Qozog‘istonda ikki yashar bola 11 ta magnitni yutib yubordi (foto)
Qozog‘istonning Qarag‘anda shahrida ikki yashar bola 11 ta magnitni yutib yubordi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
Shifokorlar ikki yoshli bolaning qorin bo‘shlig‘idan 11 dona magnit olib tashladi. Bola 4-fevral kuni shoshilinch ravishda viloyat bolalar shifoxonasiga yotqizilgan. Uning qornida qattiq og‘riq qayd etilgan va qayta-qayta qayt qilgan. Qorin bo‘shlig‘i organlarining rentgenografiyasi bolada noma’lum jism mavjudligini ko‘rsatdi.
“Shoshilinch ravishda murakkab operatsiya o‘tkazildi, ichak shikastlanishi aniqlandi. Bolaning oshqozon-ichak traktidan bolalar o‘yinchog‘ining 11 dona miqdorida magnit qismlari ajratib olindi. Aynan ular ichakni shikastlagan va bir-biriga yopishib qolgan”, — dedi viloyat bolalar klinik shifoxonasi jarrohlik xizmati direktori o‘rinbosari Janat Yeluboyev.
Hozir bola reanimatsiya bo‘limida. Shifokorlar uning ahvolini barqaror deb baholamoqda.
Avvalroq qozog‘istonlik shifokorlar sakkiz kun ichida to‘rtta igna yutib yuborgan bolani qutqarib qolgandi. Bolaning onasi holat yuzasidan kasalxonaga murojaat qilgan, u shifokorlarga o‘g‘li tasodifan kiyimidagi “zamok”ning bosh qismini yutib yuborganini aytgan. Shifokorlar bolaning ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘ini rentgen qilgan va uning oshqozonida “zamok”ning bir qismini va to‘rtta tikuv ignasini aniqlagan.