Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

2023-yilning 6-fevral kuni Turkiya vaqti bilan tonggi 04:10—04:17 oralig‘ida respublikaning janubi-sharqiy viloyatlarida 7,8 balli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila guvohlarining taxminicha, 1 daqiqaga yaqin davom etgan yer silkinishi oqibatida Turkiyaning 10 ta viloyatidagi 11 ta shahar vayron bo‘ldi. Ayni kundagi maʼlumotlarga ko‘ra, mashʼum voqea sabab Turkiyaning 44 mingdan ortiq, 45 minnga yaqin aholisi vafot etdi. 100 minglab inson jarohat oldi.

Turkiyadagi zilzila nafaqat dunyo xalqlarini, o‘zbek o‘quvchilarini ham qiziqtirgani bois “Daryo” nashri jurnalisti voqea joyiga borib, hodisa oqibatlari va jabrlanganlar haqida turkum maqolalar tayyorlash uchun avvaliga Istanbulga, so‘ngra zilzila o‘choqlaridan biri bo‘lgan Gaziantepga yetib bordi.

Dastlab Gaziantep viloyati markazida bo‘lgan jurnalist shahar markazidagi ko‘p qavatlar uylar ham qulab tushganiga, bu orqali minglab insonlarga zarar yetganiga guvoh bo‘ldi.

Maʼlum bo‘lishicha, Gaziantep Turkiyadagi mavjud 81 ta viloyatlarning biri bo‘lib, zilziladan katta zarar ko‘rgan hudud bo‘lgan.

“Bizning viloyatimizdagi Nurdag‘i hamda Islahiya tumanlari zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar bo‘lib, Nurdag‘i shahri deyarli vayron bo‘lgan. Bu shaharda 60 ming nafar aholi istiqomat qilardi. Shu sabab prezident Rajap Toyyib Erdo‘g‘an bu shahar tekislanib, o‘rniga bir yilda yangi shahar qurilishini bildirdi. Bundan nafaqat biz masʼullar, aholi vakillari ham judayam mamnun bo‘ldik”, — deydi “Daryo” jurnalistiga mazkur maʼlumotlarni to‘plashda ko‘maklashgan masʼullardan biri Jafer Yilmaz.

Gaziantep shahar hokimiyati yong‘in xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Jafer Yilmazning maʼlumot berishicha, Turkiyada sodir bo‘lgan zilzilaning kuchidan 10 ta viloyatda yashovchi 13 million kishidan ortiq aholi zarar ko‘rgan.

“Shu 10 ta viloyatda yashovchi 13 milliondan ortiq aholi zilziladan zarar ko‘rdi. Yaqinlarini yo‘qotdi, mulkidan ayrildi. Biroq davlatimiz mehribon va ularni qo‘llab-quvvatlamoqda. Yangi qurilajak shaharning barcha xarajatlari davlat hisobidan amalga oshiriladi va uy-joyidan ayrilgan qardoshlarimizga yangi uylar tortiq qilinadi”, — deydi Jafar Yilmaz.

“Daryo” jurnalisti Otabek Qo‘ldoshevning kuzatuvlariga ko‘ra, Nurdag‘i shahridagi ko‘p qavatli uylarning deyarli barchasi qulagan. Qulamaganlarida esa katta yorilishlar paydo bo‘lgan. Shu sabab bu shahar aholisi uylarini tark etmoqda.

Qahramonmarash Turkiyaning zilziladan eng ko‘p talafot ko‘rgan viloyatlaridan biri hisoblanadi. Mazkur viloyat markazidagi ko‘p qavatli uylar deyarli vayron bo‘lgan. “Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev Turkiyaga safari davomida Qahramonmarashda ham bo‘lib, hududdagi holatni tasvirga oldi, jabrlanganlar bilan suhbatlashdi.

Qahramonmarashda zilziladan jabrlanganlar uchun alohida yashash joyi tashkil etilib, chodir uylar tikilgan. Bu uylarda aholi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

“Assalomu alaykum, zilzila sabab bizning uyimiz shikastlandi. Katta zarar ko‘rdik, ammo hukumatimiz yolg‘iz qoldirmadi. Chodir uylar tikib berdi, har kuni uch mahal xabar olib, ovqatlar bilan taʼminlamoqda. Buning uchun hukumatimizga rahmat. Bizda hozir barchasi yetarli, Allohga shukr, davlatimiz kam qilmayapti. Men O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman, o‘zbekistonliklarga salom yo‘llayman”, — deydi chodir uylarda yashovchi, zilziladan jabrlangan 10 yoshli bola.

Hudud sovuq bo‘lgani uchun chodir uylar maxsus, o‘tin va ko‘mir yoqiladigan pechlar bilan taʼminlangan.

“To‘satdan yuz bergan zilzilani sezishimiz bilan o‘zimizni bino tashqarisiga urdik. Hammasi ko‘z o‘ngimizda yerga cho‘kdi. Egnimizdagi shu libosimiz bilan qoldik. Ayni damda chodirlarda yashayapmiz, bularni his qilish juda og‘ir”, — deydi zilziladan jabr ko‘rgan suhbatdoshlardan yana biri.

Suhbatdoshning tan olishicha, zilzila paytidagi vahima ularni hamon tark etmagan. Shunday bo‘lsa-da, jabrlanganlarning viloyatning chekka qishloqlarida yashovchi qarindoshlari ularning yoniga kelib, dalda bo‘lmoqda.

“Bizni yo‘qlab O‘zbekistondan kelibsiz, sizga rahmat. Ha, bu ofat biz uchun kutilmaganda yuz berdi. Hatto yon-atrofda davlat xalqini tashlab qo‘ydi, degan gap-so‘zlar tarqaldi. Bu xato, chunki mana chodirlarimiz bor, ovqatimiz yetarli. Mahsulotlar tugashi bilan yetkazishmoqda. Qizil yarim oy, AFAT tashkilotlari ko‘makka kelgan. Bu davlat sohibsiz emas, davlat bu yerda — oramizda. Harbiy kuchlarimiz yetarli, politsiyamiz, askarlarimiz yetarli. Har tomondan yordam kelib turibdi. Men O‘zbekistonni, u yerdagi turkiy qardoshlarimizni hurmat qilaman. Xalqingizga salomimni yo‘llayman, biz birgamiz”, — deydi Eshiqli To‘sin bobo.

To‘sin boboning aytishicha, u zilzila sabab 35 nafar qarindoshlarini yo‘qotgan.

“Bunday ofat hech kimsaning boshiga tushmasin, shu zilzila sabab men 35 nafarga yaqin qarindoshlarim, qudalarimdan ayrildim. Yaratgan shuni buyurgan ekan, sabr qilamiz”, — deydi u.

“Avvalo Vatanimizga, yurtdoshlarimizga sabr tilayman. Zilzila vayronalari ostida qolib, vafot etganlarning oxirati obod bo‘lsin, omon qolganlarga Yaratgandan shifo tilayman. Umri uzoq bo‘lsin. Zilzila sodir bo‘lgan kuni tonggi soat 04:10 lar edi. Elif qizimning baqirgan ovozi meni cho‘chitib yubordi va uyg‘onib ketdim. Qizim bor ovozda baqirib, meni yordamga chaqirardi. Men esa qizimni qutqarishga urindim. O‘sha paytda zilzila nazarimizda juda ko‘p, bir necha soatga cho‘zilgandek edi. Lekin keyinchalik bilsak, zilzila 40-60 soniya davom etgan ekan. Bugungi kunda Turkiya boshiga tushgan kulfat sabab dunyoning barcha mamlakatlaridan bizga yordam kelyapti. Ularga minnatdorlik izhor qilamiz. Ko‘rib turganingizdek, qutqaruv ishlari davom etmoqda. Zilziladan omon qolgan uysiz insonlarga oziq-ovqat, kiyim-kechak tarqatilmoqda. Hech kim eʼtibordan chetda qolmayapti”, — deydi “Daryo” muxbiriga o‘zini Zelihaxonim deb tanishtirgan suhbatdosh.

Zelihaxonim o‘sha kungi zilzilani esga olar ekan, zilzila 40-60 soniya davom etib, yana takrorlanganini, bu paytda zilzila to‘xtadi deb uyiga kirgan insonlarni ikkinchi silkinishda qulab tushgan uy devorlari bosib qolganini aytmoqda.

“Bilasizmi, o‘sha kungi zilzila dastlab 40-60 soniya davom etdi. Tugashi bilan ko‘chaga chiqishga ulgurdik va mashinaga mindik. Shunda zilzila takrorlanib, mashina silkina boshlagach, men turmush o‘rtog‘imdan mashinaning to‘xtab turish tormozini tortib qo‘yishini so‘radim. Zilzila takrorlanishini bilmagan qo‘shnilarimiz orasida zilzila o‘tib ketdi deb uyiga kirganlar bor edi. Afsuski, ularning aksariyati qaytib chiqishga ulgurmadi. Qayta takrorlangan zilzila sabab uylar qulab tushdi. Ko‘z o‘ngimizda odamlarni, qo‘shnilarimizni binolar bosib qoldi. Bu dahshat ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘ldi, ularning o‘rnida biz ham bo‘lishimiz mumkin edi, degan qo‘rquv bor edi. Allohga shukrki, hali hamon zilzila ostidan omon chiqayotganlar bor. Buni ko‘rib yuragimiz taskin topmoqda. Hukumatimiz xalqni qo‘llab-quvvatlab, tez orada jabrlanganlarga yordam berishini aytmoqda. Biz dunyo xalqlaridan qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdormiz. Bizni duo qilib turishlarini so‘raymiz. Va xalqimiz nomidan dunyo xalqlariga minnatdorlik izhor qilamiz. Xalqimizga esa sabr tilayman, hech bir xalqning boshiga bunday kulfat tushmasin. Yaratgan barchani qo‘llab-quvvatlasin. Zilzila vahimasini gaplarim bilan tasvirlay olmayman”, — deydi suhbatdosh Zelihaxonim.

Yana bir suhbatdosh Tunjaybey asr falokati sabab Turkiyaning 11 ta shahri vayron bo‘lganini aytmoqda.

“Zilzila sodir bo‘lgan paytda qo‘rquv bilan uyg‘ondik. Va bu paytda imkon qadar bolalarimiz va yaqinlarimizni ko‘chaga olib chiqishga urindik va buni uddaladik. Zilzila sodir bo‘lgani haqida qutqaruvchilarga xabar berdim. Keyin zilzila sabab ko‘chada qolganlarga yordam berishga oshiqdim. Odamlarning sovuqda och qolmasligi uchun ularga yordam berishga urindim. Shukrki, bu tashabbusga tez orada Turkiyaning barcha hududlarida yashovchi aholi qo‘shildi. Mana 11 kundan beri uyqu bilmadik, kelayotgan yordamlarni muhtojlarga tarqatyapmiz. Bu zilzila nafaqat Turkiya tarixida, insoniyat tarixida katta ofat bo‘ldi. Asr falokati sabab Turkiyaning 11 ta shahri vayron bo‘ldi. Bunday vaziyatda biz qardosh xalqlar ko‘magiga muhtojmiz va ulardan yordam kutamiz. Biz har doim bir-birimizni qo‘llab kelganmiz va ishonamanki, ayni vaziyatga tushgan Turkiya xalqini ham qardosh millatlar qo‘llab-quvvatlashadi”, — deydi suhbatdosh Tunjaybey.

Asli suriyalik, ayni paytda Turkiyaning Qahramonmarash shahrida yashayotgan 10 yoshli qizaloq Ritech Suriyadagi davomli urushlar paytida sodir bo‘lgan zilzila urushdan yuragi zada bo‘lgan u va uning tengdoshlarini qattiq qo‘rqitganini, zilziladan so‘ng Turkiyaga tinch hayot izlab kelganini, ayni paytda Turkiyaning Qahramonmarash shahrida yashayotganini aytmoqda.

“Suriyada urush bo‘layotgan paytda bu zilzila biz uchun ikkinchi qo‘rquv bo‘ldi. Aslida urush sabab ahvolimiz juda yomon edi. Suriyada men tengi qarindoshlarim bor. Ular va men davomli urushlar sabab bolaligimizni yashamay o‘tyapmiz. Bu zilzila esa bizni yanayam qo‘rqitdi. Ko‘z oldimizda binolar quladi, insonlar o‘ldi. Men va yaqinlarim Turkiyaga tinch hayot izlab keldik”, — deydi 10 yoshli qizaloq Ritech.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »