Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

1-noyabr kuni shundoq ham notinch bo‘lib turgan dunyoga yana bir jiddiy mojaro xavf sola boshladi. Eron yaqin 48 soat ichida  Saudiya Arabistoniga hujum uyushtirishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

Islom diniga e’tiqod qiluvchi bu ikki qudratli mamlakat o‘rtasidagi ziddiyat sababi nima va u qachon yuzaga kelgan?

Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, Saudiya Arabistoni va Eron mintaqada ustunlik uchun kurashib kelmoqda. Diniy qarama-qarshiliklar o'n yildan ortiq vaqtdan beri ularning qarama-qarshiligini yanada kuchaytirmoqda.

Sunniylar va shialar o‘rtasidagi ziddiyat

Mamlakatlar islom dinidagi ikki xil oqimga sodiqdir – Eron asosan shialardan iborat bo‘lsa, Saudiya Arabistoni sunniylar yetakchilaridan biri hisoblanadi.

Aholining asosiy qismi sunniy yoki shialardan iborat Yaqin Sharq xaritasiga nazar tashlasangiz, diniy tafovutlarning mohiyati oydinlashadi. Ularning ko‘pchiligi Saudiya Arabistoni yoki Eronni o‘zlarining ruhiy yo‘lboshchisi deb bilishadi.

Hududida Islom dunyoga kelgan Saudiya Arabistoni tarixda o‘zini islom olamining yetakchisi deb hisoblagan. Ammo 1979-yilda Eronda islom inqilobi sodir bo‘ldi, natijada mintaqada teokratik davlat paydo bo‘ldi, uning asosiy maqsadi ushbu modelni boshqa mamlakatlarga eksport qilish edi.

Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi 15 yil ichida ayniqsa keskinlashgan.

2003-yilda AQSH boshchiligidagi koalitsiya Iroq yetakchisi, sunniy arab va Eronning asosiy dushmanlaridan biri Saddam Husaynni hokimiyatdan ag‘dargan edi. Natijada Iroqda o‘sha vaqtdan beri doimiy ravishda o‘sib borayotgan Eron ta’siriga qarshi tura oladigan kuch yo‘qoldi.

2011-yilda “arab bahori” deb nom olgan norozilik namoyishlari mintaqada siyosiy beqarorlik yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Eron va Saudiya Arabistoni bu noroziliklardan Suriya, Bahrayn va Yamanda o‘z ta’sirini kuchaytirish uchun foydalandi. Bu esa o‘zaro ishonchsizlikni yanada kuchaytirdi.

Mintaqadagi yetakchilik uchun kurash

Eron muxoliflarining ta’kidlashicha, forslar Erondan tortib to O‘rta Yer dengizigacha cho‘zilgan hududda nazoratni qo‘lga kiritish uchun mintaqadagi yetakchi kuchga aylanishga intilmoqda.

Eron mintaqaviy kurashda ko‘p jihatdan g‘alaba qozonayotgani uchun ham mamlakatlar o‘rtasidagi strategik qarama-qarshilik kuchayib bormoqda.

Prezident Bashar Asad Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Suriyadagi muxolif kuchlarning aksariyatini Eron (va Rossiya) ko‘magi tufayli bostirishga muvaffaq bo‘ldi.

Saudiyaliklar Eronning kuchayib borayotgan ta’sir doirasini kamaytirmoqchi.

Saudiya Arabistonining valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning militaristik avanturizmi mintaqaviy taranglikni yanada kuchaytirmoqda.

U qo‘shni Yamandagi isyonchilar bilan urush olib bordi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad u yerdagi Eronning ta’sirini kamaytirish edi.

Bundan tashqari, tashqi o‘yinchilar ham bor. AQSH hukumatining qo‘llab-quvvatlashi Saudiya Arabistoniga yanada ishinch berayotgan bo‘lsa, Eronni halokatli tahdid sifatida ko‘radigan Isroil, qaysidir ma’noda Saudiyaning Eronni tiyib turish harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Isroil Suriyadagi Eron nazoratidagi jangari kuchlar mamlakat chegarasiga yaqinlashishidan xavotirda.

Isroil va Saudiya Arabistoni Eron yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha 2015-yilgi xalqaro kelishuvga eng ashaddiy qarshilik ko‘rsatgan mamlakatlar hisoblanadi. Ular talab qilingan chora-tadbirlar yetarli emasligini, agar kerak bo‘lsa, Eron yadro quroliga ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagandilar.

Yaqin Sharqning strategik xaritasida sunniylar va shialar o‘rtasidagi bo‘linish ko‘rsatilgan.

Kim kim bilan do‘st?

Saudiya Arabistonining ittifoqchilari qatorida sunniy davlatlar – Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Bahrayn, shuningdek, Misr va Iordaniya ham bor.

Eronning ittifoqchisi Suriya hukumati. Qurolli qarama-qarshilikda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan shia guruhlari, jumladan, Hizbulloh guruhi muxolif kuchlarga, asosan sunniylarga qarshi kurashda muhim rol o‘ynaydi.

Asosan shialardan iborat Iroq hukumati ham Eronning yaqin ittifoqchisi hisoblanadi.

“Sovuq urush”dan keyin navbat haqiqiy urushgami?

Ko‘p jihatdan, bu holat AQSH va SSSR o‘rtasidagi uzoq yillar davom etgan Sovuq urushning mintaqaviy ekvivalentiga o‘xshaydi.

Eron va Saudiya Arabistoni shu paytga qadar bir-biri bilan bevosita urush olib bormagan. Asosan ular tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan kuchlar mintaqadagi qurolli to‘qnashuvlarda qatnashib kelayotgandi. Lekin endi bu ikki mamlakat o‘rtasida bevosita urush xavfi yuzaga keldi.

Saudiya Arabistoni razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Eron yaqin orada Saudiyaga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu ma’lumotlarga tayangan holda, Arabistonning yaqin hamkori bo‘lgan AQSH o‘z harbiy kuchlarini yuqori shay holatga keltirdi.

2-noyabr kuni Erondagi Jamkaron masjidi gumbazi ustida qizil qasos bayrog‘i ko‘tarildi. Bayroqning ko‘tarilishi sabablari ma’lum qilinmagan. Oldinroq Tehron AQSH, Buyuk Britaniya, Isroil va Saudiya Arabistonini mamlakatda norozilik namoyishlarini uyushtirganlikda ayblagan edi.

Shundan kelib chiqib xulosa qiladigan bo‘lsak, vaziyat ancha jiddiy tus olishi mumkin. Voqealar rivojini vaqt ko‘rsatadi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »