Yaponiya taslimidan keyin ham 30 yil partizanlik qilgan “so‘nggi samuray”, dengizga cho‘kib ketgan burg‘ilash platformasi va KXDRning “abadiy prezidenti”. Kun xronologiyasida 18-dekabr
18-dekabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Yaponiya urushidan keyin 30 yil davomida o‘rmonda partizanlik qilgan askar, Oxota dengizida cho‘kib ketgan “Kola” burg‘ilash platformasi hamda hokimiyat tepasiga kelgan “KXDRning abadiy prezidenti”ga oid faktlar o‘rin olgan.
Urushdan keyin ham 30 yil o‘rmonda partizanlik qilgan “so‘nggi samuray”
1974-yil 18-dekabr kuni Indoneziyaning Morotay orolida Ikkinchi jahon urushining oxirgi askari — tayvanlik Teruo Nakamura qo‘lga olingan. U Yaponiya taslim bo‘lganini bilmagan holda “o‘z urushi”ni shuncha yil davomida davom ettirib kelgandi.
Nakamur 1943-yilda armiyaga chaqirilgan, 1944-yilda esa Yaponiya tomonidan bosib olingan Indoneziyaning Morotay oroliga borib qolgan. Shu yilning sentabrida orolga ittifoqchilar qo‘shinlari tashlangan va hudud bir oy ichida yaponlardan qaytarib olingandi. Oroldagi 500 dan ortiq askar Morotay jangida halok bo‘lgan, qolganlari asirga tushgan. Nakamura kabi bir necha askar jungli o‘rmonlarida yashirinishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinchalik uning eslashicha, komandiri unga taslim bo‘lmasdan, oxiriga qadar jang qilishni buyurgan.
Bir necha oy ichida Morotayda partizanlar deyarli qolmagan. Qay birlari kasallik va ochlikdan vafot etgan bo‘lsa, qolganlari ittifoqchilar tomonidan ushlangan, ba’zilari o‘zlari taslim bo‘lgan. Tarkibida Nakamura bo‘lgan kichik bo‘linma barcha qiyinchiliklarga chidagan holda buyruqni bajarishni davom etgan. 1945-yil sentabrda orol uzra Yaponiyaning taslim bo‘lgani to‘g‘risida varaqalar sochilgan. Nakamura unga ishonmagan va jang qilishni davom etgan. 1956-yilda tayvanlik o‘zining yapon quroldoshlaridan ajralib qolib ketgan.
Bardoshli askar Robinzon kabi yashashni davom etgan — u o‘ziga kulba qurgan, kichik tomorqaga qaragan, qushlarni tutgan, bananlar bilan oziqlangan, oy fazalariga qarab vaqtni aniqlagan. Tutun bilan dushmanni jalb etmaslik uchun ovqatni kechalari pishirgan. O‘nlab yillar davom etgan bunday hayot tarzi Nakamurani butunlay o‘zgartirib yuborgan, u kiyimlari titilib ketganidan yalang‘och yurishni boshlagan. Shu bilan birga, o‘rmonda topib olgan amerikaliklar kurtkasini saqlab, undan adyol sifatida foydalangan. Nakamura 30 yil davomida o‘z miltig‘i va beshta patronini asrab-avaylab kelgan.
“Men omon qolish uchun yashardim. Tirik ekanimni anglashimgina menga kuch berardi. Omon qolish mening yagona maqsadim edi, bu butun vaqtimni olardi”, — deya eslaydi Nakamura.
Teruo Nakamurani normal hayotga qanday qaytgani bo‘yicha ikkita versiya bor. Ulardan biriga ko‘ra, askar uzoq vaqt Baikoli ismli mahalliy aholi bilan muloqotda bo‘lgan, u erkakni yegulik va birlamchi vositalar bilan ta’minlab kelgan. Baikoli Nakamura kabi inson borligini sir saqlab kelgan, uning o‘limdan keyin esa o‘g‘li askarning holidan xabar olib turgan. Boshqa versiyaga ko‘ra, Nakamuraning chaylasini havodan payqab qolishgan. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy qishloq aholisi junglida yashovchi yovvoyi jonzotdan shikoyat qilgan.
Indoneziyaliklar yaponlar bilan Nakamurani qanday qo‘lga olish to‘g‘ri bo‘lishi bo‘yicha maslahatlashgan. Erkakning boshpanasi aniqlanib, imperatorga sodiq 55 yoshli askar yapon madhiyasi va Yaponiya imperatorlik bayrog‘i yordamida tuzoqqa tushirilgan. Askar omon qolgani uchun kechirim so‘ramagan, biroq 1945-yildagi birgina xatosi sabab (urush tugagani to‘g‘risidagi xabarni dushman taraf propagandasi deb o‘ylagan) umrining 30 yilligini yo‘qotganini alam bilan tan olgan.
Xitoy tasarrufiga o‘tgan Tayvan oroliga qaytgan Nakamura ota-onasi vafot etib ketganidan, xotini esa boshqaga turmushga chiqqanidan, go‘dakligida qolgan o‘g‘li esa to‘rt nafar bolaning otasiga aylanganidan xabar topgan. Yaponiya hukumati avvaliga sobiq askarga pensiya to‘lashdan bosh tortgan, ammo jamoatchilik bosimidan keyin Nakamuraga tovon to‘langan. Tayvan hukumati tomonidan ham unga nafaqa belgilangan. Teruo Nakamura bu pullarga o‘ziga kichikroq uy sotib olgan.
Yapon imperatorlik armiyasining oxirgi askari oddiy hayot kechirgan. 1979-yilda 60 yoshida o‘pka saratonidan vafot etgan. Morotay orolida Nakamuraga atab haykal o‘rnatilgan.
“Kola” neft platformasining fojiasi
2011-yil 18-dekabr kuni Oxota dengizida “Kola” burg‘ilash platformasi cho‘kib ketgan — bu vaqtda uning bortida 67 kishi bor edi. Ekipajning 14 nafarigina omon qolgan. Neftni qazib chiqarishga mo‘ljallangan qurilmani ikkita kema yangi ish joyiga tortgan, biroq to‘fon sababli u ag‘darilib ketgan. Keyinchalik, kompaniya xavfsizlik choralarini e’tiborsiz qoldirib, platformani taqiqlangan mavsumda jo‘natgani ma’lum bo‘lgan.
“Kola” o‘zi ko‘tarilar suzuvchi burg‘ilash uskunasi 1985-yilda Finlyandiyaning “Rauma repola” kemasozlik kompaniyasi tomonidan qurilgan bo‘lib, u neft tortishga mo‘ljallangan. Platformaga “AMNGR” kompaniyasi egalik qilgan. Uskuna uzoq qillar Kola ko‘rfazida ishlagan, keyin esa Saxalinga ijaraga berilgan, shundan keyin Magadan dengiz savdo portiga yetkazilgan.
2011-yil 11-dekabr kuni platforma Kamchatkadan Saxalinga yuborilgan — uni “Magadan” ledokoli va “Neftgaz 55” shatakchi kemasi tortib ketgan. Oradan besh kun o‘tgach ob-havo yomonlashgan. Tortuvchi kemalardan biri manzilga tezroq yetib olish uchun tezligini oshirgan.
Natijada o‘rnatish korpusining tashqi tomonida yoriqlar yuzaga kelgan. Ekipaj platformaga egalik qiluvchi kompaniyaga sodir bo‘lgan holat bo‘yicha hisobot bergan va kemani barqarorlashtirish va sho‘ng‘ish rejimiga o‘tish uchun tayanch ustunlarini tushirishni so‘ragan. Biroq “AMNGR” buni taqiqlagan.
18-dekabr kuni soatiga 25 metr tezlikda esgan shamol va balandligi 4-5 metrga yetgan to‘lqinlar “Kola” o‘zi ko‘tariluvchi burg‘ilash uskunasining tumshuq qismidagi tayanchlarni uzib tashlagan. Ballast sisternalar cho‘ka boshlagan, suv o‘tkazmaydigan qoplamalar germetikligi buzilgan. Mashina bo‘lmasiga kirayotgan suvni nasoslar chiqarishga ulgurmagan va kema cho‘kishni boshlagan.
Bir sutkadan keyingina “AMNGR” tayanch ustunlarni tushirishga ruxsat bergan, ammo og‘ish tufayli buni amalga oshirib bo‘lmagan. Oxota dengizining o‘rtasida joylashgan “Kola”dan halokat signali rahbariyat taqiqlaganiga qaramay soat 09:24 yetib kelgan. Uning bortida 67 kishi bor edi.
Oradan uch soat o‘tgach “Kola” bir tomonga og‘ib, cho‘kib ketgan. Bu vaqtda eng yaqin quruqlik 200 kilometr uzoqlikda edi. Platformani tortib ketayotgan ekipaj o‘z hamkasblarini qutqarishga tushgan — 14 kishi omon qolgan. To‘fon qolganlarni qidirib topish ishlarini qiyinlashtirgan. Keyinroq qutqaruv operatsiyasida “Aviashelf” kompaniyasining ikkita “Mi-8” vertolyoti va Tinch okeani flotining “Il-38” samolyoti jalb etilgan. Ammo biror kimni tirik topishning imkoni bo‘lmagan.
19-dekabr kuni hodisa joyiga Rossiya FVVning “An-74” samolyoti yetib kelib, bir necha soat davomida yo‘qolgan ekipajni qidirish bo‘yicha havo razvedkasini amalga oshirgan. Qutqaruvchilar yana to‘rt kun davomida qidiruv ishlarini olib borgan, Oxota dengiziga katta siklon yaqinlashib kelayotgani bois ishlar to‘xtatilgan. Natijada 17 kishining jasadini topishga muvaffaq bo‘lingan. Yana 36 kishi 2012-yil 27-yilga qadar bedarak yo‘qolgan hisoblangan — keyin sud ularni vafot etgan deb topgan.
Fojiadan keyin “Ehtiyotsizlik sabab ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga olib kelgan harakatlanish xavfsizligi va dengiz transportidan foydalanish qoidalarini buzish” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov shatakchilar murakkab ob-havo sharoitini inobatga olmagan deya hisoblagan.
Tergov ishlari 2012-yil mayda yakunlangan. 2015-yilda Murmansk sudi “AMNGR”ning ikki rahbariga, sobiq bosh muhandisi Leonid Bordzilovskiy, shuningdek, xavfsizlik bo‘yicha sobiq bosh direktor Boris Lixvanga ayblov e’lon qilgan. 2017-yil 3-may kuni Murmanskning Pervomaysk sudi kompaniyaning bosiq rahbari Boris Lixvan va Leonid Bordzilovskiyni 6 yilga ozodlikdan mahrum etgan.
“KXDRning abadiy prezidenti”
1945-yil 17-dekabr kuni Kim Ir Sen Koreya Kommunistik partiyasi Shimoliy Koreya Tashkiliy byurosi raisi etib tayinlangan edi. Dunyodagi eng qattiq diktaturalarda birining asoschisi qanday qilib hokimiyat tepasiga kelib qolganini quyida bayon qilamiz.
Partizanlarning jasur komandiri, yapon bosqinchilariga qarshi kurashgan Kim Ir Sen tasodifan kommunistik KXDRning rahbariga aylanib qolgan: aslida sovet rahbariyati uning nomzodini birlashgan Koreya harbiy vaziri lavozimiga ko‘rib chiqqan. Kimning o‘zi, qiziqki, hokimiyat uchun armiyani tark etishga qarshilik ko‘rsatishga harakat qilgan. “Men polkka, keyin diviziyaga borishni istayman, bu nega kerak? Men uni umuman tushunmay va shug‘ullanishni istamayman”, — degan u.
Shu bois Kim Ir Sen Shimoliy Koreya hukumati tepasiga deyarli tasodifan, qariyb o‘z xohishiga qarshi kelib qolgan. SSSRda KXDRning bo‘lajak rahbarini yaxshi tanishgan — u Qizil armiya tarkibida yaponlarga qarshi kurashgan, sovetlarning ordeni bilan taqdirlangan. O‘g‘li Kim Chen Ir ham SSSR hududida dunyoga kelgandi, uni yoshligida Yura deb chaqirishgan.
Kim Ir Sen uzoq vaqt davomida mustaqil rahbar bo‘lmagan, uning nutqlarini sovet harbiy maslahatchilari yozgan, sovet siyosati yo‘nalishida harakat qilgan. Ta’kidlanishicha, Kim Ir Sen ikki Koreyaning birlashuvini xohlagan shaxslardan biri bo‘lgan. Ammo u bunga erisha olmagan va Koreya urushidagi mag‘lubiyatdan keyin omad sabab hokimiyatga ega chiqqan.
Ammo sulh unga mamlakat shimoliy qismida o‘z hokimiyatini mustahkamlash imkonini bergan, bu yerda u o‘z muxolifati va siyosiy raqiblarini yo‘qotgan. Shuningdek, u sekin-asta ham sovet, ham xitoylar ta’siridan qutulgan.
Iosif Stalinning o‘limi va Nikita Xrushchyov SSSR rahbari etib tayinlangach, KXDR bilan munosabatlar sezilarli o‘zgarmagan. Shu bilan birga, 1950-yillar oxiriga kelib KXDR iqtisodiyoti qo‘shni Xitoyga yaqinlasha boshlagan. 1962-yilda Damanskiy oroli sabab SSSR va Xitoy o‘rtasidagi chegara mojarosidan keyin Kim Ir Sen Mao Szedun bilan yanada yaqinlashgan.
Kim Ir Senning hukmronligi KXDRni qamal qilingan qal’aga va rahbarning shafqatsiz shaxsiga sig‘inish o‘rnatilgan chinakam totalitar davlatga aylantirgan.
SSSRdagi “qayta qurish”dan keyin Kim Ir Sen va sovet rahbariyati o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan. Kim Ir Sen Mixail Gorbachyovni “yaqin do‘stim” deganiga qaramay, bu shunchaki xushmuomalalikdan boshqa narsa emasdi. Fuqarolarning hatto shaxsiy hayotini nazorat qilgan KXDRga sovetlarning siyosati yoqmasdi.
KXDR SSSR tashqi ishlar vaziri Shevardnadzening yordamchisi Teymuraz Stepanovda tushkun taassurot qoldirgan: “Ko‘p qavatli qutilar yoqimli rangga bo‘yalgan. Ammo ko‘chalar bo‘ylab ularning yonidan o‘tar va derazalarga boqar ekansan, yorqin hayot yo‘qligidan qo‘rquvga tushasan”, — deb yozgandi u “Ko‘z o‘ngimizda o‘zgargan dunyo” kitobida.
Kim Ir Sen hayotligida o‘z shartlariga ko‘ra Koreyaning birlashuvini ko‘ra olmadi. O‘limidan keyin uning jasadi mavzoleyga joylashtirilgan bo‘lib, mamlakatga tashrif buyurgan har qanday mehmon uchun uni ziyorat qilish o‘ziga xos majburiy an’anaga aylangan. 1997-yil iyulda KXDRning sobiq rahbari xotirasiga yangi yil hisobi joriy etilgan, Kim Ir Senning o‘zi “KXDRning abadiy prezidenti” deya e’lon qilingan.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.