Rossiyada odamlarning “Sibir yarasi”ga chalinish holati aniqlandi
Rossiya tarkibidagi Chuvashistonda uch kishida “sibir yarasi” alomatlari aniqlandi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 22-mart kuni uchinchi bemorda kuydirgiga chalinish holati qayd etilgan. Bungacha respublikaning Tsivilskiy tumanida kasallangan ikki kishi aniqlangan va u yerda karantin joriy qilingan. Infeksiyaning uchinchi holati birinchi holat bilan aloqa qilish oqibatida kelib chiqqan.
“Chuvashiston fuqarosining qulog‘ida binafsha rangdagi dog‘ paydo bo‘ldi. Bu xuddi shunday belgilar bilan aniqlangan uchinchi holat bo‘lib, kuydirgi bilan kasallanganlikni ko‘rsatadi”, — deyiladi xabarda.
Respublika rahbari Oleg Nikolayev bemorlar tibbiyot xodimlari nazoratida bo‘lgani uchun ularning hayoti xavf ostida emasligini ta’kidlagan. Ular bilan aloqada bo‘lgan odamlarda hozircha kasallik simptomlari kuzatilmagan.
“Sibir yarasi” uy hayvonlari, jumladan, echki, qoramol, qo‘y va otlarga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan og‘ir yuqumli kasallikdir. Odamlarda kuydirgi kamdan kam uchrasa-da, u kasal hayvonlar va ularning teri, go‘shti kabi mahsulotlari bilan aloqa qilish orqali yuqadi. Hozirgi vaqtda olib borilayotgan profilaktika tufayli, ayniqsa, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida infeksiyaning tarqalishi sezilarli darajada kamaygan.