20 yildan so‘ng: “Uddaburon bolalar” filmining bosh qahramonlari hozir qanday ko‘rinishda? (foto)
2000-yillarda “Uddaburon bolalar” kinofranshizasida asosiy qahramonlarning rolini ijro etishni barcha bolalar orzu qilgan. Filmning birinchi qismi ekranlarga chiqqaniga 20 yil bo‘ldi.
2001-yilda “Uddaburon bolalar” filmining birinchi qismi ekranlarga chiqqanidan keyin undagi superqahramonlar katta mashhurlikka erishdi. Filmning birinchi qismida quyidagi voqealar sodir bo‘ladi: Gregorio va Ingrid Kortes (ushbu rollarni Antonio Banderas va Karla Gujino ijro etgan) maxfiy superagent bo‘lib ishlaydi. Biroq ular ancha oldin nafaqaga chiqadi va farzand ko‘radi. Shuningdek ular o‘tmishini yashirib, oddiy insonlardek hayot kechira boshlaydi. Bir voqea sabab hammasi o‘zgarib ketadi: Kortes ishlagan agentlikdan bir nechta ayg‘oqchilar g‘oyib bo‘ladi. Gregorio va Ingrid ishga qaytadi — biroq juftlik g‘alati mavjudotlar bilan to‘ldirilgan sirli qasrda qo‘lga olinadi. Kichik Gregorio — Juni va Karmen ota-onalariga yordam berish uchun yuboriladi — ular hattoki onasi va otasining nima ish bilan shug‘ullanayotganiga shubhalanmaydi.
Blokbaster tez fursatlarda kassada katta mablag‘ ishlab topdi va shundan keyin filmning davomi suratga olindi. 2001-yildan beri “Uddaburon bolalar” filmining 4 ta qismi ekranlarga chiqarildi — uning oxirgi qismi 2011-yilda ekranlarda paydo bo‘lgan.
Karmen va Juni rolini ijro etgan Aleksa Vega va Deril Sabara superyulduzlarga aylandi — ularga yangi loyihalardan ko‘plab takliflar tushdi. Bugungi kunda aktyor va aktrisa teleekranlarda ko‘rinish bermay qoldi. “Uddaburon bolalar” esa ularning kino olamdagi eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri bo‘ldi.
Filmning ilk qismini suratga olish paytida Aleksa Vega 12 yoshda bo‘lgan. Hozir 34 yoshda bolgan aktrisa vaqti-vaqti bilan filmlarda suratga tushadi va turli teleko‘rsatuvlarda ishtirok etadi. “Yulduzlar bilan raqs” filmi esa shunga misol bo‘la oladi. Aleksa 2014-yilda xonanda Karlos Penya bilan turmush qurgan. Hozirda juftlik uch nafar farzand: ikki nafar o‘g‘ilni va bir nafar qizni tarbiyalamoqda.
Deril Sabara esa “Uddaburon bolalar” filmida suratga tushgan paytda 8 yoshda bo‘lgan. Bundan tashqari, bu loyiha Deril uchun birinchi aktyorlik ishi bo‘lmagan.
Deril o‘smirlik paytida ko‘plab serial va filmlarda rol ijro etgan — masalan, u Disneyning “Veyverli Pleys sehrgarlari” nomli bolalar serialining ko‘plab qismlarida bir necha yil davomida rol o‘ynagan.
Aktyor 2010-yildan boshlab kino seriallarda suratga tushishni to‘xtatdi. Biroq u multfilmlar va video o‘yinlarni ovoz bera boshladi. Sabara 2018-yilda taniqli xonanda Megan Treynorga uylandi. Juftlik 2021-yilning qishida birinchi marta ota-ona bo‘ldi.
Deril bir necha bor Aleksa Vegani hali ham o‘zining katta opasi deb bilishini aytgan. “Uddaburon bolalar” filmining suratga olish jarayonlarida Aleksa va Deril yaqin do‘stga aylangan. Ular hozir ham munosabatlarini saqlab qolgan.
Mavzuga doir:
- Priyanka Chopra “Uddaburon bolalar” filmini eslatuvchi yangi fantastik kartinada suratga tushdi (video).
- Tanish mushkul: “Garri Potter“ filmidagi Xagrid hozir qanday ko‘rinishda? (foto).
- Jahon kinosi yulduzlarini mashhur qilgan filmlar hozir qayta suratga olinsa, aktyorlar qanday ko‘rinishda bo‘lardi? (foto).
- 90-yillardagi mashhur filmlarning yosh qahramonlari hozir qanday ko‘rinishda? (foto).