Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Bugun sosiska, kolbasa, dudlangan go‘sht va muzlatilgan yarim tayyor taomlar nimasi bilan organizmga ziyon keltirishi mumkinligi va nima uchun ellik yoshdan so‘ng (hatto undan oldin ham!) ulardan voz kechishingiz kerakligini muhokama qilamiz.

Qayta ishlangan go‘sht nima?

Yog‘siz go‘sht, shubhasiz, foydali. Kurka va tovuq go‘shti — yuqori proteinli mazali va sog‘lom taomlarni tayyorlash uchun ajoyib imkoniyat. Ammo agar go‘sht terisi bilan sanoat go‘sht maydalagichda bir necha marta o‘tkazilgan, qattiq tuzlangan, ziravorlar bilan xushbo‘ylangan holda qadoqlangan bo‘lsa, bunday mahsulotlardan deyarli hech qanday foyda yo‘q, aksincha, sog‘liqqa zarar yetkazadi.

Gap qaysi mahsulotlar haqida ketmoqda?

Mana bir nechta misollar:

  • Sosiska;
  • Kolbasa;
  • Dudlangan go‘sht;
  • Konservalangan go‘sht.

Nima uchun bunday mahsulotlar zararli?

Statistikaga ko‘ra, ratsionida qayta ishlangan oziq-ovqatlar ko‘p bo‘lgan odamlar sog‘lom turmush tarzini olib borish ehtimoli kamroq. Ular yangi meva va sabzavotlarni kamroq iste’mol qiladi.

Muayyan mahsulotlarning zarari va foydalari haqida tadqiqot olib boradigan olimlar aniqroq natijalarga erishish uchun ushbu omillarni hisobga olishga harakat qiladilar. Bir qator tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, qayta ishlangan go‘sht mahsulotlarini tez-tez ishlatish surunkali kasalliklarning rivojlanish xavfini oshiradi.

Bularga quyidagilar kiradi:

  • Yuqori qon bosimi;
  • Yurak-qon tomir kasalliklari;
  • Surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi (KOAH)
  • Ichak va oshqozon saratoni.

Nitratlarning nima ahamiyati bor?

Nitratlar o‘z-o‘zidan xavfli emas. Ammo ularning ba’zilari oziq-ovqatda (yoki organizmda) nitritlarga, boshqalari esa kanserogen nitrozo birikmalariga aylanishi mumkin.

Go‘shtning qizil rangini saqlab qolish, ta’mi o‘zgarishiga qarshi kurashish va saqlash vaqtida buzilishning oldini olish uchun go‘sht mahsulotlariga oz miqdorda nitritlar qo‘shiladi.

Umuman olganda, bu o‘rinda hech qanday qo‘rqinchli narsa yo‘q — kolbasadagi bir chimdim nitrit ovqatdan zaharlanishdan ko‘ra yaxshiroqdir.

Nitrozo birikmalariga aylantirilgan nitrit kanserogen ta’sirga ega bo‘lishi mumkin.

Nitrozaminlarning mumkin bo‘lgan manbalari:

 

  • Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari;
  • Talabga javob bermaydigan ichimlik suvi;
  • Tamaki tutuni;
  • Tuzlangan sabzavotlar.

Oziq-ovqat mahsulotlarida nitrozaminlar, asosan, qayta ishlangan go‘sht mahsulotlariga yuqori harorat bilan (130 gradusdan yuqori) ta’sir qilganda, masalan, kolbasa qovurilganda hosil bo‘ladi.

Nima uchun dudlangan go‘sht zararli?

Go‘shtni dudlab pishirish — uni uzoqroq saqlashning eng qadimgi usullaridan biri, shuning uchun ko‘pchiligimiz go‘shtdagi bu hid va ta’mni yaxshi ko‘rishimiz ajablanarli emas.

Biroq dudlash jarayoni polisiklik aromatik uglevodorodlar (PAH) kabi potensial zararli moddalarni ishlab chiqaradi. Bunday moddalar organik xomashyo — ko‘mir, yog‘och, tamaki, oziq-ovqat va boshqalarni yoqish paytida hosil bo‘ladigan birikmalardir. Zararli moddalar tutun bilan dudlangan mahsulotlar yuzasiga, shuningdek, ochiq olovda, panjara yoki pechda pishirilgan go‘shtga tushadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, polisiklik aromatik uglevodorodlarning bir qismi ham sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin, shu jumladan, saraton xavfini oshiradi.

Shuningdek, go‘sht yoki baliqni yuqori haroratda pishirish geterosiklik aminlarning (HA) hosil bo‘lishiga olib keladi. Bunday usulda tayyorlangan taomni tanovul qilish yo‘g‘on ichak, ko‘krak saratoni xavfini oshirishi mumkin. Shu bois go‘shtni past haroratda yoki bug‘da pishirishni afzal ko‘rish, kuyib pishgan go‘shtdan voz kechish lozim.

Tuzning xavfi qay darajada?

Deyarli barcha go‘sht delikateslari tuzga to‘yintiriladi — bu nafaqat ularni mazali qiladi, balki konservant sifatida ham ishlaydi.

Tuz bilan bog‘liq muammo — bir nechta tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, natriyga boy parhez oshqozon saratoni xavfini oshiradi. Olimlar tuz Helicobacter pylori bakteriyalarining ko‘payishini kuchaytirishi mumkinligini aniqladi. U oshqozon yarasini keltirib chiqaradi, bu saraton uchun xavf omilidir.

Qayta ishlangan oziq-ovqatlardagi yog‘lar nima uchun zararli?

Delikates go‘shtlari odatda juda yog‘li (bu ularni mazali qiladi) bo‘ladi, ammo bu yog‘larning deyarli barchasi to‘yingan bo‘lib, semirish va yurak kasalliklariga olib keladi. Turli to‘yingan yog‘ manbalari kolbasa va boshqa mahsulotlarga hajmni oshirish va xarajatlarni kamaytirish uchun qo‘shiladi.

Muzlatilgan oziq-ovqatlar haqida nima deyish mumkin?

Muzlatilgan chuchvara — agar ular odatiy ingrediyentlar bilan tayyorlangan va ortiqcha narsalar qo‘shilmagan bo‘lsa, ajoyib taomdir. Afsuski, do‘kondan muzlatilgan bunday yarim tayyor ovqatlarni xarid qilganingizda, ular tarkibida ko‘p miqdorda tuz, to‘yingan yog‘, ortiqcha shakar va kraxmal yo‘qligiga ishonch hosil qila olmaysiz.

Bu holda vaqtni tejash salomatlikka tobora ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Shu bois mazali sog‘lom taomlarni o‘zingiz tayyorlashga vaqt ajrating va uni muzlatib qo‘ying.

Uzoq yillar davomida sog‘lom bo‘lish uchun sabzavot, meva, don, yog‘siz go‘sht va yog‘li baliqlardan iborat parhezga rioya qilish kerak. Albatta, hayotning ritmi har doim ham har kuni ovqat pishirishga imkon bermaydi. Bu vaqtda konserva va muzlatilgan ovqatlar yordamga keladi. Lekin aql bilan tanlang — “tushonka” o‘rniga konservalangan baliq, chuchvara o‘rniga muzlatilgan mevalar va kamroq tuz bilan qadoqlangan sabzavotlar (masalan, loviya) va hokazo.

Mavzuga doir:

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »