Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Daryo” internet-nashrining YouTube’dagi kanalida xushovoz xonanda Shuhrat Daryo bilan suhbat uyushtirildi. Xonanda Daryo taxallusining tanlanishi, nega shifokorlik kasbidan ketib, sanʼatni tanlashga qaror qilgani haqidagi savollarga quyidagicha javob berdi.

— Ijodni Shuhrat Yoʻldoshev nomi bilan boshlaganman. Ammo oʻsha yillari bu familiyadagi sanʼatkorlar soni ortib ketdi. Doʻstlarim orasida shoir va yozuvchilar juda koʻp. Bir kuni ulardan “Biror taxallus tanlasammikan? Nima maslahat berasizlar?”, deb soʻradim.

Foto: “Daryo”

“Qoʻshiqlaringizni eshitganda odam daryo boʻlib oqadi”, deb eʼtirof etishdi, ammo shuni taxallus qiling, deyishmadi. Mana shu suhbatdan keyin maqsadim qoʻshiqlar daryosini yaratish, demak, Shuhrat Daryo boʻlib ijodimni davom ettiraman, deb niyat qildim. Ammo 5 yilga qadar bu taxallusni ommaga eʼlon qilishga hayiqib yurdim. 

Iqbol Mirzo sheʼri asosida “Koʻylaklari bilan choʻmilgan qizlar” qoʻshigʻini ijro etganimdan keyin rejissorlar “Aka, endi qoʻshiqni taxallusingiz bilan eʼlon qilaman. Xalq juda yaxshi qabul qiladi”, deyishdi. Ilk marta shu qoʻshiqni Shuhrat Daryo taxallusi bilan efirga berdik. Bu qoʻshiq haqiqatan ham ijodimda yangi burilish yasadi va tashrif qogʻozimga aylandi, — deydi xonanda Shuhrat Daryo.

Xonanda 2008-yilga qadar tibbiyot sohasida faoliyat yuritgani va sanʼatni tanlashiga nima undagani haqida ham soʻzlab berdi.

Foto: “Daryo”

— Haqiqatan ham 1994—2008-yillari professional shifokor sifatida faoliyat yuritganman. Bu juda katta muddat. Tibbiyot oliygohida oʻqib yurgan kezlarimda ham sanʼatga qiziqishim kushli edi. Institut tadbirlarida qoʻshiq kuylasam, meni yaqindan bilmaganlar “Yaxshi xonanda ekan”, deyishardi. Bolaligimdan sanʼatga qiziqqanman. Maktabni bitirgan yilim dadamga Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga hujjat topshirish niyatim borligini aytganman. Shunda dadam rahmatli “Yaxshi-kuya, ammo erkak kishi jiddiy sohaning etagidan tutishi kerak. Bir paytlar oq xalat kiyishni orzu qilardingiz, doktor boʻlaqoling”, degan. Dadamning gapini qaytarmaslik uchun tibbiyot oliygohiga hujjat topshirganman. Baholarim aʼlo boʻlgani uchun kirish imtihonlarida ham qiynalmaganman.  
Bir sohaga mehr qoʻygandan keyin uni osonlikcha tashlab ketib boʻlmas ekan. Oʻqishlarim aʼlo boʻlgani uchun har bir kafedra mudiri ishga taklif qilardi. Ammo oshqozon-ichak kasalliklarini oʻrganishga va davolashga ishtiyoqim baland boʻlgani uchun shu mutaxassislikni tanladim. 

Foto: “Daryo”

U paytlarda sanʼat sevimli hobbilarimdan biri edi. Boʻsh vaqt topdim deguncha gitaramni qoʻlga olib, ustoz sanʼatkorlarning qoʻshiqlarini ijro etardim. Botir va Farrux Zokirovlar, Oxunjon Madaliyev va Muhriddin Xoliqovlarning qoʻshiqlarini yod olardim.

Bir kuni “Anor” qoʻshiqlar teletanlovi haqida eshitib qoldim. Oʻsha tanlovda qatnashgim keldi. Oʻsha paytlarda Muhammad Yusufning “Uyqudagi qiz” kitobini qoʻlimdan qoʻymay oʻqirdim. Ichidan bitta sheʼrni tanlab, uni ijro etdim. Ammo teletanlovda yutish uchun professional musiqa bezakchisi bilan ishlash kerak edi. Shu orada qishloqqa boradigan boʻlib qoldim. Kiraverishda katta 10 ta qopga yongʻoq joylab qoʻyishgan ekan. “Dada, hammasi oʻzimizning hosilmi?” deb soʻradim. Dadam ha, deganidan keyin uning ikki qopini soʻradim. Uydagilar “Shuncha yongʻoqni nima qilasan?”, deb hayron boʻlishdi. Men yongʻoqlarni Toshkentga olib kelib, bozorda sotganman. Shu kungacha bunday ish qilmagan insonning savdo qilishi ham ajoyib boʻlgan. Uyalganimdan yuzimni yashirib, arzonga boʻlsa-da, yongʻoqni sotib ketgandim. Ana oʻsha ikki qop yongʻoqning sharofati bilan qoʻshiqqa musiqiy bezak berganman. 

Foto: “Daryo”

Qoʻshiq tanlov hayʼatiga yoqib, gʻolib boʻlganman. Ammo yana bir muammo bor edi. Ular syomkaga chiroyli kiyinib kelishimni soʻrashgan. Aksiga olib birorta tuzukroq kiyimim boʻlmagani uchun kursdoshimdan soʻraganman. Ammo uning barcha kostyum-shimlari katta kelgan. Keyin teatrdan ijaraga kiyim olib, syomkaga borganman. Ana shu voqeadan keyin sanʼatkor boʻlish umidim yana-da kuchaydi. Avvaliga ikki sohani birdek olib borishga harakat qildim. Ammo bu juda qiyin edi. Shu bois tibbiyotni tark etib, bor eʼtiborimni ijodga qaratdim. Bu qarorimdan hech qachon afsuslanmayman, — deydi Shuhrat Daryo.

Agar xonanda ijodi haqidagi qiziqarli suhbat va jonli ijrodagi qo‘shiqlarni tinglashni istasangiz, “Daryo” internet-nashrining YouTube’dagi kanalida videoni tomosha qiling.

 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »