Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Aktrisa Dilnoza Kubayeva “Baron-2. Sog‘inch” filmining yopiq premyerasida jurnalistlar bergan qator savollarga javob berdi.

“Baron” filmining birinchi qismi katta muvaffaqiyat qozondi, uning davomi ham avvalgidek mashhurlikka erisholadimi, degan savolga u quyidagicha javob berdi.

— Oldindan gapirishni yomon ko‘raman. Rejissor Rustam Sa’diyev meni xalqqa mashhur qilgan. U inson uncha-muncha filmni suratga olmasliklarini yaxshi bilaman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Nasib qilsa, rejissorning navbatdagi filmi ham yaxshi kutib olinadi, — deydi aktrisa.

Dilnoza Kubayeva nega filmlarda kam suratga tushayotganini quyidagicha izohladi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

— Kinolar avvalgidan ancha siyraklashib qolgan. Ijodkorlar asosan serial suratga olishmoqda. Asta-sekin endi kino sohasida ham odimlash boshlanyapti. Bir yil yoki olti oy avval kasting topshirgan ustoz san’atkorlarning yordamchilari qo‘ng‘iroq qilib, biri sentabrda, biri oktabrda syomkalarni boshlashlarini ma’lum qilishdi. Kinodagi sokinlikka shunchalik o‘rganib qolgan ekanmanki, bu gaplarni eshitib, birdan g‘alati bo‘lib ketdim. O‘n yil avval kinolar ko‘pligidan bir kun u jamoa bilan, ertasi kuni boshqasi bilan ishlardik. Orada spektakllarga ham ulgurardik. Ammo bir necha yillik sokinlik sabab “syomka boshlanadi” degan gap meni vahimaga solib qo‘ydi. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deyishgani shu bo‘lsa kerak. Kinoda ham bir loyqalanish bo‘ldi. Uning qachon tinishini qo‘l qovushtirib kutib o‘tirmadim-da, orzuyim armon bo‘lmasin deb, mualliflik qo‘shiqlarimni ijro etdim. Ayrimlar o‘ylaganidek aktrisalikdan ketmayman. Agar odamlar to‘ylarda xonanda bo‘lishimni istashsa, albatta, boraman. Bu tirikchilik, asosiysi, saviyani ushlash kerak, — deydi aktrisa.

Aktrisa jurnalistning “Xizmat ko‘rsatgan artist unvonini ololmayotganingizga ranjimaysizmi?” degan savoliga quyidagicha javob berdi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

— Agar allada aziz, to‘rvada mayiz bo‘lib, xalqimning sevimli aktrisasi bo‘lmaganimda, bu savol ich-etimni yerdi. Ammo sevimli ekanligim unvon torozisini teng ushlab turadi. Avvalo, yurtimni sevaman va unvon uchun ijod qilmayman. Asosiysi, odamlar meni yaxshi ko‘radi va vaqti-vaqti bilan yaxshi rollar nasib qilib turibdi, — deydi Dilnoza Kubayeva.

Yaqin oylarga qadar aktrisa ijtimoiy tarmoqlardan umuman foydalanmasdi. Uning bir necha yillik prinsiplarini o‘zgartirishiga nima sabab bo‘lgani haqida qiziqdik.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

— Ijtimoiy tarmoqlarda soxta Dilnoza Kubayevalar ko‘payib ketdi. Hattoki ular firibgarlik yo‘li bilan odamlardan mening nomimdan pul undirishgan vaziyatlar ham bo‘ldi. Menga qo‘ng‘iroq qilib, “Onamni tabriklash uchun 300 000 so‘m pul olgandingiz, biz AQSHdan sizni kuzatamiz”, deb aloqaga chiqishganida hayron qoldim. Undan keyin buxorolik hamyurtlarimiz qo‘ng‘iroq qilib, “O‘g‘limning to‘yini olib borishga kelishgandik-ku”, deyishdi. Xullas, akam bilan o‘ylab, endilikda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish zarurligini tushundik. Hozir ham ijtimoiy tarmog‘imni to‘liq o‘zim yuritmayman. Yordamchim va aka-ukalarim ko‘maklashishadi, — deydi aktrisa Dilnoza Kubayeva.

Mavzuga doir:

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »