan sotilganini bildirdi. Shu bois mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddasi 1-qismi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Unda tumandagi yettita tashkilot xulosasi va shuncha vaqt hamda mablag‘ sarflanib, qilingan ishlar bir tiyinga chiqib qolyaptimi? Unda bizga nomi ulug‘, ammo qilgan ishi tan olinmaydigan tashkilotlar nega kerak?”, — deydi tadbirkor.
Viloyat prokuraturasining tan olishicha, prokuratura ish boshlagach, tadbirkorning yaxshi niyatda boshlagan ishi to‘xtab qolgan va tadbirkor salkam 100 million so‘m zararga “tushib turibdi”.
“Prezidentimiz tadbirkorga xiyonat — davlatga xiyonat deb turgan paytda, tuman hokimining bu harakati tadbirkor manfaatiga xiyonat emasmi? Hokimning bu qilmishini qanday tushunish va oqlash mumkin? Mayli, agar yer noqonuniy tarzda auksion savdoga chiqqan bo‘lsa, buni qilgan yettita tashkilot mas’ullari va xodimlari, bu ishning boshida turgan tuman hokimi va o‘rinbosarlari ham javobgarlikka tortilsin. Tadbirkorni sarson qilayotgani uchun qonun oldida javob berishsin”, — deydi suhbatdosh tadbirkor.
“Daryo” muxbiri viloyat prokuraturasining ish ochishga asos sifatida ko‘rsatayotgan — “mutasaddi idoralarning roziligi va aholi tomonidan ijtimoiy maqsadlarda foydalanib kelinayotganligi inobatga olinmagan”, degan vaji qay darajada asosli ekanini aniqlashtirish maqsadida xulosa bergan yettita tashkilotning shu haqdagi yakuniy fikrlari bilan tanishib chiqdi.
Ma’lum bo‘lishicha, viloyat Madaniy meros boshqarmasi, viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, viloyat Qurilish boshqarmasi, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, tuman Suv ta’minoti bo‘limi, tuman elektr ta’minoti bo‘limi hamda tuman kadastr bo‘limi mas’ullari mazkur masalani o‘rganib chiqib, o‘z xulosalarini bergan. Barcha tashkilotlar ko‘p qavatli uy qurilishiga hech qanday e’tiroz yo‘qligini, hududdan uy qursa bo‘lishini yozgan.
Jumladan, viloyat prokuraturasi ko‘p qavatli uy qurilayotgan joyda suv “drenaji” bor, shuningdek, 10 kV “Oybek” havo liniyasi muhofaza zonasi ekan, deyotgan yer haqida Yakkabog‘ tuman suv ta’minoti bo‘limi boshlig‘i A.Turopov avvalroq, aniqrog‘i, 2021-yilning 8-avgust kuni “hududda ichimlik suvi quvurlari mavjud emas”, deya xulosa bergan bo‘lsa, Yakkabog‘ tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari A.Mengishev esa “hududda ko‘p qavatli uy qurilishiga to‘siq yo‘q, muhofaza zonasi saqlangan holda qurilish ishlari olib borilishi mumkin”, deya xulosa bergan.
Mazkur masala yuzasidan “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan tuman hokimi Lutfiddin Abdullayev tadbirkor sotib olgan yer qonuniy ravishda auksion savdoga qo‘yilganini, hududda hech qanday sport maydoni, shuningdek, uy qurilishga xalal beruvchi katta suv “drenaji” ham mavjud emasligini aytib, tadbirkorning ko‘p qavatli uy qurishi tarafdori ekanini bildirdi.
“Ayg‘irko‘lda hech qanday stadion yo‘q. U yer aholi tomonidan shunchaki stadion sifatida tashkil etilib, har zamonda foydalanib kelingan. Haqiqiy stadion bundan sal narida joylashgan. Qolaversa, menga boshida katta suv ‘drenaji’ bor deyishgandi. Keyin bilsam, kichkina quvur o‘tgan ekan. Bu qurilishga hech qanday xalal bermaydi. Ana Yaponiya suv ustida ko‘p qavatli uy quryapti”, — deydi tuman hokimi.
Hokim so‘zlarini to‘ldirgan o‘rinbosari Dilshod Mengboyev ham auksion savdo qonuniy tartibda o‘tkazilganini, bu masalada tadbirkorning umuman aybi yo‘qligini, ammo prokuratura tekshiruvi sabab qurilish ishlari to‘xtab qolganini aytmoqda.
“Tadbirkor yerni qonuniy tartibda auksiondan sotib olgan. Bu yerda tadbirkorning aybi yo‘q, albatta. Biz — hokimlik vakillari ham, aholi vakillari ham tadbirkorning qurilishiga qarshi emasmiz. U bemalol ishini davom ettirsa bo‘ladi. Faqat ayni paytda vaziyat prokuratura tomonidan o‘rganilayotgani bois, ish vaqtincha to‘xtatilgan. Keyinchalik davom ettirishi mumkin”, — deydi Yakkabog‘ tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilshod Mengboyev.
Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi Yakkabog‘ tuman filiali mutaxassisi Ravshan To‘rayev ham tadbirkorning uy qurilishiga kadastr mas’ullarining hech qanday e’tirozi yo‘qligini, tashkilot xulosasi har tomonlama o‘ylanib, qonuniy tartibda berilganini, tadbirkor bemalol qurilish ishlarini bajarishi mumkinligini ma’lum qilmoqda.
Tuman tashkilotlari, shuningdek viloyat boshqarmalari ham auksionda sotilgan yer uchun ijobiy xulosa berib turganda hokimning bir og‘iz so‘zi sabab barcha ishlarni noqonuniy deb topish va prokuratura organlarining aralashuvi, shuningdek tadbirkorning yillab qilingan mehnatini bir urinishda yo‘qqa chiqarish adolatli ish bo‘larmikin? Savollar ko‘p, javoblar esa yetarli va asosli emas.
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani internet foydalanuvchilariga hokim o‘rinbosarining yoqib yuborilish voqeasi sabab yaxshi tanilgandi. O‘shanda tadbirkorga tegishli savdo do‘konini buldozer haydab, buzishga uringan hokim o‘rinbosari tadbirkor tomonidan yoqib yuborilgandi. Tumanning amaldagi rahbariyati ham rahbarligining dastlabki kunlaridanoq jamoatchilik e’tiborini tortgandi. Hokim Lutfiddin Abdullayevning 311 million so‘mga Captiva xarid qilish bilan bog‘liq taklifi deputatlar muhokamasiga qo‘yilganda, bir nafar deputat mashina olishga sarflanadigan pulni kam ta’minlanganlarga berish kerak degan taklifni bergandi. Qolgan deputatlar esa hokimning yangi avtomobil sotib olishini olqishlagandi. Sotib olinishi jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan Captiva ko‘p o‘tmay YTHga ham uchradi. Tuman mas’ullari esa yana shov-shuvlar girdobida qoldi.
M Malik
Bilib bilmasdan yozavermanglar tadbirkor uy qurmoqchi bulgan yer haqiqatdan ham bolalar uyingohi bulgan mana 30yildirki mahalla bolalari foydalanib keladi. Endi esa stadionni buzib tashlab uy qurmoqchi bulishaypti. Sizlar esa bunga yordam beryapsilar. Avval yaxshilab urganib chiqish kerak edi muammoni