O‘zbek so‘mi 2022-yilda dollarga nisbatan 3,9 foizga qadrsizlandi. Milliy valyutaning almashuv kursi qanday o‘zgardi?
Markaziy bank O‘zbekistonda ichki valyuta bozorining 2022-yil holati bo‘yicha sharhini taqdim qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi ichki valyuta bozoridagi talab va taklif faktorlari, shu bilan birga, tashqi va ichki omillarning ta’sirida shakllangan.
Jahondagi geosiyosiy keskinliklarning yuzaga kelishi, savdo hamkor davlatlar valyutalarining qadrsizlanishi hamda aholi va kompaniyalar kutilmalarining ortishi fonida mart oyining dastlabki haftalarida xorijiy valyutaga nisbatan talab sezilarli darajada oshishi kuzatildi.
Natijada milliy valyuta ayirboshlash kursi yil boshiga nisbatan 7 foizgacha qadrsizlanishi kuzatildi.
Bunda, pul-kredit siyosatining o‘z vaqtida qat’iylashtirilishi valyuta bozorining barcha segmentlarida xorijiy valyutaga talabning sezilarli darajada pasayishiga va taklifning ortishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, moslashuvchan almashuv kursi tashqi shoklarning salbiy oqibatlarini yumshatishga xizmat qildi.
Umuman olganda, 2022-yil davomida milliy valyutaning AQSH dollariga nisbatan tebranishi 10 801—11 572 dollar/so‘m diapazonida shakllandi va 3,9 foizga qadrsizlandi.
Milliy valyuta almashuv kursi dinamikasi shakllanishi geosiyosiy vaziyatning o‘zgarishi, ichki valyuta bozori ishtirokchilarining kutilmalari hamda tashqi moliya bozorlariga bog‘liq bo‘ladi.
Markaziy bank disbalanslar ortib borishi oldini olish maqsadida erkin shakllanuvchi valyuta almashuv kursi rejimiga amal qilib boradi hamda oltin-valyuta zaxiralari neytrallik prinsipini ta’minlaydi.