Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Xonanda Iroda Iskandarova “Sevimli” telekanalining “O‘zim” ko‘rsatuviga bergan intervyusida  san’atga kirib kelishi, turmush qurgandan keyingi qiyinchiliklari va ajrashgani, farzandlarining san’at sohasini tanlamaganidan ranjigani va homiyi bo‘lmagani haqida gapirib berdi.

“Onamning oldida yurib, o‘zim doira chalishni o‘rganganman”

Dadam san’atni juda yaxshi ko‘rar edi, onam ham shifokor bo‘lishiga qaramasdan xalfachilik bilan shug‘ullangan. Yoshlari katta bo‘lsa ham, qo‘shiqning biror yerini xato aytsam, mana bu yerini xato ketibdi, deb aytib turardi. Birinchi katta tanqidchim — onam. O‘sha paytda plastinkalar bo‘lar edi, dadam Alla Pugachyovani yaxshi ko‘rar edi, men ham tilim chiqmasdan o‘sha xonandaning “Million alix roz” taronasini aytib yurgan ekanman. Yoshligimdan san’atga mehr rivojlangan. Onamning ko‘zi ojiz ustozlari bo‘lar edi, bir yil davomida ulardan dars olganlarida men ham qo‘shilib borganman.

Onam bilan birga borib, cholg‘ularni qanday chalish, qanaqa qilib qo‘shiq aytish kerakligini ko‘rib o‘tirganman. O‘sha ayol bir-ikki soatlab dars berardi. Onamning oilasida san’atkorlar bo‘lgan, o‘sha davrda Ro‘zmetovalar degan oilaviy ansambl bo‘lgan. Kichkina qizcha bo‘lsam ham qatnashganman, onamning oldida doira chalganman. Onamning dadasi ruxsat bermagan, biroq dadam buni tushungan holda indamagan, chunki xalifalar faqat ayollarning davrasida qo‘shiq aytgan, doirachisi ham, raqqosasi ham ayol kishi bo‘lgan. Onamning oldida yurib, o‘zim doira chalishni o‘rganganman.

Foto: Instagram / @irodaiskandarova_official

Foto: Instagram / @irodaiskandarova_official

“Onamning ko‘zida yosh, ovozi bo‘g‘ilib qolgan, biroq to‘yni o‘tkazish kerak edi”

Bizning paytimizda mikrafon bo‘lmagan, to‘yga borganmiz, katta dalada qo‘shiq aytib, onamning ovozi bo‘g‘ilib qolgan. Keyin menga ayt deganlar, men esa aytolmayman, uyalaman deb gapirganman. Onamning ko‘zida yosh, ovozi bo‘g‘ilib qolgan, biroq to‘yni o‘tkazish kerak edi. Qanaqa aytganimni bilmayman, doiraning ichida aytib ketganman. Har bitta ashulalarini aytganman, to‘y juda ham chiroyli o‘tgan. Keyin onam garmon chalishni o‘rganasan deb aytgan. 7-sinfda o‘qir edim, onamga ikkita xizmat kelsa, bitta xizmatga men borardim. Bitta ukam mening oldimda, boshqasi esa onamning oldida doira chalar edi. Singillarim ham xalifa bo‘lgan.

“Bu narsani tasvirlab bera olmayman, turmush qurganimdan keyin sindim”

Turmush qurganimizdan keyin sahnaga chiqasan, deb va’da berishgan. O‘sha paytda Iroda Iskandarova bo‘lib emas, “Iroda xalfa” desa meni butun Xorazm tanir edi. Bir-ikki marta sahnaga chiqqanimdan keyin ruxsat bo‘lmagan. Ota-onam meni qo‘llab-quvvatlar edi, chunki o‘sha paytda atrofimda faqat oilam bo‘lgan. Bu narsani tasvirlab bera olmayman, turmush qurganimdan keyin sindim. Shunaqa qiyin damlarni boshdan kechirganman, peshonamda bu narsalar ham bor ekan. Keyin bo‘lmadi, vaqt o‘tib ajrashib ketdik.

Foto: Instagram / @irodaiskandarova_official

Foto: Instagram / @irodaiskandarova_official

Xonanda farzandlari uning sohasini tanlamaganidan ranjigani haqida 

Hamma farzandlarim san’atga qiziqadi, barchasida iste’dod bor. Biroq bolalarimdan xafaman, ular boshqa-boshqa kasbni tanlashdi. Xafa bo‘lishim ham noo‘rin, ular ham ko‘rishyapti. Insonni bir o‘zi hech narsa qila olmaydi, chunki hayotning past-balandliklari bo‘lar ekan.

Ko‘p yo‘qotishlar, aldashlar, xiyonatlar bo‘ldi. Mayli, bu ham peshonamda bor ekan, men uchun dars bo‘ldi. Hozir yolg‘on bilan rostni ajratadigan bo‘ldim.

“Hammasini o‘zimning pulimga qilganman, mening atrofimdagilar faqat pul ishlagan” 

Menda prodyuser bo‘lmagan, konsertlarni ham o‘zim qilganman. Hammasini o‘zimning pulimga qilganman, mening atrofimdagilar faqat pul ishlagan. Rostini aytsam, menda shu paytgacha hech qanaqa homiy ham bo‘lmagan. Hozir prodyuserlik, homiylik rivojlanib ketdi. O‘sha paytda ham bor edi, biroq men hech qachon birovdan qarz olib, ishlamaganman. Yaxshi ijod qilib, yaxshi asarlarni olish uchun ko‘p aldanganman.

Pulini berib qo‘yib, ertasi kuni boshqasi o‘sha ashulani aytgan holatga ko‘p duch kelganman. Nimaga desak, o‘zi yettita notadan iborat bo‘ladi, o‘xshaydi, deb qo‘yishadi. Puli to‘langan, she’r ham yozdirilgan, shundan keyin qanday qilib u ashulani aytish mumkin? Rosa xafa bo‘lganman, lekin birovning ko‘nglini og‘ritmaganman.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »