Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Marie Claire nashri tomoshabinlar tomonidan sevib tomosha qilingan, kino olamida katta iz qoldirgan, ammo fojiali tarzda vafot etgan “Garri Potter” filmidagi aktyorlarni yodga oladi.

Richard Xarris (1930—2002)

Foto: Marie Claire

Foto: Marie Claire

Buyuk sehrgar va Xogvarts direktori Albus Dambldorsiz “Garri Potter” olami butunlay boshqacha bo‘lar edi. Aynan u Garriga jodugarlik va sehrgarlik maktabida o‘qish davomida g‘amxo‘rlik qiladi, unga Voldemortni mag‘lub etishga yordam beradigan eng muhim hayotiy saboqlarni o‘rgatadi. Dastlabki ikkita filmda Albus Dambldor rolini iqtidorli aktyor Richard Xarris ijro etgan. Aktyorga Xojkin limfomasi tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa ham suratga olishda bajonidil ishtirok etadi. Rejissor Kris Kolambus o‘limidan bir necha soat oldin Xarris unga Albus Dambldor roliga qaytishga qaror qilganini aytganini eslaydi. “U Dambldor roliga boshqa aktyor olsam, ta’zirimni berishini aytgandi. U ruhan kuchli edi va oxirigacha kurashdi”, — deya qo‘shimcha qiladi rejissor. Afsuski, kasallik aktyordan ham kuchliroq bo‘lib chiqdi.

Jon Xert (1940—2017)

Foto: Marie Claire

Foto: Marie Claire

“Garri Potter” sagasinining har qanday muxlisi sehrli tayoqcha tanlash sehrgarning kelajakdagi taqdirini belgilab beradigan juda muhim marosim ekanini biladi. Eng yaxshi tayoqcha tayyorlovchi do‘kon egasi janob Ollivander edi. Garri Potterning bu dono chol bilan birinchi uchrashuvi bosh qahramon Xogvartsga kelishidan oldin sodir bo‘lgan. “Tayoq sehrgarni tanlaydi, janob Potter. Nima uchunligini har doim ham tushunib bo‘lmaydi”, — deydi janob Ollivander o‘sha paytda yosh Garriga. Shunday qilib, butun kino franshizasining ramziy sahnalaridan biri tug‘ildi. Mazkur rol Jon Xertga BAFTA mukofotini keltirdi. Aktyor 2017-yilda oshqozon osti bezi saratoni tufayli hayotdan ko‘z yumdi.

Alan Rikman (1946—2016)

Foto: Marie Claire

Foto: Marie Claire

Filmdagi eng hayratlanarli qahramonlardan biri Severus Sneyp edi — Garri Potterni himoya qilish uchun jonini fido qilgan inson. “Kiyinishda har doim benuqson, qilichdek ozg‘in va o‘tkir, gap-so‘zida esa hech qanday shubha qoldirmaydi — Alan Rikman ajoyib bosh qahramon edi”, — deb ta’kidlaydi BBC News. Ehtimol, boshqa hech bir aktyor bu murakkab xarakterning barcha qirralarini u kabi aniq ko‘rsata olmasdi. Shu sababli 2016-yilda Alan Rikmanning saraton kasalligi tufayli vafot etgani haqidagi xabar uni ekranda tanigan yoki ko‘rgan har bir kishi uchun haqiqiy fojia bo‘ldi. “Alan Rikman endi yo‘qligini bilganimdan qanchalik g‘amga botganimni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi, — deb yozgan J.Rouling. — U mahoratli aktyor va ajoyib inson edi”. Garri Potter rolini ijro etgan Deniyel Redkliff esa Alan Rikman doimo uning hayotiy yo‘lboshchisi bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘lishini tan oldi. “Aktyor sifatida u birinchilardan bo‘lib, menga boladek emas, tengdoshdek munosabatda bo‘lgan. Umrim va faoliyatim davomida u menga bergan saboqlarini unutmayman”, — deydi u.

Richard Griffits (1947—2013)

Foto: Marie Claire

Foto: Marie Claire

Garri Potterning zolim va jahldor amakisi Vernon Dursl hech qachon tomoshabinlarda mehr uyg‘otmagan. Biroq bunday salbiy xarakterni o‘ynash odatda ijobiy xarakterga qaraganda qiyinroq. Richard Griffits bu vazifani a’lo darajada bajardi. Afsuski, aktyor 2013-yilda yurak jarrohligidan keyingi asoratlar tufayli vafot etdi, lekin u o‘z yaqinlari xotirasida buyuk iste’dod egasi bo‘lgan ajoyib va ​​yorqin inson sifatida qoldi. Daniel Redkliff va Richard Griffitsning ekrandagi qahramonlari hech qachon umumiy til topa olmagan bo‘lsa-da, hayotda aktyorlar ko‘p muloqot qilishdi va birga ishlashdi. Masalan, 2008-yilda ikkalasi ham London teatri sahnasida Equus spektaklida birgalikda o‘ynashgan. Griffitsning o‘limidan so‘ng uning kichik hamkasbi bunday ajoyib insonni bilishdan “g‘ururlanganini” tan oldi. “2000-yil avgust oyida, “Garri Potter” rasman suratga olinishi boshlanishidan oldin, biz Dursllar uyi oldidagi sahnani mashq qilayotgan edik, deb eslaydi Deniel. — Bu mening kinodagi birinchi sahnam edi, shuning uchun juda asabiylashdim. Ammo u (Richard) meni qo‘llab-quvvatladi va vaziyatni yengillashtirdi”.

Vern Troyer (1969—2018)

Foto: Marie Claire

Foto: Marie Claire

Garri Potter olamida g‘ayrioddiy mavjudotlar — gippogriflar, ajdarlar, yakkashoxlar, qaqnuslar, uy elflari, kentavrlar, gigantlar, bo‘rilar, suv parilari va tritonlarni ham ko‘rish mumkin. Biroq ulardan farqli ravishda goblinlar ongi rivojlangan mavjudotlar hisoblangan — ular Gringotts bankini boshqarib, sehrgarlar uchun tangalar zarb qilishadi. Ulardan biri — Griphuk sujetning rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Hikoyaning boshida u Hagrid va Garri Potterni yashirin seyfga kuzatib qo‘yadi xolos, oxirgi qismlarda esa Qora Lord va uning yordamchilariga qarshi isyon ko‘taradi, bosh qahramonlarga Gringottsga kirishga yordam beradi va Voldemort qo‘lida mardlarcha halok bo‘ladi. “Garri Potter va hikmatlar toshi” filmida Griphuk rolini o‘ynagan aktyor Vern Troyer real hayotda alkogolizm, ruhiy tushkunlik va o‘z joniga qasd qilish fikridan aziyat chekadi, mutaxassislarga murojaat qiladi va bu dardlardan qutulishga ishonchini yo‘qotmaydi. “Bu osonlikcha bo‘lmaydi, — deb yozgan edi Troyer 2017-yilda. — Ammo men kun-u tun kurashni davom ettirishga tayyorman”. Bir yil o‘tgach esa aktyor bu dunyodan ko‘z yumdi.

Deyv Lejeno (1963—2014)

Foto: Marie Claire

Foto: Marie Claire

Fenrir Greybek sehrgarlar urushi paytida Qora Lord bilan ittifoq tuzadi va 1997-yildagi Xogvarts jangida qatnashadi. Uning ismining o‘zi sehrgarlarda dahshatli qo‘rquv uyg‘otadi. Aktyor Deyv Lejeno juda yorqin obraz yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Uning qahramoni Fenrir Greybek shunchalik shafqatsiz va zolim bo‘lib chiqadiki, tomoshabinlar hatto uni ekranda tomosha qilishdan qo‘rqardi. Afsuski, aktyorning taqdiri fojiali yakunlandi. 2014-yilda u Kaliforniyaga sayohati davomida to‘satdan do‘stlari va oilasi bilan bog‘lanmay qolgan. Ko‘p o‘tmay, O‘lim vodiysiga borgan ikki sayyoh bir odamning jasadiga duch keladi. Bu Deyv Lejeno bo‘lib chiqdi. Shifokorlar aktyor haddan tashqari jazirama tufayli vafot etgan degan xulosaga kelishdi. U endigina 50 yoshda edi.

Devid Rayall (1935—2014)

Foto: Marie Claire

Foto: Marie Claire

Elfias Doj nafaqat Qaqnus ordeni a'zosi, balki iste’dodli yozuvchi, Sehrgarlik vazirligining yuristi va Albus Dambldorning yaqin do‘sti edi. Uning Xogvarts direktoriga bag‘ishlangan nekrologi Elfiasning Garri Potter bilan tanishishining boshlanishi bo‘ldi. Shubhasiz, u sehrgarlar olamida muhim shaxs edi. Mazkur rolni 2014-yil Rojdestvo arafasida vafot etgan Devid Rayall ijro etgan. Uning aktyorlik faoliyati 50 yildan ortiq davom etgan va shu vaqt ichida u 130 ta filmda suratga tushishga muvaffaq bo‘lgan.

Robbi Koltreyn (1950—2022)

Foto: Marie Claire

Foto: Marie Claire

Robbi Koltreyn “Garri Potter”dagi Hagrid rolidan tashqari “Dunyo yetmaydi”, “Oltin ko‘z”, “Oushenning o‘n ikki do‘sti” va boshqa filmlarda esda qolarli rollarni ijro etgan. Bundan tashqari, aktyor mashhur multfilmlarga ham ovoz bergan.

Hagrid roli orqali dunyo bo‘ylab muxlislarni topgan aktyor Robbi Koltreyn 2022-yil 14-oktabr kuni 72 yoshida vafot etdi. Bu xabarni nafaqat tomoshabinlar, balki “Garri Potter” filmida u bilan suratga tushgan aktyor va aktrisalar chuqur qayg‘u bilan qarshi oldi.

“Robbi men uchratgan eng hazilkash insonlardan biri edi va bolaligimizda suratga olish maydonchasida bizni doim kuldirardi. Ayniqsa, “Garri Potter va Azkaban mahbusi” filmini suratga olish chog‘ida Hagridning kulbasida yomg‘irdan uzoq vaqt berkinib turganimizda kayfiyatimizni qanday ko‘targanini, kayfiyatimizni ko‘tarish uchun hikoya va hazillar aytib berganini eslayman. Men u bilan uchrashish va u bilan ishlash baxtiga muyassar bo‘ldim, uning endi oramizda yo‘qligi men uchun qayg‘uli holat. U juda mahoratli aktyor va ajoyib inson edi”, — deb yozadi Deniyel Redkliff.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »