Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Dunyoda tutunsiz tamaki mahsulotlarining har xil turlari va ularni iste’mol qilish usullari mavjud. Markaziy Osiyo mamlakatlarida tutunsiz tamakining eng keng tarqalgan shakli nosvoydir. Albatta bu jumla hech birimizga qaysidir ma’noda erish tuyulmaydi. Aslidachi? Aslida biz uchun oddiy ko‘ringan ushbu mahsulot minglab insonlarni bu hayotni erta tark etishlariga sabab bo‘lmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda katta yoshdagi kashandalarning soni 1,1 milliard nafar bo‘lib, ularda kamida 367 million kishi tutunsiz tamaki iste’mol qiladi. Bugungi kunda nosvoy ham tutinsiz tamaki mahsulotlari sarasiga kiradi. Xo‘sh, bugun yurtimizda, xususan, Markaziy Osiyoda vaziyat qanday?

2019-yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ko‘magida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlardan shu narsa aniq bo‘ldiki, yurtimizda 18-69 yoshdagi erkaklarning 20 foizi, jumladan, har besh nafar erkakning bir nafari, ming taassufki, ayollarning 0,4 foizi tutunsiz tamaki, ya’ni nosvoy iste’mol qilarkan.

2021-yilda yoshlar orasida o‘tkazilgan so‘rovnomada 13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining 1,7 foizi (o‘g‘il bolalarning 2,3 foizi, qizlarning 0,9 foizi) nosvoy iste’mol qilgani ma’lum bo‘ldi. Shundan, o‘g‘il bolalarning 10 nafaridan bir nafari, qiz bolalarning 20 nafaridan bir nafari nosvoy chekib ko‘rgan. Bu ko‘rsatkich qaysidir ma’noda kamdek ko‘rinishi mumkin. Ammo bugun yoshlarimiz orasida keng ko‘lamda tarqalib borayotgan yangi ofat– nikotinli snyus(tutunsiz tamaki)lar iste’moli yuqorida keltirilgan raqamlardan ancha ko‘p.

Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida nosvoy chekish eng ko‘p uchraydigan mamlakatdir. Aholining nosvoy iste’mol qilishdagi umumiy ulushi qayriyb 19,8 foizni tashkil etadi. Bu holat Tojikistonda 19,7 foiz, Qirg‘izistonda 10,1 foiz, Qozog‘istonda 2,7 foiz va Turkmanistonda 2,7 foiz.

Nosvoyning sanitariya talablariga rioya etilmagan holda, qo‘lbola usulda tayyorlanishi hammaga ma’lum. U ko‘pincha noma’lum retseptlar bo‘yicha zararli moddalarning hisob-kitobsiz aralashtirilishi natijasida olinadigan mahsulot turiga kiradi.

Nosvoy maydalangan tamaki – nikotin va kuchli kanserogenlar manbai, shuningdek, nikotinning qonga so‘rilishini yaxshilash uchun qo‘shiladigan so‘ndirilgan ohak (kalsiy gidroksid)dan iborat aralashmadir. Uni tayyorlashda o‘simlik kuli, o‘simlik moyi, paxta yoki kunjut yog‘i, shuningdek, shirin ta’m beruvchi quruq mevalar va xushbo‘y hid taratuvchi aromatizatorlar ham qo‘shilishi mumkin.

Nosvoyning tayyorlanish va sotilish jarayonida hech bir sanitariya qoidalariga amal qilinmasligiga ko‘pchilik guvoh bo‘lgan. Negadir odamlarda nosvoy shunday sotilishi, iste’mol qilinishi kerak degan qarash shakllangandek. Eng ayanchlisi, uni to‘g‘ri kelgan joyga noodatiy holda chiqindi sifatida betartib tashlanishi (tupurish) odatiy holga aylangan.

Tan olishimiz kerakki, ushbu holat atrofdagilar ta’bini qanchalar xira qiladi. Tasavvur qiling, bunday holni ko‘rgan yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar nima deb o‘ylaydi? Ular nazdida biz kim bo‘lib qolamiz? Baho xato qilgan va xatoga jimgina qarab turgan har bir insonga berilishini unutmasligimiz darkor.

Biz oddiy deb bilgan, hatto bobom va buvim nos chekib 90 yoshga kirib vafot etdi yoki men chekaman, sog‘ligimdan umuman shikoyatim yo‘q, deganlar uchun nosvoy sog‘liq uchun nechog‘lik xavfli ekanligini tibbiyot tilida asoslangan ma’lumotlarni keltirishni joiz deb bildik.

Nosvoy og‘iz va milklarning yallig‘lanishi, milklar atrofiyasi, kariyes va tishlarning buzilishiga, shuningdek, tish emalining tez yemirilishiga sabab bo‘ladi. Nosvoy iste’mol qilish og‘iz bo‘shlig‘i, qizilo‘ngach va oshqozonosti bezida saraton rivojlanishiga, yurak-tomir kasalliklari va surunkali gipertoniyaga olib kelishi mumkin. Homiladorlik paytida iste’mol qilinganda o‘lik bola tug‘ilishi, muddatidan oldin tug‘ilish va kichik vazndagi bola tug‘ilishi xavfini oshiradi.

Nosvoy iste’mol qiladigan erkaklarda bepushtlik kuzatiladi. Bu sperma hajmi va miqdorining kamayishi, faolligining pasayishi va nuqsonli spermatozoidlar ulushining ortishi bilan izohlanadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2015-2019-yillarda O‘zbekistonda nosvoy va boshqa tamaki mahsulotlari iste’mol qilinishi bilan bevosita bog‘liq rak kasalliklari tufayli barvaqt o‘lim 30-69 yoshdagi erkaklarda ayollarga qaraganda bir necha marta, xususan, lab raki 1,8–9,7-marta, og‘iz bo‘shlig‘i raki 2–8,3-marta, milk raki 2,2–4-marta, halqum raki 2,1–3-marta, oshqozon raki 1,9–2,1-marta ko‘p uchragan.

O‘zbekistonda har kuni nosvoy chekadigan 1,5 million nafardan ortiq odamning 765 ming nafari barvaqt o‘lim (70 yoshgacha) xavfiga duchor bo‘ladi. Agar tegishli choralar ko‘rilmasa, bu raqam yanada ko‘payishi mumkin. Insoniyatning birgina nosvoy ortidagi bu yo‘qotishi, oilalar boshiga tushadigan kulfatlar o‘ylaymizki, arzimas raqamlarda isbotlanmagan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, har yili mamlakatimizda taxminan 15 tonna nosvoy ishlab chiqariladi. Bu mahsulot bozorlarda, ko‘chalarda va afsuski, ta’lim muassasalariga yaqin atrofda ochiq, erkin holda sotiladi. Natijada, nosvoyning narxi filtrli sigaretalar narxidan taxminan 4-5 baravar past bo‘lib, yoshlar uchun hamyonbop tanlovga aylangan.

O‘z navbatida yuqorida keltirgan barcha dalillarimiz nosvoyning qonunan tartibga solinishiga bo‘lgan ehtiyojning nechog‘lik yuqoriligini ko‘rsatib turibdi.

Yuqoridagi sabablardan hamda O‘zbekiston Respublikasi Alkagol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi o‘z majburiyatlaridan kelib chiqib, mamlakatimizda nosvoyni keng iste’mol qilinishini e’tiborga olgan holda, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 21-dekabrda qabul qilinib, ayni vaqtda, Oliy Majlis Senati bildirilgan takliflariga muvofiq, senator va deputatlardan iborat Kelishuv komissiyasi tomonidan qayta ko‘rib chiqish jarayonlari davom etmoqda.

Qonunga asosan, nosvoyning ishlab chiqarilishi va savdosi tartibga solinadi. Hujjat normalarini belgilash maqsadida standartlarni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Xususan, standarlarda belgilanadigan normalardan nosvoyni alohida 20 dona otim (porsiya)ni o‘z ichiga oluvchi o‘ramlarda hamda o‘ramlarga tasvir va tegishli matn ko‘rinishdagi tibbiy ogohlantirishlar joylashtirilishi, shuningdek, nosvoy chekishning zarari to‘g‘risida iste’molchining xabardorligini oshiradigan ma’lumotlar kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Qonunda nosvoy tamaki mahsulotiga tenglashtirilishi va tamaki mahsulotiga belgilangan barcha cheklovlar nosvoyga ham taalluqli bo‘lishi ko‘zda tutiladi. Bunday yondashuv yoshlarni nosvoydan himoya qilishga zamin yaratadi, keyingi avlod orasida nosvoy chekilishini keskin qisqartirishga yordam beradi.

Xulosa qilib aytganda, nosvoy aylanmasini qonunan tartibga solish aholi sog‘lig‘ini saqlash, mamlakat kelajagi va iqtisodiy maqsadlariga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi

Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish

hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi

matbuot xizmati.

Murojaat uchun telefon: (71) 202-99-11.

Reklama huquqi asosida.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »