Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Demensiya xalq orasida “yashirin kasallik” deb ham ataladi: u bir necha yil davomida sezilmaydigan darajada rivojlanishi mumkin. Ko‘pincha bu kasallikning kechishini sekinlashtirish deyarli imkonsiz bo‘lganida aniqlanadi. So‘nggi paytlarda demensiya bilan bog‘liq mavzu ko‘tarilganda tez-tez tilga olinadigan aktyor Bryus Uillisga birinchi marta nutq buzilishi tashxisi qo‘yilgan. Mutaxassislardan o‘zingizni demensiyadan himoya qilish mumkinmi va keksalikda aqlning ravshanligini qanday saqlash kerakligini bilib olgan foydadan holi bo‘lmaydi.

Demensiya nima?

60 yoshdan oshgan odamlarda xotira, diqqat va nutqning biroz darajada buzilishi keng tarqalgan. Bu yoshga bog‘liq tabiiy o‘zgarishlarga monand, odatda, oddiy turmush tarziga ulkan to‘siq bo‘lmaydi. Ammo ba’zi hollarda bu buzilishlar demensiyaga aylanadi. Kasallikning nomi lotincha de (“dan”) va mens (“aql”, “idrok”) degan ma’noni anglatib, so‘zma-so‘z “o‘z ongidan ajralish holati” sifatida tarjima qilinishi mumkin.

“Demensiya bilan kognitiv faollik pasayadi, bilim va ko‘nikmalarning bir qismi yo‘qoladi”, deydi nevrolog Igor Matsokin. “Bu mustaqil kasallik emas, balki Altsgeymer, Parkinson, Binsvanger kasallari va boshqa kasallik alomatlari majmuasidir. Bundan tashqari, demensiya organizmning boshqa patologiyalarining natijasi bo‘lishi mumkin, bu esa asab tizimiga ikkinchi darajali ta’sir qiladi”.

“Surunkali demensiya bilan og‘rigan keksa bemorlarning aksariyati (taxminan 60-80 foizi) Altsgeymer kasalligiga chalingan. Bu bemorlarning ko‘pchiligi gipertoniya, qandli diabet, ateroskleroz fonida miyaning qon tomir kasalliklaridan aziyat chekadi”, deb qo'shimcha qiladi nevrolog, parkinsonolog Natalya Orishich. “Shuning uchun, klinik amaliyotda demensiyaning aralash shakli eng keng tarqalgan”.

Miya faoliyatidagi qaytarilmas buzilishlar inson hayotini va uning shaxsiyatini butunlay o‘zgartiradi. U yangi ma’lumotni eslay olmaydi, eski bilimlaridan mahrum bo‘ladi va mantiqiy fikrlash qobiliyatini yo‘qotadi, yaqinlarini tanimaydi yoki chalkashtiradi. Masalan, u o‘z bolalarini uzoq yillar oldin vafot etgan ota-onasi sifatida qabul qiladi. Bunday bemorlarga odatda kecha-yu kunduz parvarish talab qilinadi.

Dunyoda har yili demensiyaning 10 millionga yaqin yangi holatlari qayd etiladi. Ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni 2030-yilda 82 million, 2050-yilda esa 152 million bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Kimlar demensiya xavfi ostida?

Foto: “Pravila mag”

 

Ko‘proq ayollar demensiyaga moyil bo‘ladi, degan fikr keng tarqalgan. Darhaqiqat, qator tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, erkaklarga qaraganda, ayollar demensiya uchun genetik va ekologik xavf omillariga nisbatan ko‘proq zaifroqdir. Nega bunday? Olimlar hali aniq tushuntirib berganicha yo‘q.

O‘zingizni demensiyadan himoya qila olasizmi?

Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, uyqu va o‘rtacha lekin muntazam bajariladigan aerobika mashqlari birinchi navbatda demensiyaning oldini olish uchun muhimdir. Va buning mantiqiy izohi bor.

“Demensiya rivojlanishining asosiy nazariyalaridan biri — miyaning kulrang hujayralarida ortiqcha to‘plangan beta-amiloid oqsilining ta’siriga asoslangan”, deya tushuntiradi Igor Matsokin. — Shu sababli kulrang hujayralarning ommaviy nobud bo‘lishi kuzatiladi. Soni kamayib, ular orasidagi o‘zaro ta’sir buziladi. Bu odamning kognitiv qobiliyatini, shu jumladan, xotirani buzadi. Beta-amiloid — hujayra metabolizmining mahsuloti — u kun davomida to‘planadi. Va uyqu paytida, asosan, tez uyqu fazasida hujayralardan chiqarib yuboriladi. Shuningdek, muntazam jismoniy faoliyat ham ushbu birikmadan xalos bo‘lishga yordam beradi. Misol uchun, fincha yurish (maxsus ishlab chiqilgan tayoqlar yordamida yurish usuli), suzish, velosipedda yurish, hatto, kamida 3 km masofada uzluksiz yurish va hokazo.

Albatta, bularning barchasi “panatseya” emas, chunki demensiya miyaning travmatik shikastlanishi, yurak-qon tomir va genetik kasalliklar natijasida, irsiyat va boshqa ko‘plab sabablarga ko‘ra rivojlanishi mumkin, ammo zararli odatlardan voz kechish, sog‘lom uyqu va yetarli harakatchanlik kasallik rivojlanish xavfini pasaytiradi.

Bundan tashqari, ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ta’limning past darajasi (o‘rta ta’limning yetishmasligi) demensiya xavfini 1,5-2 baravarga oshiradi. Olimlar buni kognitiv zaxiraning shakllanishi erta yoshda — ta’lim va boshqa aqliy faoliyat turlari orqali boshlanishi bilan bog‘laydilar. Shuning uchun demensiyaning oldini olish uchun doimo yangi bilimlarni o‘rganish va miyani mashq qilish tavsiya etiladi.

Demensiyaning 12 ta xavf omillari

Umumlashtirilgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, demensiyaning barcha holatlarining taxminan 40 foizi o‘n ikkita potensial o‘zgartirilishi mumkin bo‘lgan xavf omillari bilan bog‘liq. Ko‘pgina xavf omillari hayotning muayyan bosqichlarida yuzaga keladi, ammo ba’zilari, masalan, chekish va spirtli ichimliklarni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish har qanday yoshga ta’sir qilishi mumkin.

Demensiyaning asosiy xavf omillariga quyidagilar kiradi:

  • Yoshlik davrida — 15 yoshgacha bo‘lgan ta’lim darajasi;
  • O‘rta yoshda — gipertoniya, semizlik, eshitish qobiliyatini yo‘qotish;
  • Keksalikda — depressiya, diabet, jismoniy harakatsizlik;
  • Har qanday yoshda — buzilgan ekologiya, miya shikastlanishi, chekish, spirtli ichimliklar, ijtimoiy aloqalarning past darajasi.

Demensiyaning dastlabki bosqichlarida qanday aniqlash mumkin?

Material avvalida ta’kidlaganidek, demensiya ko‘pincha deyarli yashirin tarzda rivojlanadi. “Bemor mashina haydashni yoki moliyani boshqarishni to‘xtatgandan so‘ng kasallik odatda bir necha yil ichida rivojlanadi”, deydi Natalya Orishich. “Shuning bois keksa yoshdagi qarindoshlarning notanish marshrutlarda sayohat qilishda va yangi gadjetlarni o‘zlashtirishda duch keladigan qiyinchiliklariga e’tibor qaratish juda muhim. Shuningdek, u muloqot va qiziqishlar doirasining qisqarishi, apatiya, nutqni soddalashtirish, so‘zlarni tanlashda qiyinchiliklar haqida ogohlantirishi mumkin.

“Demensiyaning dastlabki belgilari, ayniqsa, qariyalarda, depressiya va apatiyani o‘z ichiga oladi va bu ko‘rinishlar kasallikning barcha bosqichlarida saqlanib qoladi”, deydi Igor Matsokin. “Ko‘pincha bu alomatlar uning ahvolini tanqid qilishni kamaytirgan odamning o‘zi yoki qarindoshlari tomonidan xavfli deb hisoblanmaydi, chunki bu yoshga bog‘liq shaxsiy xususiyatlar va oddiy kayfiyat o‘zgarishi sifatida qabul qilinadi”.

Bu holda kasallikni erta bosqichda aniqlash juda muhimdir. Demensiya butunlay davolanmasa-da, bugungi kunda tibbiyot uning rivojlanishini sezilarli darajada sekinlashtiradi va bu sizga eng og‘ir alomatlar paydo bo‘lishidan 8-10 yil oldin g‘alaba qozonish imkonini beradi.

“Bugungi kunda kasallikning rivojlanishini to‘xtatish uchun nafaqat dori vositalari, balki kognitiv simulyatsiya deb ataladigan dori-darmonlardan tashqari bir qancha usullar ham qo‘llaniladi”, deb tushuntiradi Natalya Orishich. “Bular xotira va e’tiborni, apparat texnikasini, hatto, virtual haqiqatni o‘rgatadigan maxsus dasturlardir. Bu usullarning barchasi neyrodegenerativ jarayon sharoitida miyaning o‘z resurslarini saqlab qolish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi”.

Demensiyani aniqlaydigan testlar haqiqatdan ham ishlaydimi?

Shubhasiz, Internetda “rasmda mushukni topadiganlar demensiya xavfi ostida emas” turkumidagi testlarni ko‘rgansiz. Ularga ishonsa bo‘ladimi?

Bunday suratlar neyropsixologik testlardan biri — “shovqinli tasvirlarning” murakkab versiyasidir, — deydi Natalya Orishich. — Ammo bitta test to‘liq tibbiy ko‘rik o‘rnini bosa olmaydi. Prinsipial jihatdan barcha odamlarning qobiliyatlari bir-biridan farq qiladi. Biroq bu ko‘rinishdagi har qanday onlayn testlar hanuz foydalidir — ular odamlarning e’tiborini demensiya muammosiga va kognitiv simulyatsiyaning mumkin bo‘lgan usullariga qaratadi.

Mavzuga doir:

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »