Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev 12-aprel kuni 76 bahorni qarshiladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, xonandaning tug‘ilgan sanasi ma’lum emas. U o‘smirlik chog‘ida 12-aprel kuni velopoygada g‘olib bo‘lgani uchun bu kunni tug‘ilgan kuni sifatida nishonlaydi. Xullas, mashhur ijodkorning hayoti bilan bog‘liq qiziqarli voqealar bisyor. 

“Nega mening ismim Alisher emas?”

Iste’dodli ijodkor Sherali Jo‘rayev 1947-yil Andijon viloyatida dunyoga kelgan. U ham barcha qishloq bolalari singari maktab yoshidan boshlab chorva mollarini boqishga jalb etilgan. Ammo u boshqa tengdoshlaridan farqli ravishda adabiyotga, xususan, Alisher Navoiy she’riyatiga mehr qo‘yadi. Ijodkorga bo‘lgan mehri kuchli bo‘lgani uchun ham “Nega meni ismimni Alisher deb qo‘ymagansizlar?” degan savolni ko‘p bergani haqida intervyularida aytib o‘tgan. 

Foto: Instagram

“Maktabda o‘qib yurgan yillarimda otam menga ko‘k rangli qattiq muqovali “Xamsa” sovg‘a qildilar, — eslaydi Sherali Jo‘rayev. Kitobning bir betida doston matni, narigi betida baytlarning nasriy bayoni berilgandi. Otam oshnalari bilan osh yeb bo‘lgach, meni chaqirib, “Xamsa” o‘qitardi.

So‘zlarni dona-dona qilib, radiodagi suxandon akalarimizga o‘xshatib o‘qiganim otamga yoqardi, shekilli, har zamonda “Shu o‘g‘lim, Xudo xohlasa olim bo‘ladi”, deb qo‘yardi. Olim bo‘lish-ku, nasib etmadi, ammo hazrat Navoiyga muhabbat bir umrlik hamrohimga aylanib qoldi”, — deydi xonanda. 

“Aslida sportchi bo‘lmoqchi edim”

Xonandani ko‘pchilik bolaligidan san’atga qiziqqan va musiqa maktablarida tahsil olgan deb biladi. Ammo u shunchaki tasodif va taqdirning inoyati bilan san’atkor bo‘lgan. Boisi u bolalikdan boksga qiziqqan va 63 kg vaznli  sportchi hisoblangan. U ota-onasining oq fotihasini olib, Toshkentdagi jismoniy tarbiya institutiga hujjat topshirgani keladi. Ammo “yo‘ldan adashish” uning qarorini o‘zgartiradi.

Foto: Instagram

— San’atkor bo‘lish xayolimga ham kelmagan. Barcha abituriyentlar kabi ijara uyga joylashganmiz. Ulardan Jismoniy tarbiya institutining qayerda joylashganini so‘rasam, Chorsudagi “Jangoh” mahallasi yaqinida joylashgan “Spartak” stadionidan so‘rashimni aytishdi.

Toshkentni bilmayman, avtobusga o‘tirib, “Jangoh” mahallasiga keldim. Ammo xuddi meni kimdir Hasti Imom tomonga yetaklagandek bo‘ldi. Menimcha, taqdiri azalda bitilgani shu bo‘lsa kerak. Yo‘lda ketayotsam dutor va doiraning rasmi tushirilgan binoga ko‘zim tushdi. Ikkinchi qavatida bir yigit pionino chalib o‘tirgan ekan. U bilan tanishib, “Ovozing zo‘r ekan”, deganidan keyin Madaniy oqartuv texnikumiga o‘qishga kirganman, — deydi Sherali Jo‘rayev.

“Otam san’atkor bo‘lishimga qarshi bo‘lgan”

Andijondagi ota-ona farzandining bu texnikumga kirganidan bexabar edi. Hali qaysi soha vakili bo‘lishini to‘liq anglab yetmagan, ammo shirali ovozi bilan barcha ustozlarning mehrini qozongan Sherali Jo‘rayevga filormoniyada o‘qishni taklif qilishadi. Madaniy oqartuv texnikumini bilgan bo‘lajak ijodkor o‘sha kuniyoq xonanda bo‘lishga jiddiy ahd qilib, o‘qishni filarmoniyada davom ettiradi. 

Foto: Instagram

— Padari buzrukvorim Nurmuhammad ota san’atga, bobolarimiz merosiga ishtiyoqmand inson edilar. Hazrat Navoiyning kitoblarini o‘qib, bizga mag‘zini chaqib berardilar. Dalada qo‘y boqqani chiqqanimizda otam otga minib olar, men orqalaridan mingashib borardim. Shunda “Qaro ko‘zum”ni xirgoyi qilganlarida beixtiyor ko‘zlarimga yosh kelardi. Men ham ana shunday chiroyli qo‘shiq ayta olarmikinman, deb o‘ylardim. Ammo otam rahmatli qo‘shiqchi bo‘lishimga boshida qattiq qarshilik qilganlar, — deydi ijodkor.

“Bitta nonni to‘rt bo‘lakka bo‘lib yeganman”

Sherali Jo‘rayev uchun Toshkentda o‘z o‘rnini topish oson kechmagan. U ham barcha talabalar singari ijara uy va yolg‘onchi tanishlar muammosiga uchragan.

Foto: Instagram / @sheralijuraevofficial


— San’at orqali pul topish mumkinligini bilmagan ekanman. O‘qishga 100 so‘m pul bilan kelgandim, qoraqalpoq tanishim iltimos qilib, 60 so‘mini qarzga olib, keyin ko‘rinmay ketdi. O‘qiyman, ijara uyda yashayman. Shunday qiyin kunlarda bitta nonni olib, to‘rt bo‘lakka bo‘lardim va har kuni uning birini yeb qorin to‘ydirardim. Toshkentga kelganimda 63 kg edim, olti oyda 45 kg ga oriqlab qolgandim. Andijonga borsam uydagilar ko‘rib qo‘rqib ketishgandi. Uch-to‘rt kun issiq ovqatlar yeganimdan keyin yuzimga rang kirgandi, — deydi Sherali Jo‘rayev.

“Majnunga o‘xshar ekansiz”

Sherali Jo‘rayev asli mutaxassisligi bo‘yicha aktyor. Uni uzun sochlari va ozg‘in qomati uchun san’at institutiga qabul qilishgan ekan. 

Foto: Instagram

 

— 1966-yilgi zilziladan keyin uydagilar bir muddat Andijonda qolishimni so‘rashgan. Bir kuni zerikib shaharga bordim. Asakada yozgi teatr bor edi. Qiziqib o‘sha yerga kirsam Toshkentdagi san’at institutidan ustozlar borib, qiziquvchilarni kastingdan o‘tkazishayotgan ekan. Ularning taklifi bilan men ham ishtirok etganman. Keyin bilsam ularga yelkamga tushgan jingalak sochlarim va ozg‘in qomatim ma’qul bo‘lgan ekan. Ya’ni ular mening ko‘rinishimni Majnunga o‘xshatishgan ekan. Mana shu voqea sabab bo‘lib, hech qanday imtihonlarsiz talaba bo‘lganman. O‘ylab qarasam, hammasi ilohiy ne’mat bo‘lgan. Aynan o‘sha kuni shaharga tushishim, yozgi teatrga kirishim ham shunchaki tasodif, — deydi Sherali Jo‘rayev. 
Sherali Jo‘rayev Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan O‘zbek Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan “Yulduzli tunlar” spektaklida rol ijro etgan va “Andijonim qoldi” qo‘shig‘ini kuylagan. 

“Puldan yetishmovchilik ko‘p bo‘lardi”

Sherali Jo‘rayev O‘zbekistondagi eng mashhur ijodkor, uning bugungi moddiy ahvoli ham havas qilgudek. Ammo ijodkor uzoq yillar moddiy jihatdan qiynalgani, o‘zi emas atrofdagilar hamkasblari sabab to‘ylarga chiqishni boshlagani haqida ham so‘zlab bergan.

Foto: Instagram

— Haqiqatan ham pulga qiziqmaydigan inson edim. Oila qurib, farzandli bo‘lganimda ham puldan yetishmovchilik bo‘lardi. Shohjahon tug‘ilganidan keyingina uy olishga harakatni boshlaganmiz. Ungacha topgan pulimni kim so‘rasa beraverardim. Atrofimda bir nechta sozandalar bor edi. Ular menga qarab turishardi. Shu bois, sekin-asta to‘ylarga taklif qilishsa borishni o‘rganganmiz, — deydi Sherali Jo‘rayev.

15 yillik sirli “zapret”

Foto: Instagram / @sheralijuraevofficial

Sherali Jo‘rayev ijodini ta’riflashning hojati yo‘q. Chunki u bir san’atkor erishishi mumkin bo‘lgan barcha muvaffaqiyatlarga erishgan. Ammo qandaydir sabablarga ko‘ra 2002-yildan u ommaga ko‘rinmay qoldi. Buni ayrimlar “zarpet”lar bilan bog‘lashdi. Ammo xonandaning ko‘rinmay qolganini sabablari haqida ochiq ma’lumot bermaydi. 2017-yili yana ommaga ko‘rinish berdi va o‘sha yildan buyon katta saroyda konsert dasturini berib keladi. 

Birinchi prezident bilan Hajga borgan

Xalq orasida hofiz O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti bilan Ka’batullohning ichiga kirgani haqidagi gaplar tarqalgandi. Sherali Jo‘rayev bu gaplarga ham oydinlik kiritib o‘tgan.

Foto: Instagram / @sheralijuraevofficial

— Marhum yurtboshimiz bilan Makkada, muborak Ka’batullohning ichiga kirganimiz aslo esimdan chiqmaydi. Birinchi Prezidentimiz butun hayotini shu xalq, vatan uchun baxshida qildi. U kishining juda ko‘p xislatlari, fazilatlariga guvoh bo‘lganman. Insonning qandayligini bir qarashda bilardilar. Hamisha uzoqni ko‘zlab, aql-zakovat bilan ish tutdilar. Joylari jannatda bo‘lsin, — deydi hofiz jurnalist Rustam Jabborovga bergan intervyusida.

Kenja Jo‘rayevlarning qaysi biri iste’dodli?

Sherali Jo‘rayevning ikki o‘g‘il farzandi qo‘shiq ixlosmandlariga yaxshi tanish. Xo‘sh, ijodkor nafaqat ota, balki san’atkor sifatida ularning qaysi birini iste’dodli deb hisoblaydi. 

Foto: Instagram

— O‘zimga xos jihatlarni goh Shohjahonda, goh Zohirshohda ko‘raveraman. Birini-ikkinchisidan ustun qo‘yolmayman. Har ikkisi o‘z ovozi, o‘z yo‘lini topib boryapti, — degan edi hofiz intervyusida. 



Afsuski, o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayev bir nechta intervyusida otasi bilan munosabatlari boshqalar sabab darz ketgani va uni otasi bilan uchrashishga yo‘l qo‘yishmayotgani haqida gapirgandi.

Undan avvalroq esa Sherali Jo‘rayevning salomatligi avvalgidek emasligi va jarrohlik amaliyotidan so‘ng vazn yo‘qotgani haqida ham xabarlar tarqaldi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »