Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Nihol” nomidagi davlat mukofoti sovrindori Feruza Jumaniyozova 14-fevral kuni 39 yoshni qarshiladi. Milliy qo‘shiqlari bilan tinglovchilar mehrini qozongan Feruza Jumaniyozovaning ko‘pchilikka nomaʼlum bo‘lgan maʼlumotlari bilan tanishtiramiz.   

Foto: Instagram

Xonanda Feruza Jumaniyozova sanʼatkorlar oilasida dunyoga kelgan. Onasi Zuhra Jumaniyozova ham bir paytlar sanʼatkor bo‘lgan. Ammo u yolg‘iz qizining sanʼatkor bo‘lishini istagan. 

— Nafaqat onam, barcha qarindosh-urug‘larim ham sanʼatkor bo‘lishimga qarshi bo‘lishgan. Onam “Sanʼatkor ayolga qiyin” degan gapni ko‘p aytardi. Ammo bolalikdan sanʼat ichida ulg‘ayganim uchun hayotimdan undan ayro tasavvur etolmadim, — deydi Feruza Jumaniyozova.
Xonanda sanʼatdagi faoliyatini juda erta boshlagan. Onasi unga 3 yoshidan akkordeon, doira chalib, qo‘shiq aytishni o‘rgatgan.

Feruza Jumaniyozova oilada yolg‘iz qiz farzand. Uning akasi va ukasi bor. Ammo ularning hech biri sanʼat sohasiga aloqador emas. Xonanda onasi haqida ko‘p gapiradi, ammo biror marta otasi haqida gapirmagan. 

Foto: Instagram / @feruza_jumaniyazova

— Otam hayot, ammo biz bilan birga yashamaydi. Ota-onam juda yoshligimizda ajrashib ketishgan. Onam 3 farzandni yolg‘iz tarbiyalagan. Ayol farzandlariga qanchalik mehr ko‘rsatib tarbiyalamasin, bolalar kun kelib baribir otasi bilan ham munosabatlarini tiklar ekan. Hozir otam bilan munosabatlarimiz yaxshi, — deydi xonanda. 

Ammo Zuhra opa qizining sanʼatkor emas, shifokor bo‘lishini orzu qilgan. Onasining raʼyiga qarshi borolmagan Feruza Jumaniyozova maktabni tamomlab, Tibbiyot institutiga o‘qishga kirgan. Ammo bir yillik o‘qishdan so‘ng O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga o‘qishga hujjat topshiradi. Qizining niyati jiddiy ekanini bilgan Zuhra Jumaniyozova u bilan birga Toshkentga keladi. Ona bola bir yil davomida ijara uyning balkonida yashashadi.

Foto: Instagram / @feruza_jumaniyazova

— Haqiqatan ham onam bilan Toshkentdagi ko‘p qavatli uyning balkonida yashaganmiz. Uy ikki xonali edi, uning egalari ham shu yerda yashashardi. Onam ijara puli arzon bo‘lgani uchun balkonda yashashga ham rozi bo‘lgan, — deydi xonanda Feruza Jumaniyozova.

Feruza Jumaniyozova 14 yoshidan boshlab, sahnalarda qo‘shiq kuylagan. 2003-yil ijodkor uchun omadli keldi. “Kumushning ko‘zi manda” qo‘shig‘i unga kutilmagan omad keltirdi.  “Kel azizim”, “Men qo‘shiq” va “Zang-zangi” qo‘shiqlari ham  tinglovchilar eʼtiboriga tushdi. 

Foto: Instagram / @feruza_jumaniyazova

— Avvaldan estrada qo‘shiqlarini ijro etishga ishtiyoqim baland bo‘lgan. Ammo bu yo‘nalishda kuylasam shevam yaqqol sezilib qolardi. Shu bois, ijodimning ilk yillarida faqat xorazm yo‘nalishidagi qo‘shiqlarni ijro etganman, — deydi xonanda Feruza Jumaniyozova.

Foto: Instagram / @feruza_jumaniyazova

Xonanda Feruza Jumaniyozovaning tanilishida “Yalla habibi” qo‘shig‘ining o‘rni bo‘lakcha. U qo‘shiqni 2003-yili Tolib Kuliyev va Bobur Umarovlar bilan hamkorlikda yaratgan. Shu kungacha bu qo‘shiqni hind, turk, dog‘iston va serbiyalik xonandalar ijro etgan.

— “Qo‘shiqni soting”, degan taklif bilan ko‘plab xorijlik ijodkorlar murojaat qilishgan. Ammo barini rad etganman. “E’tirozim yo‘q qo‘shiqni ijro etavering, faqat mualliflik o‘zimda qoladi”, deganman. Oxirgi marta serbiyalik mashhur xonanda Tea Tairovich qo‘shiqni kuylashga ruxsat so‘radi. Qarshiligim yo‘qligini aytdim, — deydi xonanda Feruza Jumaniyozova.

Feruza Jumaniyozova o‘z davrining eng mashhur xonandasi bo‘lishiga qaramay, unga shaxsiy hayotida omad kulib boqmadi. 2010-yili u sinfdosh do‘sti bilan oila qurdi. Afsuski, ularning turmushi uzoqqa cho‘zilmadi.

Foto: Instagram / @feruza_jumaniyazova

 

— Hammasi taqdirdan. Demak, Abdulloh tug‘ilishi kerak bo‘lgan va o‘sha inson bilan oila qurganman. Hozir hayotimda hech kim yo‘q. Bor mehrimni o‘g‘limga qaratyapman, — deydi xonanda Feruza Jumaniyozova.

Xonanda onalik baxtiga osonlik bilan erishmaganini ko‘p marta aytib o‘tgan. Sog‘lig‘ida jiddiy muammolarga uchraganining sababi ham aynan homiladorlik chog‘lari bilan bog‘liq. Homilani asrab qolish uchun xonanda ko‘pgina gormonlar bilan bog‘liq muolajalarni olgani haqida ham yashirmaydi. Bundan muolajalar ayolning to‘lishishiga sabab bo‘lishini esa ayollar juda yaxshi bilishadi. 

Xonanda uzoq vaqt ijodiy tanaffusda bo‘ldi. Buni ayrimlar taqiqlar bilan, boshqa birovlar esa xonandaning to‘lishib ketgani uchun sahnaga chiqishni istamayotgani bilan bog‘lashgan. 

Xonanda 2020-yilning noyabr oyida oshqozonni kichraytirish amaliyotini boshidan o‘tkazdi. U qisqa fursat ichida ortiqcha vazndan xalos bo‘lib, ayni paytda yana faol ijodga qaytdi. 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »