Tojikiston prezidenti BMTni yaqinlashayotgan xavfdan ogohlantirdi
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon XXI asrning oxiriga kelib, dunyodagi muzliklar soni uchdan birga qisqarishi mumkinligini aytdi. Siyosatchi BMTning “2025-yilga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi: Muzliklarni saqlash xalqaro yili” mavzusidagi tadbirida bu haqda gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur jarayon, ayniqsa, Tojikistonda yaqqol sezilmoqda.
“Birgina so‘nggi 50 yil ichida Tojikistonda mingdan ortiq muzliklar to‘liq erib ketgan, mamlakat muzliklarining umumiy hajmi qariyb uchdan bir qismga qisqargan”, — deydi Emomali Rahmon.
Siyosatchi shu davrda dunyoda aholi jon boshiga toza suv ko‘rsatkichi 2,5 barobarga, Markaziy Osiyo mintaqasida esa 4 barobarga kamayganini ta’kidladi.
“Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, so‘nggi uch yil dunyodagi meteorologik kuzatuvlarning butun davri uchun eng issiq yil bo‘ldi. Aholi sonining o‘sishi va iqtisodiy taraqqiyot tufayli suvga bo‘lgan talabning oshganini hisobga olsak, bu jarayonning davom etishi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, — dedi u.
Bundan tashqari, Tojikiston prezidenti Arktika va Antarktika muzliklarining erishi dengiz sathining ko‘tarilishiga sabab bo‘lib, dunyoning yuz millionlab aholisi, ayniqsa, kichik orol davlatlarining hayoti va farovonligiga tahdid solayotganini aytdi.
“Bularning barchasi jiddiy tashvish tug‘diradi”, — deydi Rahmon.
Shu munosabat bilan u o‘rtacha havo haroratini pasaytirishga qaratilgan izchil va kelishilgan sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chaqirdi. Emomali Rahmon 2025-yil Tojikiston muzliklarni saqlash bo‘yicha xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilishini qayd etdi.