Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Tolibon” Amudaryoning Balx qismida Qo‘shtepa kanalini qurmoqda, kanal suvining Afg‘oniston shimolidagi hududlarga yo‘naltirilishi Turkmaniston va O‘zbekistonnning ayrim viloyatlarida suv taqchilligiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Khaama Press xabar berdi.

Foto: Khaama Press

Loyiha 2022-yili ishga tushirilgan bo‘lib, kanal uzunligi 285 kilometrni tashkil qiladi. U Amudaryoning Balx viloyati qismidan boshlanib, Juzjon orqali Faryobda tugaydi. Loyiha uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqich 108 kilometrni tashkil etadi va u 2024-yil davomida amalga oshirilishi kutilmoqda. 177 kilometrni tashkil etuvchi ikkinchi va uchinchi bosqich esa besh yil ichida yakunlanishi kerak.

Mutasaddilarning ma’lumotiga ko‘ra, sug‘orish tizimi 550 ming gektar suv yig‘ish maydoniga ega bo‘ladi. Kanal soniyasiga 650 kub metr suv o‘tkazadi va mamlakatning uchta viloyatini: Balx, Juzjon va Faryobni qamrab oladi. Oxirgi ikki viloyat Turkmaniston bilan chegaradoshdir. “Tolibon” loyihada 5500 ga yaqin odam kecha-kunduz ishlayotgani va 3300 dan ortiq burg‘ilash texnikasidan foydalanayotganini ma’lum qilgan.

Afg‘oniston milliy taraqqiyot kompaniyasi nazorati ostida 200 dan ortiq mahalliy kompaniyalar subpudratchi sifatida ishlamoqda. “Tolibon” 108 kilometr uzunlikdagi loyihaning birinchi bosqichini o‘z daromadlari hisobidan amalga oshirmoqda. Birinchi bosqichning qiymati taxminan 91 million dollarni tashkil etadi. Keyingi ikki bosqich Afg‘onistondagi konlardan birini sotishdan tushgan mablag‘ hisobiga amalga oshiriladi.

Qo‘shni davlatlar, jumladan, Turkmaniston va O‘zbekiston mazkur kanal ularga ayrim viloyatlarni suv bilan ta’minlashda muammo tug‘dirishidan xavotirda.

The Economist prognoziga ko‘ra, agar kanal qurib bitkazilsa, mintaqaviy mojaroning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Kanal Amudaryo suvini O‘zbekiston bilan chegaraga yo‘naltiradi. Afg‘oniston elektr energiyasining katta qismini O‘zbekistondan import qilishi hisobga olinsa, “Tolibon” qo‘shni respublikaga qarshi chiqolmaydi. 

“Iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonni 15 foiz suv yo‘qotishiga sabab bo‘lmoqda, agar kanal qurilishi ortidan yana 10 foiz yo‘qotsa, O‘zbekiston 25 foiz suv yo‘qotishi mumkin”, — deyiladi yana bir prognozda.

Afg‘oniston muvaqqat hukumatining bosh vaziri Abdul-G‘ani Barodar mart oyida Qo‘shtepa kanali qo‘shni davlatlarning suvdan foydalanish huquqlarini buzmasligini ta’kidladi. U Amudaryo suvidan foydalanish nuqtayi nazaridan Afg‘oniston shimoliy qo‘shnilarga yo‘naltirilgan suv hajmlariga da’vo qilmasdan, o‘z huquqlari doirasida qolishini aytdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »