Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga deyarli 1 yil to‘lar ekan, Ukraina kuchlari frontda qarshilik ko‘rsatishda davom etmoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning urush boshlanishidan buyon deyarli har kuni vatandoshlariga murojaat qilishini e’tirof etmay bo‘lmaydi. Deutsche Welle nashri urush Zelenskiyni qanday o‘zgartirgani, Rossiya rahbari Vladimir Putin nega uning mahoratini past baholagani haqida maqola e’lon qildi

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Hech bir davlat rahbari Zelenskiyday har kuni vatandoshlariga murojaat qilmagan. Ukraina prezidenti deyarli bir yildan beri shunday qilmoqda. Uning ofisda yoki bomba boshpanasida yozib olingan videolari Zelenskiyning harbiy yilnomasiga aylandi. U Rossiya bosqinidan keyin mamlakat va o‘zi qanday o‘zgarganini yaqqol namoyon qiladi.

Boshlanish nuqtasi 2022-yil 23-fevral, Rossiya bosqinidan bir necha soat oldin Zelenskiy maxsus murojaat yozadi. U vatandoshlarga, ammo birinchi navbatda urushning oldini olish maqsadida ruslarga qaratilgandi. Zelenskiy ularni Rossiyada urushga qarshi namoyishga chiqishga chaqirib, ogohlantiradi.

“Agar rus qo‘shinlari bizga hujum qilsa, vatanimizni, ozodligimizni, hayotimizni, bolalarimiz hayotini tortib olishga harakat qilsa, biz o‘zimizni himoya qilamiz”, — deydi Zelenskiy rus tilidagi videomurojaatda.

Bu o‘sha paytdagi 44 yoshli siyosatchining soqoli olingan, kostyum va galstukda chiqqan so‘nggi nutqi bo‘ldi.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot kotibi

“Menga taksi emas, o‘q-dori kerak”

Zelenskiy va Ukraina hukumati bosqin boshlanganidan beri poytaxtda qolmoqda, ular Rossiya qo‘shinlari Kiyev chekkasida joylashganida ham poytaxtda bo‘lgan. Bu ko‘pchilikni hayratda qoldiradi. Dastlab Putin, ehtimol, Vladimir Zelenskiy Ukrainaning g‘arbiy mintaqalariga yoki chet elga qochib ketishiga ishongan. Ukraina prezidentiga AQSH shunday taklif bergan.

Zelenskiy AQSHning evakuatsiya taklifi bo‘yicha Associated Press nashriga bergan javobi esa afsonaga aylandi. Ingliz tilidan tarjima qilinganda, u shunday yangraydi: “Menga taksi emas, o‘q-dorilar kerak”. Bu so‘zlarni Ukraina prezidenti ishlatganmi yoki yo‘qmi, hech qanday dalil yo‘q. Ammo qisqa bir ibora uning kayfiyatini aniq ifodalagan, chet elda ko‘plab hamdardliklarni keltirib chiqargan va mamlakat ruhiyatini oshirgan.

Bu 180 daraja burilish bo‘ldi. Bundan bir necha kun oldin Zelenskiyning vaziyatga munosabati ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. G‘arb razvedka idoralari va davlat rahbarlari Rossiyaning yaqinlashib kelayotgan bosqinidan ogohlantirib, elchixona xodimlarini Kiyevdan evakuatsiya qilganda, Ukraina prezidenti bu xabarlar va harakatlarga ishonchsizlik va tanqid bilan javob bergan. Keyinchalik u buni vahima qo‘zg‘atmaslik istagi bilan izohlaydi. Urushning boshlanishi esa hamma narsani o‘zgartirdi.

Kamera — Zelenskiyning eng kuchli quroli

2022-yil 24-fevralda prezident harbiy kayfiyatni ulashuvchi rangdagi kurtkada murojaat qildi. Harbiy dresskod hali ham uning shaxsiy uslubi hisoblanadi. Butun dunyo uni shunday taniydi, son-sanoqsiz intervyularida, gazeta-jurnallarning birinchi sahifalarida u shunday ko‘rinish beradi. Urushning ikkinchi kunida Zelenskiy o‘zining eng muhim va mashhur videosini yozdi. Yarim daqiqalik videoda u Kiyevdagi ofis binosi oldida Ukrainaning boshqa rahbarlari qurshovida turgan. Unda Zelenskiy “Biz hammamiz shu yerdamiz, mustaqilligimizni himoya qilamiz”, — deya ta’kidlaydi.

Urushning dastlabki kunlarida Zelenskiy yon berishga, masalan, NATOga kirish istagidan voz kechishga tayyor edi. Ammo Rossiya armiyasining jinoyatlari va yangi hududlarni qo‘shib olish haqida xabar berganidan so‘ng, u ko‘pchilik ukrainaliklar singari murosasiz pozitsiyani egalladi.

Urush davridagi prezident sifatida Zelenskiy eng yaxshi narsaga — muloqotga pul tikdi. Kamera uning eng kuchli qurolidir. Zelenskiy Ukrainaning turli mintaqalarida yozilgan qisqa videolarda paydo bo‘lib, vatandoshlarini qo‘llab-quvvatlaydi, vaziyatni insonlar uchun oson va to‘g‘ri tilda yetkazadi. Kamdan kam odamlarga uning so‘z o‘yini yoqmaydi.

Bundan tashqari, Zelenskiy vaqti-vaqti bilan frontga boradi, askarlar bilan uchrashadi, jumladan, sentabrda ozod qilingan Izyumda yoki dekabrda Baxmutda ko‘rinish bergan. Ayrim murojaatlarda Zelenskiy Rossiya armiyasi tomonidan vayron qilingan Ukraina shaharlari tasvirlaridan foydalanadi. Unga dramatizatsiya kerak emas, haqiqiy dahshatli kadrlar “agressiv” davlatning harakatlarini yetarli darajada ifodalaydi. Rossiya bosqinidan oldin keskin pasayib ketgan Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlash o‘shandan beri deyarli uch barobar oshdi va hozir 80-90 foizni tashkil etmoqda. Nega uni raqiblar va sheriklar yetarlicha baholamadi?

Putin Zelenskiyni jiddiy qabul qilmadi

Deutsche Well’ga ko‘ra, javobni o‘tmishdan izlash kerak. Zelenskiy 2019-yilda Ukraina prezidenti bo‘ldi, u “Xalq xizmatchisi” serialidagi roli kabi siyosiy tajribasiz prezident lavozimini egalladi. Prezidentlikka nomzod bo‘lishidan oldin u muvaffaqiyatli komediyachi, aktyor va prodyuser edi. U Ukrainaga tashrifi chog‘ida Rossiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Dmitriy Medvedevni sahnadan ko‘nglidan o‘tkazgan paytlari ham bo‘lgan. Rossiya rahbariyatining uni jiddiy qabul qilmayotgani sabablaridan biri shu bo‘lsa kerak.

Vladimir Zelenskiy ko‘p yillar davomida g‘arbparast ukrainalik siyosatchilarni masxara qilgan rusiyzabon komediyachi edi. Shu bilan birga, uning rossiyaparast prezident Viktor Yanukovich haqidagi hazillari mutlaqo zararsiz bo‘lgan. Zelenskiy Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lib, u yerda pul ishlab topgan, jumladan, Qrim anneksiya qilinganidan keyin ham. Ukrainadagi ba’zilar buni kechira olmagan, Rossiya bosqini esa vaziyatni o‘zgartirdi. Zelenskiyning raqiblari tomonidan tanqid qilinishi deyarli tinchidi, u ko‘plab skeptiklarni, birinchi navbatda, Kiyevni tark etmagani bilan ishontira oldi. Buning sababi uning bolalik va o‘smirlik davridagi tajribasi bo‘lishi mumkin.

Zelenskiy Ukraina janubi-sharqidagi sanoat shahri Krivoy Rogda o‘sgan. Garchi u professorning o‘g‘li sifatida imtiyozli lavozimda bo‘lsa-da, uning avlodi SSSR parchalanishidan oldingi va keyingi og‘ir yillarni boshdan kechirgan, bu yoshlar xulq-atvorining yarim jinoiy me’yorlari bilan birga kechdi. O‘sha davrning ilk saboqlaridan biri qarama-qarshilikdan uzoqlashmaslik edi.

Zelenskiy buni 2019-yilgi prezidentlik saylovlarining birinchi va ikkinchi turlari oralig‘ida o‘zining raqibi va tajribali siyosatchi bo‘lgan prezident Pyotr Poroshenkoni debatga chorlaganida ko‘rsatdi. O‘sha yilning kuzida Zelenskiy Donbassda qo‘shinlarni to‘qnashuv chizig‘idan olib chiqishga qarshi bo‘lgan jangchilar bilan uchrashuvi chog‘ida bosim ostida taslim bo‘lmasligini va u bu mamlakatning prezidenti ekanini ta’kidladi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida, Zelenskiy bu fikrdan foydalanishi mumkin edi. Kreml rahbari Putin buni yetarlicha baholamagan ko‘rinadi. Putin, ehtimol, Zelenskiyni tajribasiz va zaif, uni osongina sinadigan odam deb bilgan.

Polshadagi raketa mojarosi istisno bo‘lib qolmoqda

Vladimir Zelenskiy hamma narsada ham muvaffaqiyat qozonmadi, hukumat xato qiladi. Ukrainaliklar urushning birinchi kunlarida Rossiya qanday qilib mamlakat janubidagi katta hududlarni egallab olgani haqidagi tergov natijalarini kutmoqda. Ayrim siyosatchilar iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi, ular orasida prezidentning do‘stlari ham bor. Zelenskiyning o‘zi noyabr oyida Polshada qulagan va ikki mahalliy fuqaroning o‘limiga sabab bo‘lgan raketa Rossiyaniki ekanini aytganida, Ukrainaning g‘arbiy sheriklari bunga norozilik bildirdi. AQSH ma’lumotlariga ko‘ra, bu Ukraina havo mudofaa tizimi tomonidan uchirilgan raketa bo‘lgan.

Ammo bu epizod bundan mustasno edi. Zelenskiy o‘zining asosiy vazifasini OAVdan o‘z mamlakati uchun ko‘proq yordam izlashda ko‘radi. Deyarli har kuni u G‘arb siyosatchilari va jamoatchiligiga murojaat qilib, qurol so‘raydi, ba’zilar buni “tilanchilik” deb baholagan. Parlamentlar va konferensiyalarda Zelenskiy kabi videomurojaatlar boshqa hech bir prezident yoki bosh vazirda yo‘q. Bu ham jahon rekordi sanaladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »