Afg‘onistonda “Tolibon” kuchlari va ISHID jangarilari to‘qnashmoqda (video)
Afg‘onistonda Kobul xavfsizlik kuchlari ISHID jangarilari boshpanasiga hujum qildi, tomonlar o‘rtasida to‘qnashuv boshlandi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
“Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid tomonlar o‘rtasida kechayotgan urushni tasdiqladi. U Kobul shahrining Hasht tumanida ISHIDning muhim boshpanasiga qarshi operatsiya boshlangani, shu paytgacha bir necha kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur operatsiyada Kobuldagi hujumlar va jinoyatlarda ishtirok etgan jangarilar nishonga olinmoqda, Mujohid ular orasida chet el fuqarolari ham borligini aytmoqda. Hozirda ISHIDga qarshi operatsiya davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ISHID jangarilari Xitoy, Hindiston va Eronning Afg‘onistondagi elchixonalarini nishonga olish bilan tahdid qilgandi. BMT hisobotiga ko‘ra, Afg‘oniston sharqidagi Kunar, Nangahor va Nuriston viloyatlarida qo‘shni Pokiston bilan chegaradosh bo‘lgan hududda ISHIDning 6 000 nafar jangchisi bor.
Yanvar o‘rtalarida AQSH harbiylari Afg‘onistonda hujumlarni moliyalashtirgan ISHID terrorchilik tashkiloti yetakchilaridan biri Bilol al-Sudaniy yo‘q qilgandi. U Somalidagi operatsiyasida otishma oqibatida halok bo‘lgandi.
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.